Линклар

Qarshilik ishchi-xizmatchilar yaganaga haydaldi


Dala ishlariga majburan haydalgan o‘qituvchi va shifokorlar "quldek" ishlatilmoqda.

Dala ishlariga majburan haydalgan o‘qituvchi va shifokorlar "quldek" ishlatilmoqda.

26 maydan boshlab Qarshi shahridagi deyarli barcha idora va tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga jalb qilindi. Qarshidagi manbalarimizga ko‘ra, ishchilar navbati bilan 10 kun davomida yotog‘i va yemagi o‘z hisobidan bo‘lgan holda dalada tekinga ishlashlari lozim.


24 may kuni Qarshidagi deyarli barcha tibbiy muassalar, ta‘lim maskanlari va boshqa tashkilotlarga dushanbadan boshlab, 10 kun muddatga 10 nafardan hasharchini dalaga jo‘natish topshirig‘i berildi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan qarshilik manbaga ko‘ra, yotoqxona va ovqatlanish harajatlari hasharchilar zimmasiga yuklatilgan:

“Maktab, bog‘cha, kollej, institut, shifoxona, poliklinika, gaz va svet idoralari, qo‘yingki, barcha idoralar yaganaga chiqishdi. Hamma ishxonaga tayyorlanish uchun ikki muhlat berishdi. Bugun - 26 may kuni barcha ishxonalar 10tadan ishchi jo‘natdi. Uzoq-uzoq tumanlarga yotog‘i bilan ketishdi. Bizning ishxonani Yakkaboqqa yuborishdi. Harajatlar o‘z cho‘ntagimizdan bo‘lar ekan. Dalada ishlaganimiz uchun pul berilmaydi, deyishdi. Faqat oyligimiz yozilar ekan”, dedi Qarshidagi institutlardan birining xodimi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Qarshidagi oilaviy poliklinikalardan birining o‘zini tanishtirmagan mas‘uliga ko‘ra, dushanba kuni 10 nafar shifokor Kitob tumaniga jo‘natilgan:

“Biz 10 kunga 10 ishchi jo‘natdik. Keyin yana almashtirib, boshqa 10 ishchini jo‘natamiz. Bir oycha yagana va chopiqqa yordam berasizlar deyildi. Bizga hokimiyatdagi majlisda aytildi. O‘zi ko‘p idoralar bir oydan buyon dalaga chiqayapti ekan. Bizga endi aytildi”, dedi poliklinika mas‘uli.

Qarshidagi manbalarimizga ko‘ra, ayrim idora va tashkilotlarda ishchilar o‘rniga 7000 so‘mdan mardikor yollab jo‘natilayapti.

Shu kunlarda ishchi-xizmatchilarning bahorgi dala ishlariga jalb qilinishi nafaqat Qarshida balki butun mamlakat bo‘ylab kuzatilmoqda.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi maktablardan birida ishlovchi 42 yashar o‘qituvchi Jonibek Usmonovga ko‘ra, may oyining boshidan buyon tumandagi maktab o‘qituvchilari paxta chopig‘iga chiqarilgan.

Unga ko‘ra, mahalliy rahbariyat chopiq 45 kun davom etishi, bu vaqt ichida yotoq va yemak uchun harajat to‘liq o‘qituvchining o‘z zimmasida bo‘lishini aytgan:

- U yoq-bu yog‘i kuniga 10-15 ming so‘m sarflayapmiz. Yotog‘imizga 2 ming so‘m, yemak-ichmak uch mahal 10-13 ming so‘m bo‘layapti. Paxta chopganimizga esa hech kim pul bermaydi,- deydi paxta chopig‘iga safarbar qilingan o‘qituvchi.

Surxondaryodagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, viloyatidagi Uzun tumani tibbiyot birlashmasining 20 dan ortiq xodimlari 7 may kuni yotog‘i bilan chopiqqa jo‘natilgan. Bundan tashqari har kuni o‘nlab hamshiralar kunlik chopiqqa chiqarilmoqda.

25 aprel kuni Ozodlikka yetib kelgan xabarda Sirdaryoning Boyovut tumanidagi kollej va litsey o‘qituvchilari bahor boshidan buyon dala ishlariga majburlanmoqda.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa xususiy tadbirkorlar ham paxta chopig‘iga safarbar etildi.
XS
SM
MD
LG