Линклар

Alisher Usmonov Minor masjidiga aloqasi yo‘qligini bildirdi


Alisher Usmonov masjidga homiylik qilayotgani to‘g‘risidagi xabarlardan hayron qolganini aytmoqda.

Alisher Usmonov masjidga homiylik qilayotgani to‘g‘risidagi xabarlardan hayron qolganini aytmoqda.

Asli o‘zbekistonlik Rossiya oligarxi Alisher Usmonov Toshkentda qurilayotgan yangi masjidga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Farg‘ona.ru agentligining xabar qilishicha, milliarderning rasmiy vakillari agentlik tahririyatiga yo‘llagan bayonotda, Toshkentning Minor mahallasida qurilayotgan masjidga Alisher Usmonov homiylik qilayotganiga doir gap-so‘zlar inkor qilingan.

Farg'ona.ru agentligiga ko‘ra, Alisher Usmonov o‘z bayonotida, masjid qurilishida ishtirok etmayotgani, lekin bunday iltimos tushadigan taqdirda, o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini izhor qilgan.

“Ba‘zi OAVlarida Toshkentdagi masjidning qurilishida mening ishtirokim borligi to‘g‘risida teshirilmagan va haqiqatga mos bo‘lmagan ma‘lumotning tarqatilayotganidan hayroon qoldim. Men masjidning qurilishida ishtirok etmayapman, lekin bunga oid murojaat tushadigan taqdirda, bunday ulkan va muhim loyihani qo‘llab-quvvatlab, o‘z hissamni qo‘shishga tayyorman”, deya iqtibos keltirmoqda agetlik Alisher Usmonov bayonotidan.

Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan Minor mahallasida yangi masjid qurilayotgani va uni Alisher Usmonov moliyalashtirayotganiga doir gap-so‘zlar paydo bo‘lgani haqida Ozodlik ham bir necha marta xabar qilgan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur ham, Ozodlik bilan suhbatda, Minor qabristoni yonida qurilayotgan masjidga Alisher Usmonovning aloqasi yo‘qligini aytgan edi:

- Bunday mish-mishlar bor. Lekin rasmiy hujjatlar yo‘q. O‘sha yerda ishlayapmiz. U kishini (tahr.: Alisher Usmonovni) hali ko‘rganimiz yo‘q. O‘sha qabristonda xilxonalari bor. Ota-onalari, bazi xesh-aqrabolari, jiyanlari ko‘milgan. O‘sha nuqtai nazardan odamlar gap qilib turishibdi. Lekin hali biz u kishining masjidga aloqalari borligini bilganimiz yo‘q, degan edi shayx Abdulaziz Mansur 2013 yil dekabrida Ozodlikka bergan suhbatida.

Ozodlik shunigndek, yangi masjid qurilishi munosabati bilan Minor qabristonidan olinadigan qabr joyi "narxi" 2 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollariga oshgani to‘g‘risida ham xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ma‘lumotiga ko‘ra, masjid 2014 yilning dekabrida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda va masjid binosi ichida ikki ming, tashqi sathi bilan birga o‘n ming musulmon namoz o‘qishi mumkin bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG