Линклар

logo-print
Surxondaryoda qarg‘a o‘zbekcha gapirdi. Sirdaryoda retsidivist norasida qizni zo‘rlab yoqib yubordi. Odil Ahmedov SSKA va BAA jamoasi o‘rtasida talash bo‘lmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.


“Sirdaryoda retsidivist norasida qizni zo‘rlab yoqib yubordi”

Sirdaryoda mudhish jinoyat ro‘y bergan: ismi oshkor etilmagan erkak hali voyaga yetmagan qo‘shni qizni zo‘rlab, so‘ngra uni yoqib yuborgan (“Adolat ko‘zgusi”, 29 may).

Ma‘lum qilinishicha, sudlanuvchi bunga qadar talonchilik, o‘g‘rilik kabi jinoyatlarda to‘rt marta ayblanib, qamalib chiqqan. Mast holatda qo‘shnining norasida qizini zo‘rlagan sudlanuvchi jinoyatini yashirish uchun avval qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan, so‘ngra qo‘shnining uyiga o‘t qo‘ygan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi nomi oshkor etilmagan shaxsni 24 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Xavfli retsidivist deb topilgan shaxs jazoning daslabki 4 yilini yopiq rejimda – turmada o‘tashi belgilangan.


“Davlat mansabdorlari xorij emas, o‘zbek avtomobilida yursin!”

O‘zbekistondagi davlat mansabdorlari orasida xorijda ishlab chiqilgan avtomobillardan foydalanish holatlari hamon kamaygani yo‘q (“Noviy vek”, 29 may).

Gazeta bu borada e‘tirozlar e‘tiborsiz qolayotgani, amaldorlarga xizmat mashinasi sifatida ajratilgan avtoulovlar orasida “inomarka”lar hamon ko‘pligini tanqid qilgan.

Mansabdorlarning xorij avtomobillariga ishqibozligi, birinchidan, katta xarajat talab etadi. Ikkinchidan, bu vatanparvarlik chaqiriqlariga ham to‘g‘ri kelavermaydi.

Nashr davlat idoralari amaldorlari Asakada ishlab chiqarilgan avtoulovlardan foydalanishi zarurligini uqtiradi.


“Choyxonaga voyaga yetmagan bolani kiritgan rahbarga ish ochildi”

Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Evropa klassik” korxonasiga qarashli choyxona xo‘jayiniga nisbatan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-moddasiga ko‘ra ish ochildi (“Huquq”, 29 may).

Tuman prokurori Umid Muhamedovga ko‘ra, mazkur ishning ochilishiga voyaga yetmagan o‘smir choyxonada tungi vaqtda ota-onasi kuzatuvisiz o‘tirgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, “Temir ota” xususiy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish shahobchasida voyaga yetmagan o‘smir darsga bormay ishlayotgani aniqlangach, ushbu korxona rahbariga ham ish ochilgan.

Tuman prokuroriga ko‘ra, joriy yilning 4 oyida Ohangaron bo‘yicha voyaga yetmaganlar holati bo‘yicha 2 ta jinoiy ish ochilgan, 62 nafar mansabdor ma‘muriy, 56 nafari intizomiy jazoga tortilgan.


“Sharlotan olimlar ilmni tashlab, sarimsoq ekkani ma‘qul!”

Taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim sharlotan olimlar hamda saviyasiz dissertatsiyalarni keskin tanqid qildi (“Hurriyat”, 28 may).

“Birovlarning fikrlaridan yasagan chaylasini Misr ehromlariga taqqoslab, o‘zini o‘zi targ‘ib va tashviq qilib yuradigan sharlotanlar ham bor ilm bozorida... Juda ko‘p olimlarning so‘zlari amallariga muvofiq kelmaydi. Deylik, o‘zi madaniyatdan gapiradi, ammo madaniy tarafdan tubanligi amalida ko‘rinadi. Olim poklikdan ma‘ruza o‘qiydi – devor aylanib, o‘zi boshi bilan ifloslik botqog‘iga sho‘ng‘iydi” degan Bahodir Karim.

