Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:02

“Toshkentni vahimaga solgan taksichi manyak to‘g‘risidagi gaplar bo‘rttirilgan”


O‘zbekistondagi taksilarning ko‘pi "Matiz" rusumida.
O‘zbekistondagi taksilarning ko‘pi "Matiz" rusumida.

Keyingi bir hafta ichida Toshkentda "taksichi manyak" paydo bo‘lgani va u yo‘lovchi qizlarga tajovuz qilayotgani haqida bir biridan dahshatli mish-nishlar tarqaldi. Respublika Bosh prokuraturasidagi Ozodlik manbasi “manyak taksichi” haqidagi gaplarni uydirma deb atadi.


Taksichi manyak haqidagi gaplar ijtimoiy tarmoqlarga ham sizib telefondan telefonga o‘tib aholi o‘rtasidagi vahimani kuchaytirdi¸ lekin bu gaplarda asos ham bor, deydi Ozodlik bilan suhbatda toshkentlik 37 yashar uy bekasi Shahnoza.

Shahnoza o‘z dugonasining Toshkentdagi Algoritm mavzeida tajovuzkor taksichiga duch kelganini Ozodlikka gapirib berdi:

- Bir hafta burun, kechki payt dugonam Algoritm mavzeida kira qilib yurgan “Matiz” mashinasini to‘xtatgan. Shofer uni oldgi o‘rindiqqa o‘tqazgan¸ sal yurgach orqada o‘tirgan ikki kishi uni bo‘ynidan quchoqlagan. Shofer esa, dugonamga jinsiy tajovuz qilgan,- deydi Shahnoza.

Suhbatdoshimizning iddaosiga ko‘ra¸ dugonasini tajovuzkor taksichilar yo‘l chetiga tashlab ketishgan. Shok holatida bo‘lgan bu ayol mashina nomerini eslab qolmagan va gap-so‘zdan qo‘rqib militsiyaga xabar bermagan.

Algoritm mavzeida ro‘y bergan bu tahlit tajovuz haqida Fasebook tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhining o‘zini Nastya deb atagan faoli ham yozdi:

“Ha, haqiqatan ham Algoritmda ikkita shunga o‘xshash jinoyat sodir bo‘ldi. Kumushrang “Matiz”da uchta erkak odam bo‘lgan. “Matiz” go‘yoki taksi bo‘lgan. Yo‘lovchini oldingi o‘rindiqqa o‘tqazishgan. Pirovardida orqada o‘tirgan ikki erkak oldindagi yo‘lovchini bo‘yniga arqon solib bo‘g‘ib cho‘ntaklarini qoqlashgan. Hozir har ikkala jabrlanuvchi komada yotibdi", deb yozadi o‘zini Nastya deb atagan ijtimoiy tarmoq faoli.

Ayni paytda, Nastya o‘z yozuvlarida tajovuzkor taksichilarni faqat pul qiziqtirgani va ular o‘z qurbonlarini jinsiy zo‘rlamagani haqida ham ta‘kidlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Umka Xaka deb atagan faol “Toshkentda Matiz” mashinasida yurgan pedofil haqida ham iddao qiladi.

“Ha¸ umuman ehtiyot bo‘linglar. Zangori rangli davlat raqami ilingan¸ qaymoq rang “Matiz” haydovchisi pedofil. Hozir bunaqalar ko‘paygan deb yozadi"¸ ijtimoiy tarmoq faoli.

O‘zini Rashid deb tanishtirgan toshkentlik kirakash¸ Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, gap manyak haqida emas¸ oddiy talonchilar to‘g‘risida ketmoqda, deydi.

- Endi to‘rt millionlik katta shaharda soxta taksichilarning odamlarni tunagani doim bo‘lib turgan hodisa. Ba‘zan oddiy halol taksichilar ham bezori yo‘lovchilar tazyiqiga nishon bo‘lishadi. Menga qolsa, oq “Matiz”da yuradigan manyak chiqibdi, degan gaplar bo‘rttirilgan deb o‘ylayman. Toshkentdagi “Matiz”larning 80 foizi oq rangda¸- deydi suhbatdosh.

Respublika Bosh prokuraturasidagi Ozodlik manbasi esa Toshkent shahrida “manyak taksichi” paydo bo‘lgani haqidagi gaplarni uydirma deb atadi.

- Mening qo‘limda keyingi bir oy ichida Toshkent shahrida sodir qilingan jinoyatlar ro‘yxati turibdi. Bu ro‘yxatda birorta taksichi tarafidan yo‘lovchiga hujum qilingani borasida ma‘lumot yo‘q. manyak chiqqani haqidagi gaplar uydirma¸- deydi Ozodlik manbasi.

Toshkent militsiyasi ayollar va bolalarga tajovuz qilayotgan soxta taksichini bir haftadan beri qo‘lga ololmayotgani haqida O‘zbekistondagi Anxor.uz. nashri joriy haftada ma‘lumot tarqatdi.

Nashrda iddao qilinishicha¸ shaharda oq va kumush rang “Matiz” mashinasida yurgan soxta taksichi bir hafta davomida Toshkentda o‘ndan ortiq jinoyatni sodir qilgan. Bu jinoyatchining asosiy qurbonlari ayollar bo‘lganligi ham ayni nashrda iddao qilinadi.

Shaharda manyak yo‘q

Ozodlikning Respublika prokuraturasidagi manbasi Anxor.uz. nashridagi ma‘lumotlar mutlaqo yolg‘onligi va shahaliklarni vasvasaga solish uchun atayin tarqatilganligini ta‘kidladi:

- Agar shaharda shunday jinoyatchi paydo bo‘lgan bo‘lsa, hammadan oldin biz bilgan bo‘lar edik. Bu nashr ma‘lumotlari bilan bizdagi statistikani solishtirsak nomuvofiqlikni ko‘ramiz. Takror aytaman, shaharda manyak yo‘q¸ Anxor.uz yolg‘on yozmoqda,- dedi Ozodlik manbasi.

Ayni paytda, Ozodlik manbalari Toshkentdagi jinoyatlarning hammasi ham qayddan o‘tkazilmasligini aytishdi.

Toshkent shahar passajir transporti Departamenti tarqatgan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra¸ shaharda ikki mingdan ziyod taksi litsenziya asosida ishlaydi.

Bu ma‘lumotga ko‘ra¸ Toshkent shahrida aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi 100dan ziyod shirkat faoliyat ko‘rsatadi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda O‘zbekiston poytaxtida 35 ming nafargacha nolegal taksichi bor.
XS
SM
MD
LG