Линклар

O‘zbekistonning “Paxtakor” futbol jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarda hakamlarning qarorlari futbol ishqibozlari orasida bahsu-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik ishqibozlar hakamlarni ochiqdan-ochiq g‘irromlik bilan “Paxtakor” jamoasiga g‘alabani ta‘minlab berayotganlikda ayblamoqda. O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiylari ishqibozlarning e‘tirozlarini o‘rganib, hakamlar to‘g‘ri qaror bergan, degan xulosaga kelgan.

Samarqand shahridagi "Dinamo" stadionida o‘tgan oy "Dinamo" va "Paxtakor" futbol klublari o‘rtasidagi o‘yinning hakam qo‘shib bergan daqiqasida urilgan gol tufayli "Paxtakor" 2:1 hisobida g‘olib chiqqandi.

Hakamlarning qaroridan norozi ishqibozlar o‘shanda mehmon klub a‘zolariyu shahar militsiyasini toshbo‘ron qilgan.

Ayrim futbol ishqibozlariga ko‘ra, “Paxtakor” va “Navbahor” jamoalari o‘rtasida 20 may kungi uchrashuv ham hakamlarning g‘irromligi bois 2:1 hisobida Paxtakor g‘alabasi bilan yakun topgan.

Paxtakor futbolchilari bu safar ham g‘alaba to‘pini hakam belgilagan qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan kiritgan.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokir o‘zbek hakamlarini g‘irromlik bilan Paxtakorga g‘alabani ta‘minlab berayotganlikda ayblaydi.

- “Paxtakor” hukumatni jamoasi, degan gaplar yuribdi bizda. Hakamlar shu hukumatni jamoasiga yon bosib, g‘irromlik bilan g‘alabani ta‘minlab berayapti. Anov kuni, "Paxtakor" va "Navbahor" o‘yinida jarima maydonidan ikki metr narida navbahorchi o‘yinchi raqibini sal turtib yubordi hakam 11 metrlik jarima belgilayapti. Mutlaqo adolatsizlik bu. Bu futbol ishqibozlarining g‘ashini keltirayapti. Men buni “Navbahor” ishqibozi bo‘lganim uchun emas, o‘zbek futboli kelajagini o‘ylab aytayapman, - deydi Nosir Zokir.

Ayni paytda ishqibozlar orasida: “Yuqoridan buyruq bo‘libdi, o‘zbek futbolining yuz yilligi nishonlanadigan yili “Paxtakor” chempion bo‘lishi kerak ekan”- degan gap tarqalgan.

- Keyingi voqealar bu mish-mishlarda jon borligini tasdiqlamoqda, - deydi Nosir Zokir.

O‘zbekistonlik yana bir jurnalist Bobomurod Abdullayev, agar hakamlar “Paxtakor” jamoasini g‘alabasiga hissa qo‘shishda davom etaversa, ushbu jamoa o‘yinchilari va murabbiylari bilan bir qatorda hakamlarga ham medal tayinlash kerakligini aytadi:

- Chunki hozir hakamlar “Paxtakor”ning 12, 13 va 14 - o‘yinchilari bo‘lib xizmat qilishyapti. Avvalllari ham shunday bo‘lgan, bu yilgi chempionatda ham shuni ko‘rayapmiz. Agar shu davom etaveradigan bo‘lsa, “Paxtakor” o‘yinchilari va trenerlari bilan bir qatorda hakamlarga ham shu oltin medaldan berish kerak bo‘ladi, - deydi Bobomurod Abdullayev.

O‘zbekiston futboldagi g‘irromliklar haqidagi xabarlar Irlandiya poytaxti Dublina o‘tirgan o‘zbekistonlik huquq faoli Abdujalil Boymatovni ham bee‘tibor qoldirmadi.

- Bu meni ham hayron qoldirdi. Chunki futbol dunyodagi eng demokratik o‘yin-ku. Hammani ko‘zi oldida bo‘ladi. O‘zbekistonda korruptsiya shu darajaga borib yetganki, endi hakamlar tomoshabinlarni ko‘z oldida bu ishni qilayapti, - deydi Boymatov.

"Paxtakor" futbol jamoasining ashaddiy ishqibozlaridan biri Mahmud Boboqulov o‘z jamoasining chempionlikka loyiq ekanini aytadi.

- Ular hakamlarni ayblashayapti. Bu noto‘g‘ri. Hakamlar xato qilishi mumkin, lekin g‘alabani ta‘minlab berayapti, degan gaplar mutlaqo noto‘g‘ri. Yomon o‘yinchiga, bir narsasi halaqit qiladi, deb aytishadi-ku, - deydi Mahmud aka.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiylari ham ishqibozlarning e‘tirozlari o‘rinsiz ekanini aytishmoqda. O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiylari ishqibozlarning e‘tirozlari yuzasidan ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasini o‘rganib, "Paxtakor" va "Navbahor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda hakamlar to‘g‘ri qaror bergan, degan xulosaga kelgan.

"Uchrashuv yakuniy natijasiga ta‘sir qilmagan ahamiyatsiz xatolarni istisno qilganda, umuman hakamlar brigadasi o‘yinni yaxshi o‘tkazdi", - deyiladi ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasida.
XS
SM
MD
LG