Линклар

logo-print
“Islom va musulmonlar”ning navbatdagi qahramoni - toshkentlik 62 yashar ganchkor usta, Malayziyada muhtasham masjidlar qurayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor Osimxon Mo‘minovdir. 18 yil davomida bu davlatda Osimxon usta sharqona uslubda bezagan yirik masjidlardan biri Kuala-Lumpur markazidagi Petronas minoralari ichida bo‘lsa, yana biri minoralar yonida joylashgan 8 ming kishilik ulkan masjiddir.


Maktub

Malayziyada quruvchilik qilayotgan Osimxon Mo‘minov haqida Ozodlik tinglovchisi tahririyatiga maktub yo‘lladi.

Maktubda Osimxon Mo‘minov Malayziyada muhtasham masjidlar qurayotgani, ganchkorlik va o‘ymakorlik amaliy san‘ati asosida qurilayotgan masjidlar katta e‘tibor qozonayotgani haqida yozdi. Bu davlatdagi tinglovchilar ko‘magida muxbir Osimxon ustani topdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, 18 yildan buyon bu davlatda yashab-ishlayotgan toshkentlik ganchkor usta Osym Sdn Bhd nomli quruvchilik, ganchkorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi shirkat rahbaridir. 1980 yilda ochilgan bu shirkat shu kunga qadar 150 dan ortiq yirik loyihalarda ishtirok etgan, ba‘zi ob‘ektlarni to‘liq qurib, foydalanishga topshirgan.

Osimxon usta bilan u kishi qurayotgan masjidlar, Malayziyadagi hayot, ibodat va ayni paytda, O‘zbekiston hamda dunyodagi bugungi musulmonlar xaqida suhbatlashdik.


Hunar

1975 yillarda harbiy xizmatdan tug‘ilgan shahri Toshkentga qaytgan qahramonimiz ota-onasining maslahati bilan hunarga yo‘naltirilgan va ganchkorlikni o‘rgangan.

Bir qarashda odmigina ko‘ringan bu hunar egasi 1996-1997 yillarda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdagi egizak bino – Kuala-Lumpur Siti Tsentr yoki dunyoda yana bir nom - Petronas minoralari nomi bilan tanilgan kompleksning ichki qismiga ishlov berishda ishtirok etgan va binodagi masjidni o‘zbekona amaliy san‘at uslubida bezagan.
Osimxon Mo‘minov Toshkentda.

Osimxon Mo‘minov Toshkentda.

21 yoshligida toshkentlik mashhur ganchkor usta qo‘liga hunar o‘rgangani borgan kezlarida Osimxon bir kun kelib dunyodagi qudratli musulmon davlati sanalgan Malayziya poytaxtidagi 8 ming kishiga mo‘ljallangan mashhur Al-Buxoriy masjidiga o‘z qo‘llari bilan naqsh solishini tasavvur ham qilmagandir.

- Toshkentlik mashhur usta Mahmud Usmonov qo‘lida hunar o‘rganganmiz. Ma‘lumotimiz o‘rta. Asosan, shu ganchkorlik hunarini o‘rganib, shuning orqasidan ish boshlaganman. Toshkentda ko‘p ob‘ektlarda qatnashganman. Skverdagi metro, Gorьkiy metro bekatlari, avvalgi Lenin muzeylariga ishlov berganmiz. Aslida sovet ittifoqi bo‘ylab, shunaqa ob‘ektlar qurilishida ko‘p yurganmiz, - deydi Osimxon Mo‘minov.


Maxathir Muhammad tashabbusi

18 yildan beri Malayziyada bunyodkorlik ishlarini qilayotgan Osimxon Mo‘minov u qurgan va qurilishida ishtirok etgan ob‘ektlarning kattagina qismini aynan masjidlar tashkil qilishini aytmoqda.

Malayziya sobiq boshi vaziri Maxathir Muhammad 1990-1998 yillar oralig‘ida Malayziyada 20 yillik davrni o‘z ichiga olgan yangi iqtisodiy dastur - Vision 2020 dasturi asosida islohotlar boshlagan edi.

O‘sha dasturlar asosida Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar, xususan endigina mustaqil bo‘lgan O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasida o‘zaro siyosiy-iqtisodiy-madaniy aloqalar o‘rnatilgan. Ikki tomonlama madaniy-iqtisodiy dasturlar asosida Malayziyaga borib qolgan Osimxon usta o‘sha davrda omadi kulgan o‘zbekistonlik oz sonli hunarmand-tadbirkorlardan biri bo‘ldi.

