Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:50

Sirg‘ali mashina bozorini melisa bosdi


O‘zbekistondagi eng yirik Sirg‘ali mashina bozorining reyddan keyingi ko‘rinishi.
O‘zbekistondagi eng yirik Sirg‘ali mashina bozorining reyddan keyingi ko‘rinishi.
4 iyun kuni Toshkent shahar Sirg‘ali tumanida joylashgan poytaxtdagi eng yirik avtobozor hisoblangan Sirg‘ali mashina bozorida tuman ichki ishlar bo‘limi amaliyot o‘tkazdi. Ozodlik rasmiy va norasmiy manbalariga ko‘ra¸ bu reydga bozordagi toshkentlik va qashqadaryolik savdogarlar o‘rtasida yuzaga chiqqan mushtlashuv sabab bo‘lgan.

Rasmiy izoh

Ozodlikning poytaxt huquq tizimidagi manbasiga ko‘ra¸ 4 iyun kuni ertalab Sirg‘ali mashina bozorida toshkentlik va qashqadaryolik ikki yigit o‘rtasida janjal chiqqan. Ikkala tomon bozorda o‘z hamyurtlarini to‘plagandan keyin¸ bu janjal ko‘lami kengaygan. Bu haqda Sirg‘ali tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar yetib kelishi bilan¸ 16 nafar militsiya xodimi Otayo‘l avtobusida bozorga yetib kelgan va birinchi va ikkinchi pavil onlarda ehtiyot qismlari sotish va ballon yamash bilan shug‘ullanuvchi viloyatlik yigitlarni avtobusga bosib¸ ichki ishlar bo‘limiga olib kelgan. Olib kelingan 30 nafarcha viloyatlik sotuvchi va ballonchi yigit suratga tushirilib¸ ular barmoq izlari olingan va tegishli ma‘muriy amallar qo‘llanilgan.

O‘z ismi sir qolishini so‘ragan rasmiy manbaga ko‘ra¸ militsiya xodimlari olib kelinganlarning ertalabki janjalga aloqasi bor-yo‘qligini surishtirish jarayonida ular aksarining Toshkent propiskasi va tegishli litsenziya-ruxsatnomasi bo‘lmagan holda Sirg‘ali mashina bozorida savdo va xizmat bilan shug‘ullanib kelganini aniqlagan.

“Hozir tergov qilinganlar tegishli tarzda ma‘muriy jazoga¸ agar janjalga aloqadorligi aniqlansa¸ jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin”¸ deydi Ozodlikning rasmiy manbasi.


Guvoh hikoyasi

Sirg‘ali tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari mashina bozorida o‘tkazgan reydga bevosita guvoh bo‘lgan savdogar yigit¸ 15 chog‘li militsioner 30 nafar chamasidagi bozorchi yigitni kuch bilan Otayo‘l avtobusiga bosib olib ketishi bilan Ozodlikka sim qoqib¸ voqea tafsilotlarini hikoya qilib berdi:

“Sirg‘ali mashina bozoridagi do‘konlardan birida savdo qilamiz. Bozordagi melisalarni yaxshi taniymiz. Tushdan keyin bozorning boshiga Otayo‘l kelib to‘xtab¸ undan melisa formasidagilar tushib¸ o‘rtada savdo qilayotganlarning hammasini boshdan boshlab bosishga o‘tdi. Bular begona melisalar¸ bozornikimasdi. Hamma yoq ur-yiqit¸ to‘polon bo‘p ketdi¸ hamma do‘konini yopib¸ o‘rtadagilar molini yig‘ishtirib qochishga kirishdi. Qizig‘i¸ toshkentliklarga tegmadi¸ faqat viloyatliklarni ushladi. Ular mol yoyib o‘tirgandi¸ moli bilan shundoq avtobusning ichiga tiqdi. Hech kim nima bo‘lganini tushuntirgani yo‘q. Nimaga keldi¸ nimaga bosdi¸ nega faqat oblastnoylarni oldi¸ hech kimga aytilmadi. 15 minut ichida butun bozor tum-taraqay bo‘lib¸ ochiq do‘kon qolmadi”¸ deydi Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan suhbatlashgan toshkentlik savdogar yigit.

