Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:53

"Minor" qabristoni Toshkentdagi eng qimmat "mozor-galereya"ga aylanmoqda


Poytaxtdagi yirik qabriston - "Chig‘atoy" qabristoniga qo‘yilgan marhum xonanda Botir Zokirovning qabri.
Poytaxtdagi yirik qabriston - "Chig‘atoy" qabristoniga qo‘yilgan marhum xonanda Botir Zokirovning qabri.
Toshkent Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi shahardagi yirik "Minor" qabristoni to‘lgani, marhumlar faqat ajdodlari xilxonasi yoki yaqinlarining 30 yillik qabri ustiga qo‘yilishi mumkinligini bildirdi. Poytaxtda o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov qurayotgani aytilgan yangi masjid sabab bu qabristondan joy olish uchun beriladigan pora 2 ming AQSh dollaridan 4 ming dollarga oshgani haqidagi iddaoni rasmiylar qat‘iyan inkor qildi, ba‘zi poytaxtliklar esa nadomatlar bilan tasdiqladi.

"Qabriston to‘lgan, yangi mayyitlarga joy yo‘q"

O‘zbekiston Xalq harakati Toshkentdagi manbalariga tayanib, o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov Yunusobod tumanida qurayotgani aytilgan "Minor" masjidi sabab uning yonidagi qabristondan olinadigan qabr joyi "narxi" 2 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollariga oshganini xabar qildi.

Bu xabar shahardagi ikkinchi yirik qabriston sanalgan "Minor"da marhumlar va bo‘lg‘usi marhumlar uchun olinadigan qabr joyi muammosini yana yuzaga chiqardi.

"Minor" qabristoni ma‘muriyati, "Qora lola" dafn xizmatlari byurosi va Toshkentdagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rasmiylari bu qabristondan pulga joy sotib olinishi haqidagi iddaoni qat‘iyan inkor qildi:

"Minor" qabristoni to‘lgan. U yerdan qabr sotib olish, degan gap mutlaqo bo‘lmagan gap. Agar ajdodlarining xilxonasi bo‘lsa o‘sha yerga yoki yaqinlarining 30 yillik eski qabri ustiga ko‘mib berishimiz mumkin", dedi Toshkentdagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi dafn ishlarini tashkillashtirish bo‘limining ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi.

Bu rasmiy qabr joylarining avvaldan pora evaziga band qilib qo‘yilishiga oid iddaolarni ham qat‘iyan inkor qildi.

"Toshkentdagi propiska manzili bo‘yicha ko‘miladi. Qaysi rayonda propiskasi bo‘lsa, o‘sha rayondagi qabristonga ko‘miladi. Lekin, "Minor" to‘lgan, joy yo‘q. Qabristonni yonida yashagan bo‘lsa ham, qabristonda yaqinlarining qabri bo‘lsa, o‘sha eski qabrni ochib, ustiga ko‘mib beramiz", deya yana bir karra ta‘kidladi rasmiy.

Bu qabristondan 4 ming AQSh dollari miqdoridagi pora evaziga qabrlik bo‘lish imkoni haqidagi iddaoni eshitiboq, "Minor" qabristoni mutasaddisi telefon go‘shagini ilib qo‘ydi.


"Yangi masjidda o‘qilgan duo yonidagi qabristonga tegib turadi"

"Minor" qabristoniga uch do‘stini dafn etgan qibraylik tinglovchi G‘ofurjon aka poytaxtdagi yirik qabristonlardan qabr olish hamisha qiyin bo‘lib kelganini aytadi.

- Joy haqiqatda muammo. Mening uch do‘stim o‘sha yerda ajdodlari xilxonasiga bepul ko‘mildi. Shu eski qabrni ochib, o‘sha yerga qo‘yishdi. "Minor", "Ko‘kcha", "Chig‘atoy" qabristonlariga borsangiz, joy yo‘q, deydi doim. Faqat shu xilxonangiz bo‘lsa, o‘sha yerga ko‘mish mumkinda. Buning ustiga katta odamlar, puldor odamlar sizdan oldinda ocheredda turadida, - deydi qibraylik G‘ofurjon aka.

