Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 15:50

Sherali Jo‘rayev: “Men aytgan qo‘shiq ichida “Rog‘un” degan so‘z yo‘q!”


O‘zbekiston Xalq artisti Sherali Jo‘rayev tojik matbuotiga yuborgan maktubida o‘zining “Daryolar” qo‘shig‘ida “Rog‘un” so‘zini ishlatmaganini va bu qo‘shiqni boshqacha talqin qilganlar esa xalqlar do‘stligi orasiga raxna soluvchi kimsalar ekanligi haqida yozdi. Tojikistondagi mustaqil “Faraj” Internet gazetasida chop etilgan maktubni Sherali Jo‘rayevga yaqin manbalar tahririyatga keltirib bergani aytiladi.

Tojikistondagi mustaqil “Faraj” internet-gazetasida 28 may kuni chop qilingan “Sherali Jo‘rayev: Dushmanlar meni tojiklar bilan urushga solmoqchi!” maqolasida Sherali Jo‘rayev yaqinda kuylagan “Daryolar” qo‘shig‘ida “Rog‘un” so‘zi yo‘qligi ta‘kidlangan. Maqolada bu so‘zga urg‘u berganlar qardosh xalqlar orasiga nizo soluvchi shaxslar ekani yozilgan.

“Faraj” Internet gazetasi bosh muharriri Xurshed Atovulloning Ozodlikka aytishicha, bu maktubni Sherali Jo‘rayevga yaqin manbalar tahririyatga keltirib bergan:

- Bu haqiqiy maktub. Uni Sherali Jo‘rayevga yaqin va biz qattiq ishonadigan shaxs keltirib berdi. Maktubning har sahifasida Sherali Jo‘rayevning imzosi bor. O‘zbeklarning taniqli hofizi o‘z maktubida Rog‘un va Qambarota GESlarini qo‘shiqda tilga olmaganini, bu qo‘shiq xalqlar do‘stligini mustahkamlash yo‘lida ijod qilinganini aytadi,- dedi Xurshed Atovullo.

Sherali Jo‘rayev maqolasi deb iddao qilinayotgan maktubda shunday deb yoziladi:

“Sirdaryo Qirg‘izistondan boshlanib O‘zgan, O‘sh, Jaloloboddan kelib vodiy - Farg‘ona, Andijon, Namangan, Xujand, Asht, Konibodomdan so‘ng yana Toshkent oblastiga o‘tadi. Bu suvni bir paytlar O‘zganni ust tomonidan boshqa tomonga buramiz, degan gap chiqdi. Xudo ko‘rsatmasin bunday bo‘lsa tojiklar ham, o‘zbeklar ham, qozoqlar ham suvsiz qolar edi. "Daryolar to‘lib oqsin” deganimni ma‘nosi shu.

Tojik xalqi mani eng sevimli qardoshlarim hamda barodarim! Hazrat Abdurahmon Jomiy ulug‘ pir, Amir Alisher Navoiyning pirlari bizning-da pirlarimizdur!

Jo‘rabek Murodov menga aka va do‘stim va butun tojik xalqi meni sevimli do‘stlarimdur!

Xorazmga borsam turkmanlar kanal qazib suvni, ya‘ni Amudaryo suvini burib ketdi, daraxtlar quridi deyishadi. Qoraqalpoq xalqi esa hamma suvni paxtakorlar to‘sib, paxtaga suv berib, Orol dengizini quritdi, deb yig‘lab yotibdi.

Men aytgan qo‘shiqni ichida “Rog‘un” degan so‘z yo‘q!

Buni internetga chiqargan odam o‘zini foydasi uchun gapirgan bizni dushmanlarimizdan biridir.

Men aytgan qo‘shiq barcha xalqlar uchun zarur masala...”
, deb yoziladi maktubda.



Maktubda ikki qardosh xalq do‘stligiga alohida urg‘u beriladi:

“O‘zbek va tojik xalqi et bilan tirnoq kabi bir-biriga payvand bo‘lgan. Bizning ajdodlarimiz qadimulayyomdan qonu-qarindosh va yoru-birodar bo‘lib kelgan. Inshoolloh, biz hech qachon bir-birimizdan ayrilmaymiz.

Do‘st bilan obod uying gar bo‘lsa u vayrona ham,
Do‘st qadam qo‘ymas ersa, vayronadur koshona ham.

Tinchlik va xotirjamlik tilab sizning do‘stingiz Sherali Jo‘rayev!”
degan so‘zlar bilan yakunlanadi maktub.

Ozodlik Sherali Jo‘rayevning o‘zi bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq buning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik bu maktubni Sherali Jo‘rayevning shaxsan o‘zi yozganligi haqida ham aniq ma‘lumotga ega emas.

Joriy yilning fevralь oyida O‘zbekiston Xalq artisti Sherali Jo‘rayevning mintaqa daryolari haqida shoir Iqbol Mirzo so‘zi bilan aytgan qo‘shig‘idan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “hofiz qo‘shni davlatlarda qurilayotgan “Rog‘un” va “Qambarota” GESlari haqida kuyladi” qabilidagi gap-so‘zlar ko‘payib ketgan edi.

O‘zbekistondagi “Darakchi” gazetasi “O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev Rog‘un va Qambarota GESlari haqidagi qo‘shig‘ini yozib tugatdi”, deb xabar bergan edi.

She‘r hukumat o‘tkazadigan “Navro‘z”, “Mustaqillik” bayramlari stsenariylari muallifi shoir Iqbol Mirzo qalamiga tegishli.

67 yoshli o‘zbek hofizi Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta kontsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, Sherali Jo‘rayevning katta sahnada qo‘shiq kuylashiga 1994 yilda yuqoridan “norasmiy taqiq” qo‘yilgan.

1947 yilning 12 aprelida Andijon viloyatining Asaka tumanida tavallud topgan Sherali Jo‘rayev yaqin ellik yildan buyon ijod qilib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG