Линклар

30 may kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining Toshkentdagi 64/18-sonli muassasasidan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Toshkent viloyat bo‘limi faoli, 58 yoshli Abdurasul Xudoynazarov muddatidan avval ozodlikka chiqarildi.

Bu haqda Ozodlikka huquq faolining o‘zi bilan so‘zlashgan mobilь muxbirlarimiz xabar qildi.

“Ezgulik” jamiyatining o‘z faoli ozod qilinishi munosabati bilan tarqatilgan bayonotida O‘zbekiston Respublikasi jinoyat ijroiya qonunchiligining gumanizm tamoyillari qo‘llanilib, muddatidan avval ozod qilingan Abdurasul Xudoynazarovning ahvoli qoniqarli, ruhi tetik ekani qayd etiladi. Jamiyat o‘z faolining oilasi bag‘riga qaytganidan mamnun.

“Ezgulik”ka ko‘ra, huquq faollari Abdurasul Xudoynazarovning ozod qilinishi masalasida hukumatga doimiy talabnomalar bilan chiqib kelishgan, diplomatik korpus vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan o‘zaro muloqotlarda shu masalani ko‘tarishgan.

- Xudoynazarov qamoqda tuberkulyoz (sil) xastaligi bilan og‘rigan. Shu boisdan Zarafshondan Toshkentga olib kelingandi. Hozirda uning muddatidan avval “shartli qamoq” bilan ozodlikka chiqarilganmi yoki u jazoning qolgan qismini o‘tashdan ozod qilinganmi - bu bizga ma‘lum emas, - dedi “Ezgulik” jamiyatining Toshkent viloyat bo‘limi raisi Abdurahmon Tashanov.

Eslatib o‘tamiz, Abdurasul Xudoynazarov Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (Tovlamachilik), 168-moddasi (Firibgarlik) va 227-moddasida (Hujjatlarni soxtalashtirish) ko‘zda tutilgan ayblovlar bo‘yicha 2005 yilning 26 iyunida hibsga olingan va 2006 yilning 12 yanvarь kuni 9,6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Xudoynazarov Bekobod qamoqxonasidagi tahqir va qiynoqlar tufayli 2008 yil sentyabrida o‘z joniga qasd qilishga uringani va baxtli tasodif tufayli o‘lim changalidan qutulib qolgani ma‘lum.
XS
SM
MD
LG