Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:27

Ukrainadagi saylovlarda Poroshenko peshqadamlik qilmoqda


Petro Poroshenko
Petro Poroshenko

Ukraina prezidenti lavozimiga nomzod Petro Poroshenko saylov byulletenlarining uchdan biri qayta ishlab bo‘linganidan keyin mamlakatning 25 ta hududi, shu jumladan, Lugansk va Donetsk viloyatlarida oldinda bormoqda.


Ukraina Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, Poroshenko uchun saylovchilarning 54 foizdan ortiqrog‘i ovoz bergan.

Ikkinchi o‘rinda 13 ovoz jamg‘argan sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko bormoqda. Uchinchi o‘rinni esa 8,5 foiz ovoz bilan Radikal partiya lideri Oleg Lyashko egallab turibdi.

Saylovda g‘alaba qozonish uchun nomzod 50 foizdan ko‘proq ovoz olishi lozim.

Ukraina Markaziy saylov komissiyasi tarqatgan dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida saylovchilarning qariyb 61 foizi ishtirok etgan.

Kechagi saylovda lьvovliklar eng faol (77 foiz saylovchi), donetskliklar esa eng passiv (14 foiz saylovchi) bo‘lgan.

Mamlakat sharqidagi Donetsk va Lugansk viloyatlarida qurolli ayirmachilar to‘sqinligi tufayli saylov uchastkalarining ko‘pi ochilmagan.

Qrimda yashovchi tatarlar esa Xerson viloyatining Novoalekseyevka qishlog‘idagi saylov uchastkasida ovoz berganlar. Ozodlik muxbirining xabar qilishicha, ular prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun Rossiya va Ukraina chegaralaridan uyushgan holda o‘tganlar.

“Opora” fuqaroviy kuzatuvchilar tashkiloti butun mamlakat bo‘ylab ovoz berish jarayonida 397 ta qonunbuzarlik qayd etgan. Ularning aksariyati saylovoldi tashviqotiga oid tartib-qoidalarning buzilishi bilan bog‘liq.

Poroshenkoning asosiy raqibi Yuliya Timoshenko prezidentlik saylovlari halol o‘tganini tan olgan, biroq jurnalistlarning: “O‘z raqibingizni saylov natijalari rasman e‘lon qilingunicha g‘alaba bilan tabriklaysizmi?” degan savolini javobsiz qoldirgan.

Yakshanba kuni o‘z shtabida o‘tkazilgan brifingda chiqish qilgan Poroshenko prezident sifatida birinchi galdagi vazifasi Ukrainadagi urushni to‘xtatish va tinchlikni qaror toptirish ekanini aytdi hamda davlat rahbari o‘laroq birinchi safari Donbassga bo‘lishini qayd etdi.

Poroshenkoga ko‘ra, Ukraina hech qachon Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi va mamlakat sharqidagi referendumlar natijasini tan olmaydi. U ukrainaliklar Yevropa integratsiyasi yo‘lini tanlashlarini bildirdi. Shunindek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish hamda “yig‘ilib qolgan masalalar”ni hal qilishga kirishishga umid qilayotganini ham bildirdi.

Rossiya prezidenti juma kuni Sankt-Peterburg shahrida qilgan chiqishida Ukrainaning yangi ma‘muriyati bilan birgalikda ishlashga va‘da bergandi.

Ayni paytda, Oq uy matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, AQSh prezidenti Barak Obama Ukrainaning yangi prezidenti bilan hamkorlik qilishga umid bildirgan.
XS
SM
MD
LG