Линклар

To‘rtko‘lda gemorragik bezgakka chalingan o‘smir shifoxonaga yotqizildi


Gemorragik bezgak kasalining¸ asosan¸ kana orqali zararlangan mol go‘shtidan odamlarga yuqayotgani aytilmoqda.

Gemorragik bezgak kasalining¸ asosan¸ kana orqali zararlangan mol go‘shtidan odamlarga yuqayotgani aytilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida gemorragik bezgak kasaliga chalingan bir bemor qayd etildi. Rasmiylar ayni paytda tuman markaziy shifoxonasi yuqumli kasalliklar bo‘limida qolayotgan 15 yashar bemorning ahvoli yaxshilangani, aholi esa ogohlantirilayotganini ma‘lum qildi. O‘tgan yili ayni xavfli kasallik Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida qayd etilgan va 10 kishi nobud bo‘lgani xabar qilingan edi.

Qoraqalpog‘istonning Shumanay shahridan bog‘langan va ismi sir qolishini istagan Ozodlik mushtariysi 26 may kuni shahar Sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari aholini gemorragik bezgak kasalligiga chalinish ehtimolidan ogohlantira boshlagani haqida xabar yo‘lladi.

- Bugun ertalab Shumanay shahridagi aholi uylariga 4ta ayol kirib: "Sanepidstantsiyadanmiz, To‘rtko‘lda gemorragik lixoradka chiqqan. Uylaringizni toza tuting! Qoramol, qo‘ylardan ehtiyot bo‘ling!" deb ogohlantirishni boshladi. Qo‘limizga kasallikdan saqlanish yo‘llari yozilgan qog‘ozni ham berishdi. Xavotirga tushib qoldik, yana bezgak tarqaldimikin?- deya Ozodlikka savol bilan yuzlandi shumanaylik mushtariy.

Murojaat ortidan aniqlanishicha, haqiqatda To‘rtko‘l tumanida gemorragik bezgakka chalingan bir bemor shifoxonaga yotqizilgan.

To‘rtko‘l tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limidan 25 may kuni olingan ma‘lumotga ko‘ra, tumanning Navro‘z jamoa xo‘jaligida istiqomat qiluvchi 15 yashar bemor To‘rtko‘l tumani markaziy shifoxonasining Yuqumli kasalliklar bo‘limida qolmoqda.

"1999 yilda tug‘ilgan S.S (Bemorning ismi sir saqlanmoqda - Tahr.) ismli bemor. Ahvoli yaxshi, ertaga vipisatь qilamiz (javob beramiz-tahr.). U o‘zi yashaydigan sovxozda qo‘ylarning junini qirqayotgan paytda shu kasallikni yuqtirib olgan. Kana chaqqanda, shu orqali yuqqan bu kasal. Boshqa birorta bemor bizga kelmadi. Unaqa epidemiologik xavf yo‘q,- dedi To‘rtko‘l tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limining ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddisi.

To‘rtko‘l tumani markaziy shifoxonasi ma‘muriyati ham bu ma‘lumotni tasdiqladi va bundan boshqa holat qayd etilmaganini bildirdi. Qoraqlapog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan esa bu borada biror izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Shumanaylik Ozodlik mushtariysi aholining xavotirlanishiga o‘tgan yili Xo‘jaylida qayd etilgan fojiali holat sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

- O‘tgan yili Xo‘jaylida bizning bir tanishimizning singlisi shu bezgakdan o‘lganda! Yaqinda yilini chiqarishdi, borib fotiha qilib keldik. Bu ayolning oilasi keyin doktorlarni sudga ham berib yurdi. Natijasi bo‘lmayapti, menimcha. Juda yomon kasal ekan bu, odamlar qo‘rqib qolgan,- dedi shumanaylik tinglovchi.

2013 yilning avgust oyida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida gemorragik bezgak kasalligi tarqalgani va 10 ga yaqin odam qurbon bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Xo‘jayli tumanidagi Salomatlik markazi mutasaddilari kasallik jonivorlarda uchraydigan kana hashorotining chaqishi orqali yuqqani va tumanda xavfli vaziyat yuzaga kelganini tasdiqlagan edi.

- Bu kasallikning negizi kanaga borib taqaladi. Kana chaqqan hayvon kasallanmaydi, ya‘ni kasallik faqat uning qonida bo‘ladi. Bu kasallik qassoblarga yoki shu molning go‘shtini iste‘mol qilganlarga qon orqali yuqadi. Bu virus yuqqan odamning ichki qon tomirlari yoriladi va ichki a‘zolarni ishdan chiqaradi,- deya izoh bergan Xo‘jayli tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limi shifokori.

Shifokorlarning ogohlantirishicha, tibbiyot tilida "Qrim-Kongo gemorragik bezgagi" deb ataladigan bu kasallikka chalingan odamning isitmasi birdaniga 39-40 darajagacha ko‘tariladi va bemorni bezgak tutadi. Qisqa fursatda qattiq bosh og‘rig‘i, bo‘g‘inlar va mushaklar zirqirashi paydo bo‘ladi.

Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorning yuzi, bo‘yni va ko‘kragining tepa qismi qizara boshlaydi. Kasallik oldi olinmasa, virus qon tomirlarining yorilishiga olib keladi. Tez orada bemorda tashqi va ichki qon ketishlar boshlanadi. Tez tibbiy yordam ko‘rsatilmagan holda bemor 9-14 kun ichida o‘lishi mumkin.

Shu kunga qadar bemorlarning bu kasallikdan o‘lishi hollari Markaziy Osiyo mintaqasida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani, qo‘shni Tojikiston va Qozog‘istonda qayd etilgani haqida ma‘lumotlar bor.

2009 yil iyun oyida Janubiy Qozog‘istonning Turkiston tumani shifoxonasida 23 yashar Shohida Ismoilova ikkinchi farzandini tuqqan edi. Tug‘ishdan keyin ikki hafta ichida Shohida Ismoilovaning o‘zi, uning chaqalog‘i, ularga qaragan uch nafar shifokor Qrim-Kongo gemorragik bezgagidan vafot etgan edi.

2007 yilda esa Tojikistonda 12 kishi ana shu kasallikka chalingan edi.
XS
SM
MD
LG