Линклар

logo-print
2011 yilda urush tugagani rasman e‘lon qilinganiga qaramay hanuz tinchlik qaror topmagan, portlashlar bitmagan Iroqdagi 20-40 yashar erkaklar orasida tanasiga ismi, yoshi va manzili bitilgan tatuirovkalarni chizdirish ana‘anasi kengaymoqda. Uyidan o‘qish yoki ish uchun chiqib, ortga qaytmasligi ehtimoli katta bo‘lgan yaqinlarining jasadlaridan ham mosuvo qolmaslik istagi jamiyat vakillarining bunga rozi bo‘lishiga turtki bo‘lmoqda. Ayni paytda jang maydonlaridagi janggarilar orasida ham tanasiga tatu tushirganlar uchrayotgani kuzatilmoqda.


Tatu - portlab ketgan jasadni tanib olish vositasi

2003 yilda boshlanib, 2011 yilda tugagani rasman e‘llon qilingan Iroq urushidan aziyat chekkan mamlakat ahli hanuz tinchlik qaror tomagani bois o‘z xavfsizligini ta‘minlash yo‘lida har choraga bosh urmoqdalar.

Tongda ish yoki o‘qishga, deb uyidan chiqib ketgan farzandlari ortga qaytmasligi ehtimolini qabul qilgan ba‘zi oilalar yaqinlari tanasiga ismi, manzili, yoshi va telefon raqamlari bitilgan tatuirovkalarni tushirmoqda.

O‘z shaxsiga oid ma‘lumotlarni tanasining bir necha qismiga manguga muhrlashga qaror qilgan bag‘dodlik Ehson Nuriy dunyoning rivojlangan qismida urf o‘laroq yoyilayotgan tatu Iroqda yoshlar uchun bir zaruratga aylanganini aytadi.

- Aslida hayotimizga yangi narsalar kirib kelayapti, yangi urflar kirib kelayapti. Hayot tarzi o‘zgarayapti. Bugungi yoshlar esa sharoitdan kelib chiqib, boshqacharoq yondashayapti. Ayniqsa, bugun ertalab uyingdan chiqib ketarkansan, kechgacha qaytishing noma‘lum bo‘lib turgan bir sharoitda nima uchun yangi urfdan hayotiy zarurat uchun foydalanmaslik kerak?! - deya savol tashlaydi bag‘dodlik Ehson Nuriy.


Tanasiga ismini muhrlayotgan 20-40 yashar erkaklar

Bag‘dod markazidagi kichikkina do‘konchasida mijozlar tanasiga turli mazmun va ranglardagi tatuirovkalarni muhrlayotgan usta Muhammad Aziz avvalari tatularning asosiy qismi turli ma‘nodagi surat va naqshlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozir mijozlarning aksariyati bir necha so‘z va raqamlar bilan cheklanayotganini tasdiqlaydi.

Uning do‘konchasi qoshida 20-40 yosh oralig‘idagi yigitlardan iborat mijozlar navbatini deyarli har kuni kuzatish mumkin.

- Yoshlar, asosan o‘zining ismi, yoshi, manzili va telefon raqamlarini yozdirayapti. Ularning aksariyati 20-40 yoshlar oralig‘ida. Hozir juda ko‘pchilik yoshlar shu ishni qilayapti. Narx esa chizilayotgan tatuning shakli va hattolik uslubiga qarab belgilanadi. Har bir harf uchun taqriban 15 AQSh dollaridan 40 dollargacha haq olamiz. Surat yoki naqshlar solingan o‘rtacha tatuirovka narxi 300-400 AQSh dollari atrofida. Bunday tatularni chizdirayotganlar ham oz emas, - dedi bag‘dodlik tatuirovka ustasi Muhammad Aziz.