Sirg‘ali mashina bozorining ikki chetidagi do‘konlar orasida o‘t o‘chirish mashinalari harakatlanishi uchun ochiq qoldirilgan keng maydon bor va bu suhbatdosh e‘tiroficha¸ ayni shu maydonda viloyatdan kelgan yigitlar hech bir rasmiy ruxsatsiz avtomobil ehtiyot qismlari sotadi.

“Bu yigitlarning hammasi bozor ma‘muriyati¸ bozordagi melisa va soliqchilarga oyiga 100-200 dollarlik “dolya”sini to‘lab¸ shu yerda tirikchilik qiladi. Bozordan do‘kon ijaraga olish juda qimmat¸ agar oborotingiz katta bo‘lmasa¸ patent va soliqlar belingizni chiqaradi. Bugun¸ asosan¸ shu yigitlar qo‘lga tushdi. Endi ulardan hammasi uchun rosa olishsa kerak”¸ deb taxmin qiladi savdogar suhbatdosh.

Toshkent ichki ishlar tizimidagi Ozodlik manbasi¸ Sirg‘ali mashina bozorida o‘tkazilgan maxsus reydning noqonuniy savdo yoki boj to‘lanmagan mollarni musodara qilish maqsadida o‘tkazilmaganini alohida ta‘kidladi.

“Bu ish bilan boshqa tizimlar shug‘ullanadi. Bugungi militsiya guruhi faqat ertalabki janjal tashabbuschi va ishtirokchilarini aniqlash va qo‘lga olish uchungina bozorda amaliyot o‘tkazdi”¸ dedi jumladan bu manba.

“Melisalar o‘rtada savdo qilib o‘tirgan bolalarning hamma molini olmadi¸ lekin qo‘liga tushganini o‘ziga qo‘shib avtobusga otdi. Bu orada bozorda qonuniy savdo qilayotganlar ham qo‘shilib¸ qo‘lini orqasiga qayirib olib ketildi. Bu ishni asosan serjantlar qildi. Orasidagi bitta kapitani kimdir so‘ragan ekan “toshkentliklar bilan qashqadaryolik ballonchilar o‘rtasida urush chiqib¸ ikkita melisa ham kaltak yegan. Shuni tinchlantirishga keldik”¸ deb aytibdi. Lekin biz bunga ko‘p ham ishonmadik. Bular faqat viloyatliklarni bosib olib ketganidan¸ yana qattiq hujjat tekshirish boshlangan¸ shekilli”¸ deydi Sirg‘ali mashina bozoridan sim qoqqan manba.

Reyddan keyingi bozor

Sirg‘ali bozoridagi to‘polon va reyd ortidan ushbu bozorga borgan toshkentlik jurnalist Abdurahmon Tashanov odatda odam qaynaydigan O‘zbekistonning eng yirik mashina bozorida birorta ochiq do‘kon va savdo qilayotgan savdogar qolmaganiga guvoh bo‘ldi.

- Mana hozir reyd bo‘lgan zapchast bozorida turibman. Hech kim yo‘q¸ do‘konlarning hammasi yopiq. Yangi mashina sotiladigan ikkinchi pavil ondayam hech kim yo‘q. Eski mashinalar bozorida bir-ikkita odam boru¸ savdo qilayotgan yo‘q. Shu yerda ishlaydiganlardan bittasi bilan gaplashdim. Uning aytishicha¸ keyingi paytlarda bozorda har xil reydlar tez-tez bo‘larkan. “Mentlarning bozor ichida o‘z quloqlari bor. Bitta signal tushishi bilan ular bozorni bosadi”¸ dedi men gaplashganlardan biri¸ deydi Abdurahmon Tashanov.

Ozodlik ixtiyorida hozircha 4 iyun kungi reyd davomida olib ketilgan savdogar va ballonchilarga qanday chora ko‘rilgani¸ ushlanganlardan nechtasining qo‘yib yuborilib¸ qanchasining hibsga olinganiga oid aniq ma‘lumot yo‘q. Tafsilotlarni o‘rganishda davom etamiz.
XS
SM
MD
LG