Uning aytishicha, yaxshigina haq evaziga istalgan qabristondan joy topish mumkin.

- "Minor" qadimdan mashhur qabriston. U yerda Amir Olimxonning avlodlari ko‘milgan, deyishadi. Alisher Usmonovning akalari bor, deyishadi. Qancha katta amaldorlar qo‘yilgan. Endi yonida shundoq katta masjid qurilayotganidan keyin, u yerda o‘qilgan duolar tegib tursin, deydiganlar borda. Eng muhimi, "Minor" markazda. Alisher Usmonov chustlik, O‘zbekistonga kelganda duoi fotiha uchun Namanganga borarmidi?! Shundoq markazdagi "Minor"ga borib fotiha qiladi, yana ketaveradi, to‘g‘rimi? deya o‘zicha hisob oldi G‘ofur aka.


"Minor"dagi qabrga beriladigan pora 2 ming dollardan ko‘p"

Toshkentda uzoq yillar katta lavozimlarda ishlagan va aksar rasmiylarning dafn marosimlarida ishitirok etgan sobiq amaldor "Minor" qabristonidan qabrlik bo‘lish uchun beriladigan pora miqdorini "eng kamida 4 ming dollar", deb iddao qildi.

"Endi qabriston muammosi sobiq sovet zamonidan beri borku, buni hamma biladi! 2 metr joy masalasi "Chig‘atoy" va "Minor" qabristonlarida juda katta muammo. Yodingizda bo‘lsa, Markazqo‘mga kelgan Sharof Rashidov birinchi bo‘lib "Chyorniy tyulpan" byurosining o‘sha davrdagi Rasulov, degan rahbarini qamagan edi. Bu muammo o‘shandan beri kattalashgan bo‘lsa kattalashdiki, aslo kichiklashmadi. "Minor"dan qabr olish uchun eng kamida 4 ming, u yog‘i bir necha 10 minglargacha boradi, buni shu qabristonlardan yangi joy olib, o‘lik ko‘mganning hammasi biladi, sirmas bu", deydi sobiq amaldor.

Uning aytishicha, "Chig‘atoy" bilan "Minor"dan qabrlik joy olish uchun pulning o‘zi ham kifoya emas.

"Chig‘atoy"ga, misol uchun, marhum Sharof Rashidovning rafiqasini qo‘yish ham muammo bo‘lgan. Chunki, bu qabristondan joy olish uchun arbobning xotini ham davlat arbobi bo‘lish kerak ekan, tushunyapsizmi? Ha boshqa puldorlar bu masalani pul bilan hal qilishi tayin endi. O‘zi shu qabristonda joy masalasi bizga rusning zamonida kirib kelgan jiddiy muammoga aylandida", dedi sobiq davlat arbobi.


"Mayyitlar ustiga bostirilgan haykallar galereyasi"

"Minor" qabristoniga uch do‘stini dafn etgan qibraylik tinglovchi G‘ofurjon aka "Minor"ni Markaziy Osiyodagi eng qimmat mozor, deb baholadi.

- "Minor" qabristoni san‘at asarlari muzeyi-ku! Gullar ekilgan, yo‘lakchalar qilingan. Marmar toshlar, haykallar! Pribaltikadan keladi marmarlar. Shaxsan bilaman, 40 ming dollarga mozor ustiga mavzoley qurdirganni. Suratlari bilan, otlarini yozdirib, marmar toshga o‘ydirib qilingan qabrni. Byustlari bilan. Toshkentdagi qabristonlar orasida eng zo‘ri va qimmati shu "Minor", deb hisoblaydi G‘ofurjon aka.

