Линклар

logo-print

"Sport" kanali futbol bo‘yicha JCh-2014 translyatsiyasi narxini tushirishga urinmoqda


Jahon Chempionatiga chiqa olmagan milliy futbol jamoasi.

Jahon Chempionatiga chiqa olmagan milliy futbol jamoasi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi "Sport" telekanali Braziliyada 12 iyun kuni boshlanadigan futbol bo‘yicha 2014 yilgi Jahon Chempionatini translyatsiya qilish huquqini sotib olishga urinmoqda. Norasmiy manbaga ko‘ra, 12 iyundan 13 iyulgacha bo‘ladigan futbol o‘yinlarini jonli tarzda efirga uzatish huquqi uchun 1 million AQSh dollari atrofida so‘ralgan va "Sport" kanali ma‘muriyati bu narxni tushirishga urinmoqda.

"Sport" telekanalining Xalqaro o‘yinlar va tadbirlar translyatsiyasi uchun mas‘ul bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Braziliyada bo‘ladigan JCh-2014 futbol o‘yinlari translyatsiyasini xarid qilish bo‘yicha "muzokaralar haliyam davom etmoqda va 2-3 kun ichida natijasi rasman e‘lon qilinadi".

Braziliyada chempionat boshlanishiga 10 kun qoldi hamki, O‘zbekistondagi millionlab futbol muxlislari o‘yinni jonli tomosha qilish imkoni bo‘ladimi yoki yo‘qmi, degan savol javobini ololmay xunob bo‘layotgan edi.

Zero, 2014-yilgi Jahon Chempionatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish huquqini sotib olgan dunyo OAV va translyatorlari ro‘yxatiga hozircha O‘zbekiston kiritilgani yo‘q.

"Sport" telekanali tahririyati muzokaralarga oid tafsilotlarni hozircha ochiqlamadi. Ammo, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi xodimlaridan birining Ozodlikka shaxsi sir qolishi sharti bilan aytishicha, hozir translyatsiya huquqi uchun so‘ralgan narxni tushirish ustida so‘zlashuvlar bormoqda.

"1 million AQSh dollari, deyishgan. Hozir shu narxni tushirishga urinishayapti. Natija ma‘lummas hali. Aslida FIFA tomonidan bu huquqlar har xil narxda sotiladi. Ba‘zi mintaqalarda rasmiy translyatorlar bor. Ularga qimmat narxda sotiladi. O‘zbekistonda esa bu huquqni Milliy teleradiokompaniya sotib oladi. Muhimi, chempionatga yaqin qolganda translyatsiya narxi ham arzonlaydi", dedi O‘zbekiston FFning ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi.

Xalqaro Futbol federatsiyasi matbuot xizmati esa "translyatsiya uchun narx spetsifik masala ekani va bu narx tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar asosida shakllanishi"ni ma‘lum qildi.

Ammo, shu yilning 30 aprelida avvaldan va‘da qilingan va teledasturlarga kiritilgan Evropa Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi “Chelsi” va “Atletiko” futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘yin efirga uzatilmay qoldi.

Stadion.uz saytining yozishicha, eng so‘nggi daqiqlarda “Sport” telekanalining bu o‘yinni jonli efirga uzatish qaroridan qaytishiga translyatsiya huquqiga egalik qiluvchi kompaniya da‘vosi sabab bo‘lgan.

"30 aprel kuni O‘zMTRKga ushbu kompaniyadan uchrashuvni translyatsiya qilmaslik haqida ogohlantirish xati kelgan. Shuni e‘tiborga olib, O‘zMTRK rahbariyati uchrashuvni efirga uzatmaslikka qaror qilgan", deb yozdi ushbu sayt.

Ayni paytda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lgan chempionatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilish huquqini sotib olgan va o‘yinlar "Sport" hamda "Yoshlar" telekanallari orqali jonli uzatilgan edi.

Quyida o‘tgan yilgi o‘yinlarni tomosha qilgan va bu yil ham shunday imkon berilishiga umid qilayotgan toshkentlik futbol ishqibozi Kamoliddin bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.


Bundan tashqari, O‘zbekiston MTRK rasmiylari bu kanallardan berilayotgan o‘yinni katta ekranda namoyish qiladigan klublar, kafe va boshqa jamoat muassasalari ham haq to‘lashi kerakligini iddao qilgandi.

"O‘zbekistonda kafelar 1 ming AQSh dollaridan O‘zMTRKga pul to‘laydi. Kompaniya translyatsiya huquqini sotib olayotganda buning uchun ham haq to‘laydi", dedi Ozodlikning O‘zMTRKdagi manbasi 2014-yilgi JCh arafasida ham.

Ammo, FIFA ma‘muriyati jamoat muassasalariga nisbatan translyatsiya haqqi sotilishiga oid da‘volarni inkor qilgan. Jumladan, 2012 yilgi Yevropa chempionati paytida O‘zbekiston televideniyesi vakillarining ayni tajribasi FIFA talablaridan kelib chiqqani haqidagi iddaolar inkor qilgan edi.

FIFA talablariga binoan "agar kafe, bar yoki jamoat joylarida futbol o‘yinlari ko‘rsatilsa, ekrani 6 kvadrat metrdan katta bo‘lmasligi, 150 kishidan ortiq tomoshabin yig‘ilmasligi va tomoshabinlardan futbol o‘yinini tomosha qilish uchun haq undirilmasligi lozim". Bundan tashqari, tekin tomosha vaqtida ham "reklama e‘lonlari berilmasligi lozim".

Shu talablar doirasidan chiqib ketilgan taqdirda namoyish uchun kelishuv imzolanadi va bunday kelishuv faqat FIFA vakillari bilan imzolanadi hamda haq FIFAga to‘lanadi.

Ya‘ni, O‘zbekistonda bo‘lgani kabi JCh o‘yinlarini berayotgan telekanallar efirini kafe, restoran yoki boshqa jamoat joylarida tekinga namoyish qilgan yuridik yoki jismoniy shaxslardan namoyish uchun haq undirish noqonuniydir.

12 iyun kuni Braziliyada boshlanadigan chempionatni yoritish uchun hozircha O‘zbekistonda yagona elektron axborot vositasisi - uff.uz sayti jurnalistlariga akkreditatsiya berilgani xabar qilingan.

“FIFA tashkiloti Braziliyada futbol musobaqalarini yoritish uchun butun O‘zbekiston matbuoti bo‘yicha faqatgina Uff.uz saytiga rasmiy akkreditatsiyani berdi. Tez kunlarda mazkur sayt jurnalistlari - Azizxon Akbarov hamda San‘at Sharipov Braziliyaga xizmat safariga uchib ketishadi" deb yozdi, jumladan uff.uz sayti.

2 iyun kuni olingan ma‘lumotga ko‘ra, Osiyoning eng sara hakami, deb to‘rt bora tan olingan Ravshan Ermatov va uning boshchiligidagi hakamlar guruhi futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan Braziliyaga yetib borgan.

Ravshan Ermatovga o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorovlar yordamchilik qiladi. Ravshan Ermatov MDH va Boltiqbo‘yicha mamlakatlari hakamlari orasida mazkur chempionatda qatnashayotgan yagona bosh hakamdir.

Eslatamiz, o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov 2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham hakamlik qilgan.
XS
SM
MD
LG