Saviyasiz va foydasiz ilmiy ishlarga to‘xtalgan professor B.Karim shunday degan: “Agar dissertatsiya nomini olgan, omilar nazdida mahobatli ko‘ringan ish insonga, jamiyatga, ma‘naviyatga yordam bermas ekan, bunday bekorchi va bema‘ni ishdan o‘z vaqtida voz kechib, qaro yerni shudgorlab, sarimsoqpiyoz urug‘ini sepib, undan mo‘l hosil olgan yaxshiroqdir”.


“Surxondaryoda qarg‘a o‘zbekcha gapirdi”

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida o‘tkazilgan gullar va qushlar bayramida sherobodlik “Gosha” laqabli qarg‘a qirqqa yaqin o‘zbekcha so‘zni yoddan aytib ko‘pchilikni hayron qoldirdi (“Oila davrasida”, 29 may).

Tadbirda noyob qush va gullar namoyish etilgan. Xabarda aytilishicha, ayni paytda “Gosha” qarg‘asi Sherobod tumani Yosh tabiatshunoslar markazi rahbari Bo‘ri Rahimovning uyida parvarishlanmoqda.


“Odil Ahmedov SSKA va BAA jamoasi o‘rtasida talash bo‘lmoqda”

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Anji” (Maxachqala) futbol klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov o‘z faoliyatini Moskvaning SSKA klubida davom ettirishi mumkin (“XXI asr”, 29 may).

Moskva klubi Ahmedovni ijaraga olishni yoki unga tegishli huquqlarni 8 million yevroga sotib olishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda BAA klublaridan biri ham Odil Ahmedovga katta moddiy manfaat keltiradigan shartnoma taklif etmoqda.

Qayd etilishicha, Rossiyaning “Krasnodar” jamoasi ham yarim himoyachiga “chaqiruv qog‘ozi” jo‘natgan, ammo “Anji” rahbariyati bu taklifni rad etgan.


“Chilim chekayotgan qizlarga chorani kuchaytirish taklif qilindi”

Toshkentdagi qahvaxonalarda chilim chekayotgan qizlarning paydo bo‘lgani xavotirli voqea sifatida baholandi (“Inson va qonun”, 27 may).

Adliya vazirligi nashri muxbiri bu holatga chorani kuchaytirishni taklif qilgan. “Bu qizlarning ahvolini qarang, ertaga ular ona bo‘ladi, nahotki, buning zararini bilishmasa... Aytishlaricha, chilim sigaretadan ham kuchliroq va xavfliroq ekani. Bu boradagi choralar yanada qat‘iylashtirilishi holat avj olishining oldini oladi degan fikrdamiz” deb yozadi muxbir D.Ergasheva.

Qayd etilishicha, bitta sigareta inson umrini 5,5 daqiqaga qisqartiradi.


“Toshkent akvabog‘ida cho‘milish 30 ming so‘mga tushadi”

20 maydan boshlab Toshkentdagi bir qator akvabog‘larda cho‘milish mavsumi ochildi. Shu munosabat bilan “Darakchi” gazetasi shahardagi suv havzalarida cho‘milish bahosini e‘lon qildi.

Shahar markazidagi “Akvabog‘”da 3 soat dam olish uchun kattalar 30 ming so‘m, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar 15 ming so‘m to‘laydi. Yunusobod tumanida joylashgan “Aqualand”ga kirish chiptasi esa kattalarga 26 ming so‘m, bolalarga 13 ming so‘mni tashkil etadi.

“Limpopo” akvabog‘iga kirish chiptalarining narxi hali aniq belgilanmagan. Akvabog‘ 1 iyunga yaqin ochiladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, akvabog‘da dastlabki bir soat cho‘milish 12 ming so‘mga tushadi, keyingi soatlar esa arzonlashib boradi.
XS
SM
MD
LG