Линклар

Men Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog‘ QFY Yangiobod mahallasi Malik qishlog‘i haqida sizlarga hikoya qilmoqchiman. Bizning qishloq, nafaqat bizning, balki butun Bobotog‘ uch tarafi Tojikiston bilan o‘ralgan chegara hududidir.

Adashmasam, 2001 yil edi - chegara hududidagi aholining xavfsizligini ta‘minlash maqsadida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida tikansimlar torta boshlashdi. Tojiklar emas albatta, biznikilar. Malik qishlog‘i esa simdan tashqarida qolib ketdi, o‘zi omon zamonda arang boriladigan qishloqqa o‘tib qaytish yanada qiyinlashdi. Shaharga, bozorga tushib chiqish uchun ham kamida ikkita chegara posti tekshiruvidan o‘tishga majbur bo‘lardik. Shu-shu, mana, qariyb 10-11 yildan buyon “qishloqni ana ko‘chirarmish, mana ko‘chirarmish” degan tashvishda qishloqliklar aytarlik birorta imorat ham qurmasdan, xavotirda o‘tkazmoqda kunini. Va nihoyat, qishloqliklar qo‘rqib kutishgan, lekin qachondir bo‘lishi muqarraru, qachonligi mavhum bo‘lgan o‘sha kun ham yetib keldi.

Bu tarixiy kunlar 2012 yilning yoz oylariga to‘g‘ri keldi.

Yodimda o‘shanda bir necha harbiy kiyimdagi amaldor va ularning yonida papka qo‘ltiqlab olgan 1-2 yugurdagi kelib, qishloqni qayoqqa ko‘chirish to‘g‘risida qishloq ahli bilan rosa bahslashishdi. Bir yerning joyi to‘g‘ri kelmasa, boshqasiga suv chiqarish muammo edi. Bobotog‘ning nafas olib bo‘lmaydigan darajada isib ketgan havosida, haligi amaldorlar chodir yasattirib, hansirab chodirga kirib olishgan, ustma-ust sovuq suv ichishardi. Qishloq ahli esa tashqarida jaziramada ularning qarorlarini kutishardi. Nihoyat, malikliklarga Guliston qishlog‘ining qoq o‘rtasida joylashgan, qaysidir bir fermerga tegishli, lekin necha yillardan buyon suv chiqmay qurib-qaqrab yotgan yerdan tomorqa beradigan bo‘lishdi. Navqiron yoshida issiqqa dosh berolmay, hansirayotgan kishilar o‘ylashmadiki, “bu issiqda qaqrab yotgan yerda yosh bolasi, keksa ota-onasi bor oilalar qanday kun ko‘rishadi?” deb.

Qishloqliklar bir ovozdan qarorga qarshi chiqishib, “bu qaqrab yotgan joyda suv yo‘q, sharoit yo‘q” deya rozi bo‘lishmadi. Shunda haligi amaldorlarning boshida turgan bejirim mo‘ylabli harbiy kishi (ismi yodimda yo‘q) ko‘kragiga urib: "Mana, man turib beraman, lyuboy sharoitingizni qilib beraman. Juda qisqa fursatda hamma sharoitlarni - suv, elektr, ichimlik uchun toza kran suvlari yetkazib berish mening zimmamda", deya qop-qop va‘dalarni berib, xalqni ko‘ndirdi. U kishi shu yilning oktyabr oyiga qadar hamma majburiy ko‘chib chiqishi lozimligini, qish fasliga qadar hech kim qishloqda qolmasligi kerakligini eslatib, sharoitlar haqida hech ham xavotir olmaslikni qayta-qayta ta‘kidladi.

Shundan keyin qishloq ahli imkoni yetgan-etmagani o‘z cho‘ntagidan taqir dalaning o‘rtasidan o‘ziga uy qurishga tushib ketishdi. Axir ularga vada berishgan “tez orada hamma sharoitni qilib beramiz”, deb. Ammo qish ostona qoqib qolganida qishloqliklar chuchvarani xom sanashganini anglab qolishdi. O‘sha amaldorlar va‘da berib ketganicha qayta qorasini ko‘rsatishmadi. Na suvdan darak bor, na elektr tokidan va na boshqa va‘da qilingan sharoitlardan.

Qishloqliklar esa ikkiga bo‘linib qolishdi, yarmisi chala bitgan uylariga ko‘chib kelishgan bo‘lishsa, oilaning qolgan bir-ikki a‘zosi eski qishloqdagi narsalarga, mol-holga qorovul bo‘lib qoldi.