Jamiyat qoralagan bu harakatni oqlash foydasiz

Iroq respublikasi aholisining asosiy qismi musulmondir va Islomda tatuirovka chizdirish gunoh bo‘lgani bois, iroqliklar orasida ham tanasiga u yoki bu ko‘rinishda bezak solganlar, umumiyatla, qoralanadi.

Lekin, bugungi global axborot almashinuvi zamonida dunyoning rivojlangan va farovon qismida urf bo‘lgan har qanday yangilik sotsial tarmoqlar va televideniye vositasida dunyo bo‘ylab soat sayin tarqalmoqda.

Bag‘dod universitetida ishlaydigan sotsiologiya fanlari professori Favza Attiyah shu vaqtgacha eng so‘nggi rusumda kiyingan va yasan-tusan qilib yurgan iroqlik yoshlar orasida tanasining qaysidir bir qismida kichikkina tatusi bo‘lishini havas qilganlar oz emas, deb hisoblaydi.

- Ijtimoiy tarmoqlarga tez va oson kirib borayotgan yoshlar orasida tatuirovkani zamonaviylik, yangi urfga hamohanglik belgisi, deb biladigan yoshlar ko‘p. Ayniqsa, yosh yigitlar tanasining ko‘rinib turgan qismiga qanaqadir jangovar yoki boshqa mazmundagi tatuni muhrlashni istashi mumkin. Faqat bunday yoshlar jamiyatning e‘tirozidan, muhokamalaridan qo‘rqib bunga jur‘at qilmasdi. Hozir bunga, go‘yoki bir uzrli sabab topildi. Hayotiy zarurat, deb bu ishga qo‘l urayotgan yoshlarning aksariyati aslida moda ketidan quvayapti. Lekin bu gunoh va bunga oqlov yo‘q, - deydi tatutning yangicha ko‘rinishda urflashayotganidan noroziligini yashirmagan bag‘dodlik professor.


Tanasida Iblis surati chizilgan ehtimoliy o‘zbek janggarisi

2012 yilning dekabrida Peshavor aeroportiga hujum qilgan 10 terrorchi o‘ldirilgan va bular orasida yelka, kurak va bel qismiga iblisona ramzlar aks etgan tatuirovka chizilgan mujohid dunyoni hayratga solgan edi.
Qizig‘i, o‘sha reyd haqida xabar qilgan The Express Tribune nashri o‘ldirilgan 10 mujohiddan 5 nafari o‘zbek millatiga mansubligi haqida yozgan edi. Ammo, tanasidan tatu topilgan mujohid millatiga aniqlik kiritilmagan.

Ekspertlar marhum mujohid tanasidagi yakuniga yetkazilmagan tatuirovkada aks etgan iblisona ramz va belgilar - o‘lim bilan yuzlashgan va undan qo‘rqmasligini atrofdagilarga bildirishni istagan shaxslar chizdiradigan timsollar ekanini aytadi. Bu timsollarni o‘ylab topib, kishilar tanasiga muhrlash amaliyotini esa perulik mashhur tatu ustasi Boris Valeyo boshlagan.

Uning qalamiga mansub bu tatuni mujohid tanasiga muhrlagan usta esa professional bo‘lmagani va bu ish 10-12 yil muqaddam bajarilgani ham ekspertlar tomonidan qayd etilgan.

Shuningdek, Boris Valeyo asarlari mushtariylari, asosan kriminal dunyoda tanilgan avtoritetlar va gangsterlar ekani kuzatiladi.


Tatuirovkali janggari musulmonlardan emas

Dunyoda islomiy qonunlarni o‘rnatish niyatini da‘vo qilgan terrorchi guruh askari tanasida Iblis timsoli aks ettirilgan tatuirovka bo‘lgani katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

2012 yilning dekabrida Pokistondagi Peshovar aeroportiga uyushtirilgan qonli hujum uchun mas‘uliyatni bu mamlakatdagi "Tahriki Tolibon" guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.