Toshkentdagi "Chig‘atoy" qabristoni ham hukumat vakillari va davlat arboblari mozorlari ustiga bostirilgan haykallar bilan to‘lib-toshgan.

Quyida ushbu qabristondan olingan suratlar galereyasini tomosha qilishingiz mumkin.


"Tiriklar egallagan qabrlar hamma qabristonda bor"

Qibraylik G‘ofurjon aka ham, Ozodlikka ismini sir saqlash sharti bilan so‘zlagan sobiq davlat arbobi ham sobiq ittifoqidan qolgan tirik turib, mozorlik bo‘lish ana‘asi hamma qabristonlar, ayniqsa nomi tanilgan eski qabristonlarda kuzatilishini aytadi.

- Shu ajdodlar xilxonasi, deyishadiku, ana shu xilxonalarning ko‘pida ozginadan bo‘sh joyi bo‘ladi. Atrofini o‘rab qo‘yishgan. Ayniqsa, eri o‘lgan bo‘lsa, xotini meniyam yoniga qo‘yinglar, deb qo‘yadi. Ayrimlar ota-onasi, ota-bobosining yonida yotsam, deydi. To‘g‘ri, Islomda joy olib qo‘ying demaganu, lekin olmang ham demaganda. Shahar atrofidagi qabristonda tiriklar egallab qo‘ygan mozorlar ko‘p, deydi qibraylik G‘ofurjon aka.

Toshkentdagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bu ta‘kidni bilvosita tasdiqladi.

"O‘sha hududda yashaydigan, propiskasi bor oilalarning xilxonalari bor. Lekin, "Minor"da bu xilxonalarning ko‘pida ham joy qolmagan", dedi rasmiy.


"Ziyoratchilari tark etgan qabrlar biznesi bor"

Poytaxtdagi qabrlari "xaridorgir" bo‘lgan ayrim qabristonlarda ziyoratchilari tark etgan yoki bo‘lmagan qabrlar yangi mayyitlar uchun sotilishi haqida davomli iddaolar bor.

Bunday iddaolarni quvvatlaganlar fikricha, qabriston ma‘muriyatlarida ana shunday qabrlarning muntazam ravishda yangilanib turadigan yashirin ro‘yxati bor.

"Xullas, qabriston atalmish qorong‘u dunyoning bunaqa sinoatlari ko‘p. Pul evaziga katta mozorlardan joy topib beradiganlarni o‘lganlar u dunyodan, tiriklar esa bu dunyodan qo‘llab turarkan, bu biznes o‘lmaydi", deydi jumladan sobiq davlat amaldori.

U ana shunday puldor "tirik murda"lar sharofati bilan dafn etilishida muammo bo‘lgan ayrim xalq yozuvchilarining oilasi xilxonalariga ko‘milmay qolishini afsus bilan tilga oldi.


Toshkentda tiriklarga uy, o‘liklarga mozorlik bo‘lish qiyin

Toshkent shahrida jami 70 ta qabriston bo‘lib, bulardan 10 tasi yopilgan, yana 10 tasi boshqa millat vakillariga ajratilgan.

Toshkent shahridagi fuqarolarni dafn qilish boshqarmasi rasmiysining aytishicha, qolgan 50 qabriston aslida Toshkent shahrida rasman ro‘yxatdan o‘tgan 3 million aholiga mo‘ljallangan.

Ammo, yil sayin aholi soni oshib borayotgan poytaxt rezinadan kengayib borayotganiga qaramay, tirik jonlar uchun turar-joy muammosi qanchalik kuchayayotgan bo‘lsa, marhumlar uchun shahar qabristonlaridan qabr olish masalasi ham yil sayin kuchayib borayotgani aytiladi.

Hozir poytaxt qabristonlariga marhumlarni joylash xizmatlari haqqi eng kamida 500 ming so‘mdan, bir necha ming dollargayaa borishi aytildi.
XS
SM
MD
LG