Hash-pash deguncha oradan bir yil o‘tib, 2013 yil yozi ham yetib keldik. Bu orada hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi – “eski hammom, eski tos”.

Bu masala ko‘tarilib, xat yozilmagan tashkilotu idora qolmadi. Prezident devoni deysizmi, bosh vazir deysizmi, viloyat hokimiyu bosh prokurorigacha yozildi. Hatto viloyat televideniyesida ham bu masala ommaga havola etildi.

Idoralarning hammasidan bir xil mazmundagi javob olindi - 2014 yilning 1-kvartaligacha bu masala hal etiladigan bo‘ldi. Ammo 2014 yilning 1-kvartali emas, balki yarmi ortda qolyapti hamki, hech qanaqa o‘zgarish yo‘q.

Qishloq ahliga Tolto‘qay mahallasidan boshlangan katta Bobotog‘ kanali to Guliston qishlog‘igacha yangitdan qazilib, kapital remont qilinishi va 1-kvartalning oxirigacha qishloq ahli suv bilan ta‘minlanishi va‘da qilingan edi. Afsuski, kanal qazib bitkazilishi u yoqda tursin, hatto boshlangani ham yo‘q?

Mana oradan zuvillab ikki yil ham o‘tib ketdi. Amaliy yordam tugul, hatto tovon puli ham berilmagani xalqni ancha og‘ir ahvolga solib qo‘ygani bor gap.

Bilmadim, hukumatimiz bizni unutib qo‘ydimi yoki ajratgan pullari qaysidir “qorinboy”ning cho‘ntagiga tushib ketdimi - bu yog‘i bizga qorong‘u.

Qishloq ahli amal-taqal qilib, uzuq-yuluq simlar yordamida uylariga elektr toki o‘tkazishgan, bu ham harna - pomidordan yaxshiroq qizarib turibdi.

Tomorqani sug‘orish uchun esa sobiq SSSR davridan qolgan ko‘tarma nasos stantsiyasi qayta-qayta ta‘mirlanib, suv chiqarilmoqda. “Eskini yamaguncha esing ketadi” deganlaridek, eskirib qolgan generatorlar uzog‘i bilan bir haftaga arang dosh beradi va yana kuyib ketadi. Qishloqliklar uyma-uy yurishib ming azob bilan pul yig‘ishib, yana qayta ta‘mir qilishadi. Ammo, afsuski, tuzatilgan generator uzog‘i bilan yana bir haftagina ishlaydi. Nasosning bir martalik ta‘miri uchun bir million so‘m atrofida pul ketayotganini hisobga olsak, xulosani o‘zingiz chiqarib olavering!

Prezidentimiz “O‘zbekiston - kelajagi buyuk davlat”, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi shart” degan bir necha iborani har doim takrorlab keladi. Lekin bu ishga mas‘ul kishilarning loqaydligi tufayli yurt kelajagining bir bo‘lagi bo‘lgan qishloq yoshlari og‘ir shart-sharoitlarda ulg‘ayishi to‘g‘rimikin? Bu sharoitda ular ertaga yurtiga qanchalik foyda keltirarkin?

Bu hali hammasi emas. Oq machit va Yangiobod mahallalarini bog‘lab turuvchi bir necha kilometrga cho‘zilgan asfalt yo‘lni bundan uch yil oldin eski asfalьtini qo‘porib, yangi asfalt yotqizish maqsadida shag‘al to‘kib chiqishgandi. Shu-shu bu ish ham qarovsiz tashlab qo‘yildi. Hech kimni qiziqtirmadi yoki qiziqtirsa ham ajratilgan pullar qaysidir bir “vatanparvar”ning cho‘ntagini qappaytirdimi - bunisi bizga qorong‘u.

Yo‘l esa eskisidan ham battar shag‘al uyumlariga aylandi-qoldi. Bundan eskisi ming marta yaxshi edi. Hozir bu yo‘ldan mashinasida bir marta o‘tgan kishining bir hafta mashinasiga ichi achib yuradi.

Xullas, aytaversak, gap ko‘p, lekin yechim yo‘q. Murojaatlarimiz mutasaddilarimizni qiziqtirmas ekan, bu masalada sizdan yordam kutib qolamiz.

P.S. Surxondaryo taraflarga yo‘lingiz tushib qolsa, so‘rab-surishtirib, Bobotog‘ tarafga - "bir kelib keting qishlog‘imizga" deb, muxlisingiz ...
XS
SM
MD
LG