Линклар

Andijonda nikohsiz tuqqan chaqalog‘ini o‘ldirib, zovurga tashlaganlikda ayblangan 20 yashar ayol uy qamog‘ida saqlanmoqda. Viloyatning Buloqboshi tumanida aprel oyida sodir bo‘lgan bu voqea tafsilotlari Ozodlikka 3 iyun kuni ma‘lum bo‘ldi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘z bolasini o‘ldirganlikda ayblanayotgan ayol ustidan tergov bir oydan buyon davom etmoqda.

Andijon viloyatidagi Buloqboshi tumanining Mayariq qishloq fuqarolik yig‘iniga qarashli mahallalardan birida istiqomat qiladigan 20 yashar qiz (ismi-familiyasi oshkor qilinmayapti – Tahr.) tuqqan chaqalog‘ini o‘ldirib, zovurga tashlaganlikda ayblanmoqda.

Bu xabarni tasdiqlagan Andijon viloyatining huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, voqea aprelь oyida sodir bo‘lgan:

- Bu qiz 16 aprel kuni hech kimga bildirmay bir qarindoshining uyida bolani tug‘ib, so‘ngra bo‘g‘ib o‘ldirgan. Tug‘ilgan chaqaloq qizbola bo‘lgan. Keyin bolani qishloqdagi zovurlardan biriga tashlab yuborgan, - dedi manba.

Suhbatdoshning aytishicha, bu qizning farzand ko‘rgani haqidagi xabarni militsiyaga shifokorlar yetkazgan:

- Bola og‘ir sharoitda tug‘ilgani uchun bu qiz sog‘ligidan shikoyat qilib, ikki haftadan so‘ng ginekologga murojaat qilgan. Bola tug‘ilgani, biroq uning yo‘qligi shifokor ko‘ngliga shubha solib, u militsiyaga xabar bergan. Surishtiruvlar natijasida qiz gunohini bo‘yniga oldi va bola tashlangan joyni ko‘rsatdi, - dedi manba.

Mayariq qishloq fuqarolar yig‘ini ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, ayni paytda bu qiz uy qamog‘ida saqlanmoqda va tergov-surishtiruv ishlari olib borilyapti:

- Bu qiz hali turmushga chiqmagan edi. Bolaning otasi noma‘lum bo‘lgani uchun u shu ishga qo‘l urganini aytdi. Nomusga qolishdan qo‘rqqanda. O‘zi bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlagan. To‘qqiz oy ko‘tarib yurgan bolasini o‘zi o‘ldirib tashlagani ko‘pchilikni g‘azabini keltirdi. Agar bola boqishni istamasa, qishloq fuqarolar yig‘iniga keltirib tashlaganda ham o‘zimiz boqib olardik. Qizcha uvol bo‘ldi, qizning otasi esa mahallada bosh ko‘tarolmay qoldi, - dedi mahalla faollaridan biri.

Ozodlik olgan ma‘lumotga ko‘ra, bu ish bilan hozir Buloqboshi tuman prokuraturasi shug‘ullanmoqda.

Prokuraturaning o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda bu haqda telefon orqali ma‘lumot berolmasligini aytdi.

So‘nggi paytlarda Ozodlikka WhatsApp orqali kelayotgan xabarlar orasida maishiy xarakterdagi jinoyatlar ko‘p tilga olinmoqda.

Jumladan, 28 may kuni Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Zirabuloq qishlog‘ida 30 yashar er ikki farzandining 27 yashar onasini bo‘g‘ib o‘ldirdi va ichki ishlar bo‘limiga o‘zi borib¸ taslim bo‘ldi.

Joriy yilning yanvar oyida Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 13 yashar qizaloq 25 yoshli o‘z tug‘ishgan akasidan farzand ko‘rgan edi.
XS
SM
MD
LG