Islom ta‘limoti haqidagi bir necha kitoblari bilan nom taratgan pokistonlik olim Xurshid Ahmad The Express Tribune gazetasiga bergan intervьyusida: "Tanangizda tatu bor ekan, diniy ibodatni bajarishingiz mumkin emas. Peshovardagi bu hujum shu kabi terror xurujlari Islom nomini qora qilayotgan tashqi kuchlar tomonidan amalga oshirilgani haqidagi xavotirlarimizni kuchaytirdi", degan edi.

Tatuirovkali janggari o‘limi ortidan ko‘tarilgan shov-shuvlarni sharhlagan musulmon jamoalari ayrim yetakchilari esa janggarining muqaddam boshqa dinda bo‘lgani va bu uning Islom diniga kirishidan oldin qilgan "xato"laridan biri ekanini ta‘kidlagan edilar.

Pokiston ulamolari kengashi ham tatuirovkaning Islomda taqiqlanganini ta‘kidlab, "bu jasad o‘zini musulmon bilgan shaxsga tegishli emas" mazmunida bayonot bergan edi.


Tatu Islomda qat‘iyan taqiqlangan

Islom kelguniga qadar - johiliyat davrida arablar orasida tanasiga o‘chmas bo‘yoqlar bilan naqsh soldirish, ayollar orasida esa tishlarining orasini kengaytirish udumi bor edi. Ayrimlar o‘zlari sig‘ingan budlar rasmini tanasiga chizdirar edi.

Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalom va uning vositasida yer yuzida yoyilgan Islom ta‘limotida bu amallar qat‘iyan taqiqlandi.

Islom olami ulamolari tatu masalasida umumiyatla ayni fatvoni takrorlab keladilar va bunda ko‘proq Imom Buxoriy va Abu Muslimlar keltirgan sahih hadisni tilga oladilar:

"Abdulloh ibn Mas‘uddan rivoyat. U kishi dedilar: “Alloh tanaga naqsh chizuvchilarni, naqsh chizdiruvchilarni, qosh teruvchilarni, chiroy uchun tishlar orasini ochuvchilarni, Allohning yaratganiga o‘zgartirish kirituvchilarni la‘natladi”.

Bundan tashqari, tana a‘zolari (qosh, ko‘z, lab, soch va boshqa a‘zolarni) o‘zgartirish Olloh bergan ne‘matdan qoniqmay, uning irodasiga qarshi chiqish mazmunidagi gunoh ekani aks etgan "Niso" surasidagi oyat ham tilga olinadi.


Islomga kirganlarning o‘tmishdagi xatolari unutiladi

Islomda taqiqlangan harakatlarni o‘tmishda sodir etgan va keyinchalik qilmishidan pushaymon bo‘lib, ibodat yo‘liga o‘tganlar yohud keyinchalik Islomga kirganlardan tanasidagi tatuni o‘chirib tashlash talab qilinadi.

Ammo, tatuirovkaning vaqtinchalik va doimiy turlari bor. Teriga igna vositasida bo‘yoqlarni singdirish yo‘li bilan chizilgan tatu yillar davomida o‘chmaydi.

Islom ibodatiga kirishganlar o‘tmishda tanasiga muhrlangan tatuni o‘chira olmas ekan, uni yashirish tavsiya qilinadi va bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nafaqat o‘sha musulmonning xayri, balki Islomning sha‘niga isnod keltirmaslik, Islom dini haqida yolg‘on tasavvur uyg‘otmaslikdir.

Shu bois, Islomda nafaqat boshqalar, balki kishilarning o‘zlari bilib-bilmay sodir etgan xatolar va katta-kichik gunohlarni oshkor qilmaslik, Ollohga tavba qilib, ularni unutish uqdiriladi.

Islom qoidalariga amal qilgan musulmonlar esa o‘z saflariga yangi kirgan musulmonlarning o‘tmishdagi xatolari, gunohlarini unutadilar.
XS
SM
MD
LG