- O‘sha vaqtda O‘zbekistonga borgan Malayziyaning avvalgi bosh vaziri Maxathir Muhammad Toshkent, Samarqand va Buxorodagi o‘ymakorlik, ganchkorlik bilan ishlov berilgan masjidlar, tarixiy obidalarni ko‘rib havas qilgan. Keyin shunaqa ustalardan bir guruhini Malayziyaga taklif qilganida, biz ham borib qoldik, - deydi Osimxon Mo‘minov.
Osimxon ustaning shirkati solgan naqshlar.

Osimxon ustaning shirkati solgan naqshlar.



Shu tariqa, bu kishi sobiq Bosh vazir tavsiyasi bilan Kuala-Lumpurdagi qator yirik masjidlar, davlat ahamiyatidagi binolarga sharqona amaliy san‘at uslubida ishlov bergan o‘zbekistonlik o‘ymakor, ganchkor va naqqosh ustalardan biriga aylandi.

1980 yillarda Malayzidagi qurilish shirkatlaridan birining taklifi asosida Osimxon Mo‘minov Osym Sdn Bhd nomli quruvchilik va ganchkorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi qo‘shma korxona tuzdi. Ayni paytda ushbu shirkatning rahbaridir.


O‘zbekiston va Malayziya masjidlari

Biz Osimxon Mo‘minovdan O‘zbekistondagi tarixiy va yangi qurilgan ulkan masjidlar bilan Malayziyadagi masjidlar farqi haqida so‘radik.

- O‘zbekistondagi masjid va tarixiy obidalar Malayziyanikidan ancha boy, qadimiy. Amaliy san‘at va naqqoshlik nuqtai nazaridan. Malayziyada qadimdan masjidlarga uncha bezak berilmagan ekan. Oddiygina qilib, qurib qo‘yilgan. Biz kelganimizdan keyin bizga ko‘proq masjidlarga bezak berish haqida talablar tusha boshladi, - deydi Osimxon usta.
Osimxon Mo‘minov Malayziyada.

Osimxon Mo‘minov Malayziyada.

Yo‘li tushib, Kuala-Lumpurga boradigan hamyurtlarini Osimxon usta shahar markazidagi 8 ming kishilik Al-Buxoriy masjidiga taklif qildi.

- Asli avlodi buxorolik bo‘lgan katta olim - Said Muxtor al-Buxoriy, degan olim o‘tgan bu davlatda. Bu kishi qurdirgan qadimiy masjid bor markazda. Bundan tashqari, Kuala-Lumpur Siti Tsentr binosidagi masjidga ham biz ishlov berganmiz, - deydi o‘zbekistonlik usta.


Halol mehnat qilgan musulmonning yo‘li ochiq

Malayziyada masjidlar qurayotgan hunarmand usta Osimxon Mo‘minov diniy ilqi haqidagi savolimizga javoban o‘ziga “hamma qatori besh mahal namoz o‘qiymiz, xolos”, deb ta‘rif berdi.

- Islomda chuqur ilmimiz yo‘q. Shu besh mahal namoz o‘qiymiz, Qur‘on o‘qib turamiz. Unaqa maxsus ilm olmaganmiz, - deydi Osimxon usta.

Ikki davlatdagi ibodat va musulmonlar uchun shart-sharoitlar bobida ham suhbatdosh qisqagina javob berdi:

- Menimcha, u qadar katta farq yo‘q. Malayziyada ham masjidlar ochiq turganiga qaramay, namoz o‘qiydiganam ko‘p, o‘qimaydigan ham ko‘p. O‘zbekistonda ham shu. Men o‘tgan yili borib, 6 oy O‘zbekistonda bo‘ldim. 5 mahal masjidga qatnab namoz o‘qidim. Hech kim, hech narsa demadi, - deydi toshkentlik hunarmand usta.

E‘tibor qilganingizdek, Osimxon Mo‘minov O‘zbekistonda musulmonlar va islomga amaldagi hukumatning bugungi munosabati, dindorlarning ayrim toifalariga qarshi ta‘qib va tazyiqlar, ibodatning cheklangani oid kuzatuvlar masalasida ortiqcha to‘xtalishni istamadi.

U kishi o‘z hayotidagi asosiy printsip – 5 mahal namozni vaqtida o‘qish, haromdan tiyilish va halol mehnat qilish ekanini aytish bilangina cheklandi.

- To‘g‘ri ibodatini qilib, to‘g‘ri ishini qilib yurgan, halol mehnatda bo‘lgan odamlarga hech qayerda hech kim hech narsa demaydi, menimcha, - deb hisoblaydi o‘zbekistonlik ganchkor usta Osimxon Mo‘minov.

Xorijda yurgan o‘zbekistonlik musulmonlarning bugungi hayoti, yumushlari hamda Islom va musulmonlar haqidagi xulosalari bilan tanishtirish maqsadida qurganimiz navbatdagi suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:
XS
SM
MD
LG