Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:22

Blog: Ibn Sino, doktor Haus va fonendoskop ishlatishni bilmaydigan shifokor


Xudo ko‘rsatmasin, betob bo‘lib qolsangiz, ko‘zingizga dunyo tangu tor ko‘rinib kasalxonaga chopasiz. Shunday mahalda najot istab borgan shifokoringiz o‘zi yordamga muhtoj bo‘lsa-chi?! Ciz yig‘lab borsangiz, u ho‘ngrab chiqsa-chi?!

Shu kunlarda O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash muassasalarida kadrlarni yoshartirish kampaniyasi davom etyapti. “Davri o‘tgan” keksa mutaxassislar kuzatilib, ular o‘rnini yangi avlod egallayapti.

Mayli-da, tegirmon navbati bilan. Keksalar nafaqaga chiqib, o‘z o‘rnini yoshlarga bo‘shatib bergani nur ustiga nur. Lekin eski avlod o‘rniga kelayotgan yangi avlod orasida malakasiz, hatto sohaga tasodifan kirib qolgan yigit-qizlar anchagina ekani xavotir uyg‘otmay qo‘ymaydi.

Oilaviy poliklinikalarda ham navqironu navjuvon mutaxassislar xiyla ko‘payib qoldi. “Aql yoshda emas, boshda” degan ko‘hna gap bor. Hakimi hoziq Ibn Sino 11 yoshida Buxoro tojdori Nuhni davolagani ma‘lum va mashhur. Lekin zamon o‘zgarib, “Aql boshda emas, yoshda” qoidasi ustun kelayotgandek.

Poliklinikalardagi ona suti og‘zidan ketmagan tajribasiz shifokorlarni ko‘rib, ochig‘i, rahmingiz keladi. Hatto fonendoskopni amal-taqal ishlatadi, tashxis qo‘yishga kelganda muztar yer chizib turadi. “Avval shifokorga uchraganmisiz? Nima degandi?” ko‘zlari javdirab kasalingizni o‘zingizdan so‘raydi (Bu manzaraga Siz ham duch kelgan chiqarsiz).

Hoynahoy, tibbiyot akademiyasini hotamtoy otasining davrida bitirib olgan. Mudarrisning gavroni ham kor qilmaganini qarang! Jillaqursa, “Doktor Haus” serialini to‘liq ko‘rib chiqqanida ham binoyidek shifokor bo‘p qolardi-ya!

Bemor zoti vahimachi, badgumon bo‘ladi, shunday emasmi? (Esingizda bo‘lsa, yozuvchi Dino Butsatti “Yetti qavat” hikoyasida kasal odam psixologiyasini kiftini keltirib tasvirlagan) Soniyalar ichida ne xayollarga borasiz. Boz ustiga, no‘noq shifokorni ko‘rib, jismi joningiz og‘rib turgani ham zumda esdan chiqadi. Jon shirin-da!

Boshqa sohalarni bilmadim-u, lekin tibbiyotda yosh omili ham muhim. Yillar o‘tgani sari shifokorning ko‘zi pishadi, tajribasi oshadi. Bilim va tajribani bearmon g‘amlagan hakimlarni ko‘chaga chiqarib qo‘yishdan esa, birinchi navbatda, bemorlar jabr ko‘radi.

Ot o‘rnini toy bosgani durust. Lekin toychoqlar bebosh va yotag‘on chiqaversa, yoshi o‘tinqiragan bo‘lsa-da, otlar xizmatidan foydalanib turish kerak.

Sinchkov bemor
XS
SM
MD
LG