Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:25

O‘zbekistonlik 585 puldor Rigadan uy sotib olib "shengenlik" bo‘ldi


Shengen hududida doimiy yashash maqomini olishda ko‘maklashuvchi Schengen Property tashkiloti 4 yil ichida 585 puldor o‘zbekistonlik qimmat uy sotib olish yo‘li bilan Latviyada doimiy yashash huquqiga ega bo‘lganini ma‘lum qildi. Moliyaviy offshor hududi ko‘riladigan Latviya ayrim o‘zbekistonlik amaldorlar uchun “zahira aerodromi” vazifasini o‘tay boshlagani haqida norasmiy ma‘lumotlar bor.

Rigadagi Schengen Property tashkiloti rahbari Dmitriy Kuvshinovning Ozodlikka aytishicha, o‘zbekistonlik puldorlar Latviyaning Riga va Yurmala kabi shaharlaridan qimmat uylarni sotib olish orqali Shengen makonida doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritmoqda.

- E‘tiborlisi, o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi uylarni banklarning qo‘shimcha moliyaviy yordamisiz, kreditlarsiz, naqd puliga sotib olmoqda. Qolaversa, ularning ko‘pchiligi Riga va Yurmaladagi badavlat odamlar yashvochi mavzelardan, minimum narxdan ancha yuqori, narxi 250 ming yevrodan qimmat bo‘lgan uylarni xarid qilmoqda, - deydi Kuvshinov.

2010 yilda Latviya hukumati Riga va mamlakatning boshqa yirik shaharlaridan narxi qimmat bo‘lgan uylarni sotib olgan chet el fuqarolariga doimiy yashash huquqini berishni boshlagan. Avvaliga, chet ellik puldorlarga Latviyada doimiy yashash huquqini olish uchun kamida 143 ming yevro turadigan ko‘chmas mulkni sotib olish sharti qo‘yildi.

Shu yilning 1 sentyabridan esa bu summa 250 ming yevroga oshirildi.

- Ko‘chmas mulk narxidan besh foiz soliq to‘lanadi. Sotib olish jarayonida qandaydir to‘lovlar ham bo‘ladi. Xullas, 1 sentyabrdan 280 ming yevro atrofida pul sarflasangiz, siz va oilangiz Shengen hududida doimiy yashash maqomini oladi, - deydi Kuvshinov.

Schengen Property tashkilotiga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida o‘n mingga yaqin xorijlik shu imkoniyatdan foydalangan. Latviyada ko‘chmas mulk olish yo‘li bilan doimiy yashash huquqini olayotgan chet elliklar orasida o‘zbekistonliklar to‘rtinchi o‘rinda turadi.

- To‘rt yil ichida 585 o‘zbekistonlik bu imkoniyatdan foydalandi. Latviya poytaxti Riganing aholisi bir milliondan kamroq ekani e‘tiborga olinsa, bu juda katta raqam. Lekin biz mulkdorlar shaxsiga oid ma‘lumotni ochiqlay olmaymiz. Bu uylarni ular o‘g‘irlik yo‘llar bilan orttirilgan boylik evaziga olyapti, deb ham aytolmaymiz. Sababi, Yevropa Ittifoqi hozir Latviyadagi hamma banklarni tekshiradi. Harom pulni bu yerga olib kelish oson emas, - deydi Schengen Property tashkiloti rahbari Dmitriy Kuvshinov.

So‘nggi yillarda Latviya sobiq sovet davlatlari, jumladan o‘zbekistonlik puldorlar uchun moliyaviy offshor hududga aylangani ma‘lum.

O‘zbekistondagi ayrim amaldorlar orasida ertasini o‘ylab, “zahira aerodromi” sifatida Latviyadan uy olib qo‘yganlar borligi haqida norasmiy ma‘lumotlar bor.

O‘tgan yili Latviya moliyaviy idoralari "Teliasonera" mobil aloqa shirkatining O‘zbekistondan litsenziya olish uchun Latviya banki orqali o‘tkazgan pullari yuzasidan bir qator o‘zbekistonlik ustidan tekshiruv boshlagan.

Mazkur tergov doirasida Latviyada O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarashli bank hisob raqamlari va ko‘chmas mulk ob‘ektlari ham muzlatib qo‘yilgandi.
XS
SM
MD
LG