Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:55

Solijon Abdurahmonovning yaqinlari prezident Karimovga murojaat bilan chiqdi


28 may kuni 64 yoshini qarshi oladigan siyosiy mahbus Solijon Abdurahmonovning yaqinlari uning ozod qilinishi bo‘yicha ko‘mak so‘rab, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga murojaat qildilar. Shu kunda Qarshidagi 64/61-koloniyada jazo o‘tayotgan mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovning sog‘lig‘i, yaqinlarining ta‘kidicha, vaqt o‘tgan sayin yomonlashib bormoqda.

Solijon Abdurahmonov oilasining Uznyus.net saytida chop qilingan murojaatida olti yildan buyon qamoqda qolayotgan mustaqil jurnalistning shu kunda surunkali gastrit, o‘n ikki barmoqli ichakdagi, oyog‘ bo‘g‘imlaridagi muammolar va yoshi bilan bog‘liq boshqa xastaliklardan aziyat chekib kelayotgani aytiladi.

Mazkur murojaatnoma bo‘yicha tafsilot so‘rash maqsadida Solijon Abdurahmonovning rafiqasi Shukurjon opa bilan bog‘landik. Biroq qo‘ng‘iroq qilgan paytimizda u kishi kasalxonada muolaja olayotgani uchun savollarimizga boshqa kuni javob berishni va‘da qildi.

Qoraqalpog‘istonlik mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov 2008 yil iyun oyida giyohvand modda saqlaganlik va tarqatganlikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari o‘z hisobotlarida Abdurahmonovga qarshi ish uydirilganini, uning kasbiy faoliyati uchun qamalganini ta‘kidlab keladilar.

Shu yil yanvar oyida Qarshi koloniyasida Solijon Abdurahmonov bilan uchrashib qaytgan “Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatova o‘tgan hafta boshqa bir yumush bilan Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mas‘ullariga yo‘liqqani, u yerda Solijon aka haqida ham kishiga umid beruvchi xabar eshitganini aytadi.

- Solijon haqida so‘raganimda: “Chiqib qolsa kerak, chunki hozir uch-to‘rt jurnalist bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda”, deyishdi. Yana internet sahifalaridan va ba‘zi bir xalqaro tashkilot vakillaridan bilishimga qaraganda, ularni ozodlikka chiqarish uchun tayyorlamoqda. GUINdagi (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi demoqchi – tahr.) olgan javobim va atrofda bo‘layotgan gaplarni bir-biriga bog‘laydigan bo‘lsak, menimcha, qandaydir bir yengillik kutilmoqda. Bu mening shaxsiy fikrim, - deydi Vasila Inoyatova.

“Ezgulik” jamiyati rahbari bundan qariyb uch hafta muqaddam AQShning Toshkentdagi elchixonasida AQSh davlat kotibining yordamchisi Uilyam Byorns bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham O‘zbekistondagi Solijon Abdurahmonov doxil siyosiy mahbuslarni ozod qilishga ko‘maklashishni bugungi kunning eng dolzarb masalasi sifatida ko‘targanini aytadi.

- Hali gapimga nuqta qo‘ymasimdan u odam aytdiki: “Bugun tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdik, men birinchi masala qilib shu masalani ko‘tardim va albatta ijobiy natijalarga erishish mumkinligi haqida men ulardan so‘z oldim”, dedi, - deydi “Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatova.

Hyuman Rayts Uotch tashkilotining Markaziy Osiyodagi vakili Stiv Sverlou esa 65 ni qoralagan hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar siyosiy mahbus o‘laroq e‘tirof etgan Solijon Abdurahmonovni o‘zbek rasmiylari qator yillardan buyon amnistiyaga tushishiga imkon bermayotganini tanqid qiladi.

- O‘zbek rasmiylari amnistiya masalasiga insonparvarlarcha va liberallik bilan yondoshishlari haqida tez-tez maqtanib turishni yaxshi ko‘rishadi. Ular har yili bir necha ming kishi avf qilingani haqida chor-atrofga jar solishadi. Ular amnistiya asosida ozod qilishlari shart bo‘lgan toifalardan biri yoshi 60 dan oshgan mahkumlardir. Demak, Solijon Abdurahmonov amnistiya asosida bundan kamida to‘rt yil oldin ozodlikka chiqishi lozim edi. Aslida siyosiy sabablar tufayli sudlangan Solijon Abdurahmonov avval-boshdanoq qamalmasligi lozim edi, biroq shunday bo‘ldi – u ozodlikdan mahrum qilindi. Solijonni to‘xtovsiz ozod qilish vaqti allaqachon yetgan, - deydi Stiv Sverdlou.

Solijon Abdurahmonovni ozod qilish talabini Toshkent oldiga nafaqat inson huquqlarini muhofaza qilish hamda jurnalistlarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi nufuzli xalqaro tashkilotlar, balki xalqaro maydonda salmoqqa ega bo‘lgan siyosatchilar ham qo‘yib keladi.

Chunonchi, 2013 yil yozida amerikalik 12 senator O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga xat yo‘llab, kasbiy faoliyatlari tufayli o‘zbek qamoqxonalarida qolayotgan jurnalistlar Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayyid hamda huquq faoli A‘zam Turg‘unov “darhol va hech bir shartsiz” ozod qilishga chaqirgandi.
XS
SM
MD
LG