Линклар

logo-print
Bu yil O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta‘lim maktablarini yakunlayotgan o‘quvchilarga xonadonlar, restoran yoki ko‘ngilochar bog‘larda "Bitiruv kechasi"ni o‘tkazish yana taqiqlandi. Toshkent shahri va viloyatlardagi xalq ta‘limi bo‘limlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, maktab yakunini nishonlashni istagan o‘quvchilar ziyofatu qutlovlarni maktabda, o‘qituvchilar nazorati ostida, kunduz kuni o‘tkazishi mumkin.

25 may kuni respublika bo‘ylab umumiy o‘rta ta‘lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinadi va o‘quv yili rasman yakunlanadi.

Toshkent shahrining bir necha tumani va Jizzax, Samarqand, Farg‘ona viloyatlaridagi xalq ta‘limi boshqarmalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu o‘quv yili yakunida ham maktabni tamomlayotgan o‘quvchilarga "Bitiruv kechasi"ni o‘tkazish taqiqlanganicha qolmoqda.

Toshkent shahri Sergeli tumani Xalq ta‘limi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi o‘tgan o‘quv yili yakunida joriy etilgan taqiq hanuz amalda ekanini aytdi.

- Hech qanday "Bitiruv kechasi", restoranda ziyofat, degan narsalar yo‘q. Yo‘q qilingan hammasi. Faqat maktabda, so‘nggi qo‘ng‘iroq chalingan kuni o‘qituvchilar nazorati ostida kunduz kuni o‘kazishligi mumkin. Muzika, raqs - hammasini maktabda o‘qituvchilar nazorati ostida qilishlari mumkin. Maktabdan tashqarida birorta tadbirga ruxsat yo‘q, - dedi Xalq ta‘limi bo‘limi mas‘uli Ozodlik bilan suhbatda.

Bu rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, bitiruvchilarning oqshomlari shahardagi ko‘ngilochar bog‘larda yig‘ilib, yil yakunini o‘zaro nishonlashiga ham ruxsat yo‘q va shunday harakat bo‘lgani holda "buning uchun sinf rahbari hamda ota-onalar javobgar bo‘ladi". Rasmiy javobgarlik qay ko‘rinishda bo‘lishiga oydinlik kiritmadi.

Samarqand viloyatidagi Xalq ta‘limi bo‘limlaridan birining ismini aytmaslikni istagan metodisti maktabdan tashqarida bo‘ladigan "Bitiruv kechasi"ni taqiqlash haqida vazirlik ko‘rsatmasi o‘tgan yili tarqatilganini aytdi.
Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.

Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.

- O‘sha gap - o‘sha gap, hech narsa o‘zgargani yo‘q. Endi bo‘ladi ba‘zi maktablarning bitiruvchi sinflari birlashib, kunduzi restoranda "Bitiruv kechasi" qilishgan. O‘qituvchilari, ota-onasi ham ishtirok etgani uchun biz ham indamadik. Lekin kechasida uni uyida-buni uyida "Bitiruv kecha" degan gaplar to‘taxtilgan, - dedi samarqandlik metodist.

Xalq ta‘limi vazirligining 2013 yilning 18 mayida respublikadagi xalq ta‘limi bo‘limlari va umumiy ta‘lim maktablariga yo‘llagan tavsiyasi nusxasi Ozodlikka ham kelib tushgan edi.

Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.

Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.

Bu tavsiyada, jumladan, shunday deyilgan:

"Ta‘kidlash joizki, ta‘lim muassasalarida ushbu marosimlar uchun bitiruvchilardan ma‘lum miqdorda mablag‘ yig‘ish, maktab rahbarlari va o‘qituvchilarni turli qimmatbaho sovg‘alar bilan siylash hamda tantanalarni o‘quvchi yoki o‘qituvchilarning xonadonlarida, restoran yoki qahvaxonalarda katta mablag‘ talab etadigan tarzda o‘tkazish qat‘iyan man etiladi".

Vazirlik tavsiyanomasida asosiy e‘tibor "Bitiruv kechalari" uchun yig‘iladigan mablag‘ning katta bo‘lib ketishi oldini olishga qaratilgan.

Ammo, o‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, taqiqning asosiy sababi keyingi yillarda 15-16 yoshli maktab bitiruvchilarning oqshomga belgilangan va odatan, ota-ona hamda o‘qituvchilar nazoratidan chetda o‘tadigan tadbirlarida noxush voqealarning ko‘p ro‘y berayotganidir.

- 15-16 yosh bo‘ladida bitiruvchilar. Yosh bola hammasi. Hozir texnika rivojlangan... 15 yoshda ota bo‘lib qolayotganlari bor. 15 yoshida ona bo‘lib qolayotganlari bor. Ichib-chekib, yo‘ldan chiqib ketayotganlari bor. Janjallashib, bir-birini pichoqlab qo‘yayotganlar bo‘layapti,- dedi Toshkent viloyatidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktablaridan birining o‘qituvchisi.

U o‘z rahbarligidagi sinfda 30 ga yaqin o‘quvchi borligi, ularning har biri uchun javobgar qilib qo‘yilgani, hatto, kichik muammo yuzaga chiqqudek bo‘lsa ham ishdan ketishidan xavotir qilishini aytadi.

Zero, vazirlik tavsiyasida jazo chorasiga ham aniq ishorat berilgan:

"Tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish ta‘lim muassasalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi."

- Shuning uchun maktab direktorilari kechalarni taqiqlash bilan muammodan qutulmoqchida. O‘ziyam tinch, o‘qituvchisiniyam ishdan haydab, hammaga yomon ko‘rinmaydi. Bolasiyam tinch bo‘ladi, - deydi toshkentlik o‘qituvchi.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, bu yil mamlakatdagi jami 9 ming 739 maktabning 9-sinfini 501 ming 564 o‘quvchi tamomlamoqda. (Bu o‘tgan yil bitirgan o‘quvchilar sonidan qariyb 2 yarim ming nafarga ozdir)

Bitiruvchilarning 450 mingdan ortig‘i kasb-hunar kollejlari, qariyb 47 mingdan ortig‘i akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish niyatini bildirgan.

2011-2012 o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchilarning mutlaqo hammasini o‘rta-maxsus va o‘rta-maxsus kas-hunar ta‘lim muassasalariga jalb qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori e‘lon qilingan edi.

Bundan tashqari, 2013 yilning yanvaridan boshlab, Respublika ichki ishlar vazirligi xodimlari ishtirokida kollej va litsey o‘quvchilarining darslarga qatnovi, o‘rta-maxsus ta‘lim muassasalarini bitirgan yoshlarning ish bilan ta‘minlanganini aniqlash, nazorat qilishga qaratilgan tadbirlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG