Линклар

logo-print
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chiyal jamoa xo‘jaligida 31 may kuni yoqqan seldan talafot ko‘rgan 150 kishi qarindosh-urug‘inikida yashashga majbur bo‘lmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Chiroqchining Toqchi va Qozoq mahallalarida sel oqibatida jami 50 ta uy qulab tushgan.

Qozoq mahallasida yashovchi ismini ochiqlamayotganimiz dehqon yigitning aytishicha, shanba kuni yoqqan seldan uyi qulab tushgan va uch kundan buyon oilasi bilan ukasining uyida yashayapti:

“Molxona, bostirma, saroy, tezakxona, ombor hammasi yiqilib tushdi. Hovli-joylarim yiqilib qolgan. Hammasini sel bosib qolgan. Hozir ukamning uyida yashayapman. Qancha zarar ko‘rganimni hisoblab ko‘rmadim, 200 ta shifer ketgan. Hamsoyalarimdan 4-5 tasining ham uyi talafot ko‘rgan. Bittasining uyi butunlay qulab tushgan. Hamma narsasi uy tagida qolib ketgan. Boshqa bir hamsoyamiz uyiga kirishga qo‘rqayapti. Qulab tushish xavfi bor. Ular ham qarindosh-urug‘larinikida yashab turibdi. Tuman hokimi, favqulodda vaziyatlar bo‘limidan kelib, “yordam beramiz”, deb ketishdi. Lekin hozircha yordamdan darak yo‘q”, dedi Qozoq mahallasida yashovchi yigit.

Toqchi va Qozoq mahallalarida shanba kunining o‘zida 21 ta uy yoqqan kuchli sel oqibatida qulab tushgan. Chiroqchidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida sel natijasida suv kirgan uylar birin-ketin qulab tushayapti:

- 50 ta turar-joy yer bilan tekis bo‘lgan. 31 ta har turdagi imoratlar yo‘q bo‘lgan. 100dan ortiq uyni suv bosgan. Uyning ichidagi suv ketmagan. Nasoslar bilan chiqarishgan. Shunaqa bo‘lsa ham devorlar yiqilgan. Yiqilmagan uylar ërilib ketgan¸ kirishga qo‘rqayapmiz. Shundan beri odamlar ko‘chada yashayaptida. 150dan ortiq odam ko‘chada qoldi. Hozir ko‘chada yashashayapti hammasi. Qarindoshbnikiga ketgan ko‘pchiligi uylarini tashlab, - dedi ismini ochiqlamayotganimiz chiroqchilik manba.

Toqchi mahallasida yashovchi o‘zini tanishtirmagan o‘qituvchining aytishicha, seldan so‘ng uyining qulab tushish xavfi bo‘lishiga qaramasdan, uyda yashayapti:

“Endi uyda poka yashab turibmiz. Zaxlab ketgan. Yiqilib tushish xavfi bor. Shunaqa bo‘lsa ham yashab turibmiz. Nima qilamiz, qayerga boramiz. Hokimlar kelib “Jabrlanganlarga ërdam beramiz”, deb ketgan. Shundan beri hech qanaqa xabar bo‘lgani yo‘q”, dedi toqchilik o‘qituvchi.

Chiroqchidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, sel oqibatida aholining chorva mollari ham nobud bo‘lgan:

- Qoramol¸ chorva mollari tomning tagida qolib ketgan. O‘lgan mollar ko‘p. Uylarni 1 metrlab suv bosgan. Hozir tinib, tagida loyi qolgan. Bitta-ikkita uylarda hali ham suv bor. Odamlarga hech narsa qilmagan kunduzi bo‘lgani uchun. Chiroqchi tumanida uylar pishiq g‘ishtdan qurilmaydida. Unga qurbi yetmaydi odamlarning. Loydan qurishadida. Shuning uchun shunaqa talafot bo‘lgan, - dedi chiroqchilik manbamiz.

Chiroqchi tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimining aytishicha, hozirda seldan talafot ko‘rgan aholiga yordam berish masalasi o‘rganilayapti.

“Tuman hokimi bu borada maxsus qaror chiqargan. Shu seldan talafot ko‘rgan xanadonlar bo‘yicha maxsus komicsiya tuzilgan. Ular har bir uyning qancha zarar ko‘rganini aniqlayapti. Albatta talafot ko‘rgan xonadonlarga yordam tashkil qilinadi”, degan hokimlik mulozimi seldan ko‘rilgan talafotlar ko‘lamini ochiqlamadi.

30 va 31 may kunlari O‘zbekistonda yoqqan kuchli yomg‘ir va jala oqibatida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo kabi bir qator viloyatning tog‘li hududlarida sel kelib, aholi talafot ko‘rdi.

Toshkent shahrida ham 30 may kuni yoqqan kuchli yomg‘ir natijasida poytaxt ko‘chalarini sel bosdi. Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida tirbandlik yuzaga kelib, jamoat transportining yurishi qiyinlashgan. Metro stantsiyalariga suv oqib kirgani oqibatida ayrim bekatlar yopilgan.
XS
SM
MD
LG