Линклар

logo-print

"UzGazOil solyarka taqchilligini sun‘iy tarzda yaratmoqda"


Toshkentda dizel yonilg‘isi sotadigan yonilg‘i quyish xususiy shoxobchasi

Toshkentda dizel yonilg‘isi sotadigan yonilg‘i quyish xususiy shoxobchasi

Butun O‘zbekiston bo‘ylab xalq orasida solyarka deb ataladigan dizel yonilg‘isi taqchilligi kuzatilmoqda. Ozodlik suhbatlashgan Farg‘ona¸ Toshkent¸ Samarqand¸ Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi haydovchilar keyingi bir hafta ichida dizel yonilg‘isi sotib olish deyarli imkonsiz ekanligini aytishdi.

Mamlakat poytaxtida avtobus haydovchisi bo‘lib ishlaydigan Mirahmatning aytishicha¸ Toshkentdagi dizel yonilg‘isi sotadigan yonilg‘i quyish xususiy shoxobchalarida solyarka umuman yo‘q.

Ayni paytda¸ Ozodlikning Toshkentdagi manbalari Qoratosh¸ Rohat¸ Istirohat mavzelarida va Lok bo‘yoq zavodi yonidagi “UzGazOil" shoxobchalarida ham dizel yonilg‘isi sotilayotgani haqida aytishdi.

Manbalarga ko‘ra¸ bu to‘rtta joyda dizel yonilg‘isi ertalab o‘nga qolmasdan tugab qolmoqda.

Toshkentlik avtobus haydovchisi Mirahmatning aytishicha bu avtozapravkalar ho‘jako‘rsinga ishlab¸ aslida dizelni qimmat narxda ulgurji savdogarlarga sotib yubormoqda:

-"UzGazOil" shoxobchalarida ham dizel yonilg‘isi yo‘qligini ertalab ko‘rib keldim. Bu shoxobchalarning ba‘zilarida solyarka faqat oldindan shartnoma tuzgan korxonalar avtomobillariga kartochka orqali berilayapti. Lekin “pul o‘tkazdim” degan bahona bilan ko‘z oldimizda bu zapravkalardagi dizelni ishbilarmonlar ulgurji qilib tashib ketayapti¸ deydi suhbatdosh.

Bu iddao yuzasidan Ozodlik "UzGazOil" boshqaruviga yaqin shaxsga murojaat qildi. "UzGazOil" boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda ismi aytilmasligi sharti bilan gapirish asnosida bu faktlarni tasdiqladi:

- "UzGazOil"ning 1-2 zapravkasidagina oldindan shartnoma qilib¸ "GazOil" plastik kartasiga pul tushirib qo‘ygan korxonalar mashinalariga onda-sonda 50 litrdan quyib berishayapti. Lekin asosiy katta hajmdagi dizel yonilg‘isi chetga sotilmoqda. Sxema juda oddiy¸ davlat narxi 2050 so‘m bo‘lgan dizel 2500 yoki 2900 dan chetga sotilmoqda.

"UzGazOil" boshqaruviga yaqin shaxs iddaosiga ko‘ra ¸ davlat shirkatining o‘zi shu tarzda sun‘iy tarzda dizel yonilg‘isi defitsitini yaratmoqda:

- Mening qo‘limdagi mavjud ma‘lumotlarga ko‘ra¸ aholiga sotilishi kerak bo‘lgan dizel hajmida o‘zgarish bo‘lmagan. Foyda ko‘rish maqsadida "UzGazOil" shirkati sun‘iy defitsit tashkil qildi. Bu defitsit yaratilganidan so‘ng o‘z-o‘zidan dizelning qo‘ldagi narxi oshdi. Pirovardida¸ davlat shirkatining fiks narxli dizeli aldov-qaldov yo‘li bilan chayqov bozoriga o‘tib ketmoqda. Masalan¸ birgina Qoratoshdagi "UzGazOil" zapravkasida kuniga 50 ming litr dizel berilgan. Qani o‘sha dizel? Chapga ketgan, vassalom. Bu yerda katta pul aylanadi¸ deydi "UzGazOil" boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸Toshkentdagi dizel yonilg‘isi sotadigan yonilg‘i quyish xususiy shoxobchalariga solyarka umuman berilmay qo‘yilgan.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Toshkentdagi bir qator xususiy AYoQSh xodimlari ikki yildan beri dizel yonilg‘isi olmaganlarini bildirishdi.

Bu gapni Ozodlik bog‘langan “Intrian service”¸“Masterclassoil” “Sharq Azimeks guruh” AYoQShlarining operatorlari ham ta‘kidlashdi.

dizel yo‘qligi uchun bu shirkatlardagi solyarka rezervuarlari 80-rusumli benzin rezervuariga aylatirilgani ham bildirildi.

Ozodlik muxbiri Toshkentda dizel yonilg‘isi taqchillashgani sabablarini o‘rganish maqsadida “O‘zneftmahsulot” hissadorlik jamiyatiga qo‘ng‘iroq qildi.

Bu tashkilotning o‘zini tanishtirmagan mulozimi Toshkentda dizel yonilg‘isi taqchillashganini tan oldi. Taqchillik sababi¸ mulozimga ko‘ra¸ solyarkaning asosiy qismi qishloq xo‘jaligidagi ekin-tikinlarga ishlov berayotgan texnika uchun sarflanayotgani bilan bog‘liq.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ dalalarni kulьtivatsiya qilish¸ lalmi bug‘doy o‘rish va boshqa ishlarga safarbar qilingan qishloq ho‘jalik texnikasi¸ birinchi o‘rinda¸ solyarka olmoqda.

"UzGazOil" boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda qishloq ho‘jalik ishlari bois dizel taqchil bo‘lgani haqidagi gapni "asossiz" deya rad etdi:

- Bu gapda asos yo‘q. Masalan¸ qish paytida qishloq ho‘jalik texnikasi ishlamagan davrda ham shunaqa defitsit bor edi. Bu bir bahona. Aniq ma‘lumotlarga tayanib shuni aytishim mumkinki, dizel bir necha "UzGazOil" l shoxobchalarida faqat rahbariyatning tanish-bilishlari orqaligina sotilmoqda. dizel yonilg‘isi korxona rahbarlari tomonidan davlat narxidan ancha baland narxda sotilmoqda, deb qayta takrorladi o‘z xavfsizligi bois ismi-sharifi sir qolishini istagan " UzGazOil" boshqaruviga yaqin manba.

"UzGazOil" Rossiyadan dizel yonilg‘isini import qilayotgani haqida ham ma‘lumotlar bor.

O‘zbekiston o‘z neft zahiralariga ega bo‘lsa-da, mavjud tabiiy resurslarning o‘z ichki ehtiyojini qondirish darajasida benzin ishlab chiqarishga imkon bermasligi aytiladi.

Tahlilchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining dizelga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun chetdan yiliga kamida 4 million tonnadan dizel yonilg‘isi sotib olish lozim bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG