Линклар

Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi Chamanzor qishlog‘i aholisi bir oydan ko‘proq vaqtdan buyon ichimlik suvining bir paqirini 500 so‘mdan sotib olayapti. Chamanzorliklarning aytishicha, ko‘pchilik ichimlik suviga puli yo‘qligi bois kanal suvini ichayapti.


Chamanzor qishlog‘ida yashovchi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan manbaning Ozodlikka yozishicha, ular toza ichimlik suvi yo‘qligidan bir paqir suvni 500 so‘mgacha sotib olishga majbur bo‘layapti:

“Bizda hozir ichimlik suvi yo‘q. Odamlar bir paqir suvni 500 so‘mgacha sotib olayapti. “Suv oqova” korxonasidan “Nega suv chiqmayapti”, deb so‘rasak, “Motor buzilgan, har bir xonadon 1000 so‘mdan yig‘ib bersanglar, motorni ta‘mirlaymiz, keyin suv chiqadi”, deydi. Kecha ko‘chamizning oqsoqoli kelib, 1000 so‘m olib ketdi. “Ertaga suv chiqaramiz” deyishdi. Lekin bu bir bahona. Yana bir oy o‘tar- o‘tmas yana motor buziladi. Pul yig‘ish ularning bahonasi”, deya email orqali xabar yo‘lladi chamanzorlik manba.

Chamanzor qishlog‘ida yashovchi boshqa bir manba esa Ozodlik muxbiri bilan suhbatda aksar aholi ichimlik suvini sotib olishga mablag‘i yo‘qligi bois, ariq va kanal suvlaridan ichayotganini aytdi:

“Biz oilada 3 kishi yashaymiz. Shuning uchun kuniga 1 paqir suvni 500 so‘mga sotib olaman. Bu suvni ichishga va ovqatga ishlatamiz. Qolgan narsalar uchun kanal suvidan foydalanamiz. Lekin oilasida ko‘pchilik yashaydiganlar uchun bir paqir suv yetmaydi. Qo‘shnilarim orasida ko‘pchiligi suvga pul sarflamaslik uchun kanal suvidan ichishayapti. O‘zimiz ham pul yetmay qolgan kunlari yonimizdan oqadigan kanal suvidan olib kelib, shuni ichamiz”, deydi Chamanzor qishlog‘ida yashovchi manba.

Paxtakor tuman Suv oqova korxonasida ishlovchi, ismini ochiqlamayotganimiz manba Chamanzor qishlog‘ida shu kunlarda ichimlik suvi muammo bo‘lib turganini tasdiqladi.

“Bunga sabab, Chamanzor qishloq fuqarolar yig‘iniga suv tortadigan motorimiz kuyib qoldi. Motorni ta‘mirlab, joyiga qo‘yguncha, shu uzilish bo‘lib qoldi. Sal oldin ham shu motor buzilgani ortidan ichimlik suv bilan ta‘minlashda uzilish bo‘lgan”, deydi Suv oqova korxonasi xodimi.

Paxtakor tuman hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Chamanzor qishlog‘ining deyarli butun hududiga ichimlik suvi quvurlari tortilgan:

“Bu qishloq to‘la vodoprovodlashtirilgan. Faqat qishloq chekkasidagi, yangi qurilayotgan mahallaga hali vodoprovod suvi yetib bormagan”, dedi Paxtakor tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

O‘zbekiston o‘z suv resurslariga ega bo‘lsa-da, jiddiy suv taqchilligini boshidan kechirayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. BMT ma‘lumotiga ko‘ra, bu iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasining yuksalishiga monelik qilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda ichimlik suv muammosi kundan kun og‘irlashib borayapti, janubiy va g‘arbiy viloyatlarda ichimlik suv tanqisligi ayniqsa yaqqol sezila boshlagan.

Mamlakatda ichimlik suvi, asosan, yer osti manbalar hisobidan ta‘minlanadi. Yer osti chuchuk suv resurslari Farg‘ona vodiysi (34,5 %), Toshkent (25,7%), Samarqand (18%), Surxondaryo (9%) va Qashqadaryo viloyatlari (5,5%)da jamlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari mahalliy obi hayot manbalaridan deyarli mahrum.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining qariyb to‘rtdan bir qismi (6 milliondan ortiq kishi) ifloslangan suvning salbiy ta‘sirini his qilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar necha yildirki, Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisi ichayotgan suv amaldagi standartlardan bir necha tosh narida ekani haqida bong uradi. Davlat Sanitariya-epidemiologiya idorasi ham ushbu hududdagi vodoprovod suvi kimyoviy tarkibiga ko‘ra 18,7 dan 75 foizgacha davlat standarti talabiga javob bermasligini tan olgan.

Mutaxassislar Samarqand viloyatidagi Zarafshon, Toshkent viloyatidagi Chirchiq va Ohangaron, Farg‘ona viloyatidagi So‘x suv manbalarining ham tagi ko‘rinib qolayotganiga e‘tibor qaratadi.
XS
SM
MD
LG