Линклар

logo-print
Toshkent rasmiylari bilan O‘shga gaz berish borasida deyarli qirq kundan beri olib borilayotgan muzokaralar natijasiz qolmoqda. Shu bois qirg‘iz parlamentining energetika qo‘mitasi hukumatga O‘zbekistonga suv berishni to‘xtatishni tavsiya qildi. 2000 yilda ham O‘zbekiston Qirg‘izistonga bir yarim oy davomida gaz bermay qo‘yganiga javob tariqasida Bishkek O‘zbekistonga suv berishni bir haftaga to‘xtatgan edi.

Qirg‘iziston parlamentining yonilg‘i - energetika kompleksi va tabiiy boyliklardan foydalanish bo‘yicha qo‘mitasi 21 may kuni Qirg‘iziston hukumatiga O‘zbekistonga suv berishni to‘xtatishni tavsiya qildi. Qo‘mita raisi Ko‘jo‘bek Rispayevning bildirishicha, bu deyarli qirq kundan beri O‘shga gaz berishni qayta tiklash urinishlari samarasiz yakunlanayotgani bilan bog‘liq.

-Hukumatga tavsiyani berdik. Hozir bu borada tegishli tizmlar ish olib borayapti. Hozir qanday qaror qabul qilsak to‘g‘riroq bo‘ladi, degan masala ko‘ndalang turibdi. Chunki O‘zbekistonni suv bilan ta‘minlash borasida davlatlararo shartnomalar bor. “Qirg‘iziston bu shartnomadan bir tomonlama ravishda chiqishi kerakmi yoki yo‘qmi?” degan savol ustida ishlayapmiz, -dedi Ko‘jo‘bek Rispayev.


O‘zbekiston tomoni 10 aprelda “Qirg‘izgaz” Rossiyaning “Gazprom”iga sotilganidan 4 kun o‘tib, ya‘ni 14 aprelda O‘shga gaz berishni to‘xtatgan edi. 16 aprelda esa Toshkentda mintaqa mamlakatlari suv xo‘jaliklari muvofiqlashtiruvchi kengashida Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston va Qozog‘istonni joriy sug‘orish mavsumida uzluksiz suv bilan ta‘minlash majburiyatini olgan.

Qirg‘iziston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Bazarbay Mambetov Bishkek O‘zbekistonga ta‘sir ko‘rsatish maqsadida o‘z zimmasiga olgan majburiyatdan vaqtinchalik voz kechishi kerak, degan fikrda:

-Hech qanday ilojisi qolmaganidan so‘ng, biz eng oxirgi vositani qo‘llashimiz kerak. Hozir Norin basseynida suv oz. Shuning uchun “suv o‘zimizga ham yetishmayapti”, degan bahona bilan berilayotgan suv miqdorini ozaytirsak bo‘laveradi. 2000 yilda ham O‘zbekiston gaz berishni bir yarim oyga to‘xtatib qo‘yganida, Qirg‘iziston Uchqo‘rg‘on suv omboridan Namangan kanaliga beriladigan suvni bir haftaga to‘xtatib qo‘ygan edi. O‘shanda oradan ikki kun o‘tmay, O‘zbekiston delegatsiyasi Bishkekka kelgan va gaz ta‘minoti tiklangan edi, - deb eslaydi Bazarboy Mambetov.

Qirg‘iziston hukumati hozircha O‘zbekistonga nisbatan suv ta‘minotida qat‘iy choralar qo‘llashga shoshilmayotir. Biroq qirg‘iz parlamentining tavsiyasi hamda Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning 21 may kuni Xitoyga safari doirasida “ishonchisiz gaz ta‘minotchisidan voz kechganimiz to‘g‘ri bo‘lganiga ko‘p marotaba amin bo‘lmoqdamiz”, deb bergan bayonoti bunday qat‘iy choralar qo‘llanishi mumkinligiga bir ishorat bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston hukumati “Qirg‘izgaz”ni “Gazprom”ga sotish ortidan gaz ta‘minoti bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikdan voz kechib, mamlakatni gaz bilan ta‘minlash huquqini Rossiyaga bergan edi. “Gazprom” O‘zbekistondan sotib oladigan gazining bir qismini berish orqali Qirg‘izistonni uzluksiz gaz bilan ta‘minlash majburiyatini olgan. Biroq “Qirg‘izgaz”ni Rossiyaga sotish jarayonida O‘zbekiston omilining hisobga olinmagani, Toshkent bilan gaz shartnomasi buzilmasligi borasida muzokaralar o‘tkazilmagani sababli 14 apreldan buyon O‘sh shahri gazsiz qolmoqda.

21 may kuni O‘sh shahridagi mavzelardan birining aholisidan 100 ga yaqin kishi tabiiy gaz yo‘qligi va elektr energiyasi taqchilligidan norozilik bildirib O‘sh – Aravon yo‘lini bir necha soatga to‘sib qo‘ygan edi.

Shu kuni mamlakat parlamenti deputatlariga hisobot bergan Qirg‘iziston Bosh vaziri Jo‘o‘mart O‘to‘rbayev O‘zbekiston Bosh vaziri va “O‘ztransgaz” qirg‘iz rasmiylari xatlariga ham, telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermayotgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG