Линклар

logo-print

Samarqandda prokuratura xodimini kaltaklagan valyutchiklar qo‘lga olindi


Hozirda Marmar bozori yonidagi valyutafurushlar savdo qiladigan ushbu joyni militsiya xodimlari qo‘riqlamoqda. (Surat 27 may kuni olingan)

Hozirda Marmar bozori yonidagi valyutafurushlar savdo qiladigan ushbu joyni militsiya xodimlari qo‘riqlamoqda. (Surat 27 may kuni olingan)

Samarqand shahrida joylashgan Marmar bozori yonida savdo qiluvchi valyutafurushlar tekshirishga kelgan 4 nafar prokuratura xodimini kaltakladi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, joriy hafta boshida bo‘lgan voqeadan so‘ng 35 kishi prokuratura xodimlarini kaltaklashda ayblanib hibsga olingan.

Samarqandning Marmar bozori yonidagi Shohruh ko‘chasida joylashgan valyuta “qora bozori”ni tekshirishga kelgan prokuratura xodimlari valyutafurushlar tomonidan kaltaklandi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor samarqandlik manba Ozodlikka bularni ma‘lum qildi:

“Voqea shu bir hafta ichida sodir bo‘ldi. Marmar bozori yonidagi Mirzo Ulug‘bek va Shohruh ko‘chalari chorrahasidan chapga qayrilganda, Shohruh ko‘chasi 33-uy yonida valyutchiklar bozori bor. Shu yerga prokuraturadan 4 kishi kelib, tekshiruvga o‘tkazgan. Valyutchiklardan 1-2 tasining pullarini musodara qilayotgan payt qolgan valyutchiklar prokuratura xodimlarini urishgan. Valyutchiklar prokurorlar qo‘lidan pullarini olib qochib ketishgan”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

So‘nggi bir hafta davomida Marmar bozori yonidagi valyuta "qora bozori"da hech kim yo‘q.

So‘nggi bir hafta davomida Marmar bozori yonidagi valyuta "qora bozori"da hech kim yo‘q.

Voqeadan xabardor samarqandlik boshqa bir manbaga ko‘ra, valyutafurushlar voqeani video tasvirga olgan prokuratura xodimini ham kaltaklab, uning kamerasini sindirishgan:

“Valyutchiklar prokurorlarni urganini yashirin kameraga olgan prokuratura xodimi qochishga harakat qilgan. Lekin valyutchiklar uni ham quvib yetib, urishgan va kamerasini sindirishgan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manba.

Uning aytishicha, voqeadan 2-3 soat o‘tib, qora niqoblilar guruhi "qora bozor"ni bosgan.

Samarqanddagi huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, prokuratura xodimlari kaltaklanganidan so‘ng 35 kishi hibsga olingan:

“Voqeaning ertasiga valyutchiklarning ayrimlari uyidan, ayrimlari Marmar bozor yonidan olib ketildi. Taxminan 35 kishi. Bu voqeani davlat tashlab qo‘ygani yo‘q. Prokuratura va Milliy xavfsizlik xizmati tergov olib borayapti”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Hibsga olinishdan qutilib qolgan valyutafurushlardan biri Ozodlikning Samarqanddagi mobil muxbiriga aytishicha, janjal o‘zaro kelishmovchilik natijasida kelib chiqqan:

“O‘zim o‘sha joyda edim. Prokuraturadan kelgan bir kishi bilan valyutchik o‘rtasida arzimagan gap chiqib, ikkalasi yoqalashib ketdi. Keyin ikki tomondan ham o‘zlarini odamlari kelib qo‘shildi. Shu bilan ur-yiqit bo‘lib ketdi”, dedi valyutafurush yigit.

Samarqanddagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, shaharning har bir bozori yonida valyuta “qora bozori” bo‘lib, jami o‘nga yaqin joyda valyutafurushlar savdo qiladi. Marmar bozori yaqinidagi joy esa Samarqanddagi eng katta “qora bozor” hisoblanadi.

Samarqanddan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yuqoridagi voqeadan so‘ng Marmar bozori yaqinidagi ushbu "qora bozor"da umuman valyutafurushlar ko‘rinmayapti.
Marmar bozori yonidagi trotuarda valyutchiklar har kuni turishardi. Hozir esa hech kim yo‘q.

Marmar bozori yonidagi trotuarda valyutchiklar har kuni turishardi. Hozir esa hech kim yo‘q.

O‘tgan yilning 1 fevralidan boshlab, O‘zbekistondagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarining deyarli barchasi yopilib, ular o‘rniga banklarda valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi konversion operatsiya bo‘limlari tashkil qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston banklari jismoniy shaxslarga chet el valyutasini sotmaydi, chet el valyutasi banklar orqali faqat pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ushbu tartib joriy qilinganiga bir yil bo‘lganiga qaramay, O‘zbekistonnning barcha viloyatlarida valyuta “qora bozor”lari o‘z ishini davom ettirayotgani kuzatilmoqda.
Samarqanddagi eng katta valyuta "qora bozori" Marmar bozori trotuarida joylashgan.

Samarqanddagi eng katta valyuta "qora bozori" Marmar bozori trotuarida joylashgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, mamlakatdagi valyutafurushlarning “homiylari”, asosan, yuqori lavozimli mulozimlar bo‘lib, ular AQSh dollarini banklardan arzon narxda olib, “qora bozor”da qimmatroq sotishni yo‘lga qo‘ygan.

O‘tgan oyda “Xalq banki”ning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani boshqaruvchisi Laziz Rustamov noqonuniy valyuta oldi-cotdisida ayblanib hibsga olindi.

O‘tgan yili Toshkent shahridagi “Ipoteka-bank”ning sobiq rahbarlari ham valyutani noqonuniy sotib, 1 million dollar miqdorida daromad ko‘rganlikda aybdor topilib, turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingan.
XS
SM
MD
LG