Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:44

Besh yil toliblar asiri bo‘lgan amerikalik askar ozod qilindi


Tolibon hakarati 2009 yil 25 dekabrda e‘lon qilgan serjant Bou Bergdalning fotosurati.
Tolibon hakarati 2009 yil 25 dekabrda e‘lon qilgan serjant Bou Bergdalning fotosurati.
AQSh Prezidenti Barak Obama Afg‘onistonda besh yil janggarilar qo‘lida tutqunlikda saqlangan serjant Bou Bergdal AQShning Guantanamo qamoqxonasidagi besh nafar toliblarning yuqori lavozimli a‘zosi Qatar hukumati qamoqxonasiga o‘tkazilishi evaziga ozod qilinganini bildirdi. Obama Guantanamo mahbuslarining Qatarga o‘tkazilishi AQSh milliy xavfsizligiga tahdid emasligini ma‘lum qildi.

AQSh prezidenti ma‘muriyatining yuqori lavozimli rasmiysi afg‘onistonlik mahbuslarning Qatar qamoqxonasiga o‘tkazilishi Qatar vositachiligida Afg‘oniston bo‘yicha “kengroq yarashuv jarayoni”ning bir qismi ekanini ma‘lum qildi.

Ozodlik muxbiriga ko‘ra, 2013 yilda Tolibon harakati muzokarachilari Qatardagi o‘z idorasi orqali afg‘onlararo tinchlik jarayonida mahbuslar ham ishtirok etishini ta‘minlash maqsadida Guantanamo qamoqxonasida saqlangan yuqori lavozimli toliblar vakillari Qatar qamoqxonasiga o‘tkazilishi evaziga AQSh armiyasi serjanti Bou Bergdalni ozod qilish taklifini ilgari surgan.

Biroq Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay e‘tiroz bildirgani ortidan Qatardagi Toliblar vakolatxonasi yopib qo‘yilganidan keyin o‘tgan yil tomonlar kelishuvga erisha olmagan.

Guantanamodan Qatarga ko‘chirilgan besh nafar mahbusning to‘rt nafari Tolibon rejimining yuqori lavozimli rasmiysi va biri Haqqoniy tarmog‘ining a‘zosi bo‘lgan.

Serjant Bou Bergdal ozod qilingani munosabati bilan shanba kuni Vashingtonda so‘zlagan AQSh Prezidenti Barak Obama Guantanamodagi besh mahbus Qo‘shma Shtatlar xavfsizligi ximoyalanishi kafolatlangani ortidan Qatarga ko‘chirilayotganini urg‘uladi.

- Qo‘shma Shtatlar Guantanamo qamoqxonasida saqlangan besh mahbusni Qatarga topshirmoqda. Qatar hukumati bizning milliy xavfsizligimizni himoya qilish choralari ko‘rilishiga kafolat berdi, - deya bayon qildi Barak Obama.

Tolibon harakati e‘lon qilgan bayonotda afg‘onistonlik besh mahbus Qatar qamoqxonasiga o‘tkazilishi haqidagi xabar Afg‘onistonda “katta quvonch” bilan qarshi olingani bildirilgan.

Vashingtonda Oq Uyning yuqori lavozimli rasmiysi jurnalistlarga afg‘onistonlik besh mahbus “Qatar hukumati nazoratida bo‘lishini, ularning harakati va faoliyati cheklangan bo‘lishi”ni ta‘kidladi.

Qatar hibsxonasiga o‘tkazilgan to‘rt mahbus Tolibon harakatining muhim a‘zolari bo‘lib, ular toliblar rejimi ag‘darilganidan so‘ng 2001 yil oxiri va 2002 yil boshida AQSh qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olingan.

Tolibon rejimining Ichki ishlar vaziri Xayrulla Xayrxva, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Muhammad Fazl, toliblarning Balx viloyati hokimi Mulla Nurullo Nur, shuningdek, Tolibon harakati asoschilaridan biri, Tolibon rejimining razvedka xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdul Haq Vosiq Qatardagi hibsxonada saqlanadi.

Qatar ixtiyoriga topshirilgan beshinchi mahbus Tolibon harakatida yuqori lavozimni egallamagan, ammo Haqqoniy tarmog‘iga aloqasi bo‘lgani taxmin qilingan Muhammad Nabidir.

AQSh armiyasi serjanti Bou Bergdal 2009 yil 30 iyunь kuni Afg‘onistonning Paktika viloyatida Haqqoniy tarmog‘iga aloqador ekani taxmin qilingan janggarilar tomonidan asir olinganidan beri tutqunlikda saqlangan.

31 may kuni poytaxt Kobuldan shimol tomonda joylashgan Bag‘rom havo bazasida dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tgan Bou Bergdal 1 iyun kuni ertalab tibbiy muolajadan o‘tish uchun AQShning Germaniyadagi harbiy bazasiga uchib ketgan.
XS
SM
MD
LG