Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:34

Davlatning darra bilan odamlarni jannatga yo‘llashi bahsga sabab bo‘lmoqda


Eron prezidenti Hasan Ruhoniy.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy.
O‘tgan oy oxirlarida jamoatchilik oldida qilgan chiqishida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy davlat fuqarolarning shaxsiy hayotiga kamroq aralashishi lozim¸ degan gapni ta‘kidlay turib¸ davlatning guruh-guruh odamni jannatga yo‘llash missiyasidan voz kechish ehtiyojini tilga oldi. Eron islomiy hokimiyati asoslariga raxna deb ko‘rilgan bunday bayonot¸ qudratli oyatullohlar e‘tiroziga uchramay qolmadi.

Oyatulloh Ruholloh Humayniy o‘limidan 25 yil o‘tib¸ Eron islom jumhuriyati tepasida o‘tirgan oyatullohlar davlatning eronliklar shaxsiy hayotiga qanchalik aralashishga haqli ekani borasida bahsga tortildi.

Bahslashayotganlarning bir qutbida Erondagi qudratli konservativ oyatullohlar bo‘lsa¸ ular qarshisida nisbatan mo‘‘tadil hisoblanmish prezident Ruhoniy turibdi. Bahs markaziga esa¸ jannat¸ aniqrog‘i unga eltuvchi yo‘l qo‘yilgan.

Erondagi islomiy hukumatning o‘z fuqarolari hayotiga aralashuvi deyarli chegara bilmaydi va davlat nomidan hamma uchun qanday kiyinishu qanday yurish turishga qadar qolip belgilab berilgan.

O‘tgan oy jamoatchilik oldida qilgan chiqishida prezident Ruhoniy eronliklarga ko‘proq erkinlik va haq berilishi lozimligini ta‘kidlab¸ davlatning ular hayotiga aralashuvini cheklash ehtiyojini tilga oldi.

"Odamlarni o‘z holiga qo‘yaylik. Odamlarni aqldan ozdirmaylik. Hatto hamdardlik uchun ham odamlarning shaxsiy hayotiga aralashishni bas qilaylik. Odamlar jannatga tushish yo‘lini o‘zi tanlasin. Biz odamlarni zo‘r qo‘llab yo darra bilan jannatga yo‘llay olmaymiz”¸ dedi 24 may kuni prezident Ruhoniy.

Prezidentning o‘z nutqida darrani tilga olishi¸ 30 yildan oshiqroq shariat qonunlari orqali boshqarilayotgan Eronda alkogol ichish va zaifatbozlik kabi amallar uchun darra urish bilan jazolashga ochiqdan-ochiq taalluqlidir.

Shariatdagi bunday jazoni savol ostiga olish Erondagi ashaddiy dindorlarni g‘azabga keltirmay qolmadi.

Ashaddiylarning “Kayhon” gazetasi prezidentning bu so‘zlarining o‘zini savol belgisi ostida chop etdi.

30 may kungi juma va‘zida aksar konservativ mullalar Ruhoniyning bu bayonotiga e‘tiroz bildirib¸ “davlatning asosiy ishi aynan o‘z fuqarolarini jannatga yetaklash” ekanini iddao qildilar.

“Davlatning vazifasi jannat yo‘lini osonlashtirishdir. Hukumat o‘z fuqarolari uchun shu yo‘lni solib berishi kerak”¸ dedi jumladan Tehrondagi e‘tiborli ulamolardan biri Oyatulloh Ahmad Xotamiy juma va‘zida.

Mashhadda tanilgan yana bir konservativ ruhoniy Oyatulloh Alamolhada ham prezident bayonotini o‘z va‘zida tanqid qildi.

“Biz nafaqat qamchi¸ balki boshqa kuch bilan odamlarimizni jannatga yuborishga xalaqit bermoqchi bo‘layotganlarga qarshi chiqamiz”¸ dedi bu oyatulloh o‘z va‘zida.

Islomiy inqilob markazi asoschisi Xo‘jatulislom Hamid Ruhoniy ham prezidentga tashlanmay qolmadi.

"Prezident nima uchun hech kimni davlat darra vositasida jannatga yuborishi kerak emas¸ dedi? Xalqimizning aksari aynan shunday boshqaruv uchun ovoz berdi va bu diniy qoidalar kuch bilan o‘rnatilishi lozim¸ deganidir”¸ deya iqtibos keltirdi bu ulamodan Eron matbuoti.

Unga ko‘ra¸ fuqarolarni darra bilan jannatga yuborib bo‘lmaydi¸ deyish mamlakatda bosh-boshdoqlik kelib chiqishiga xizmat qiladi.

Eron adliya tizimi¸ qolaversa hokimiyatning aksar tarmoqlarini nazorat qiluvchi ashaddiy islomchilar fuqarolarga ko‘proq erkinlik va haq berish o‘z hokimiyatiga rahna solishidan qo‘rqadi.

Shu bois¸ o‘zi ham diniy hokimiyat vakili bo‘lishiga qaramay erkinliklar va haq masalasida bir oz pragmatik yondashuv qo‘llab¸ oddiy eronliklar hayotida qandaydir o‘zgartish qilishga urinayotgan prezident Ruhoniyga nisbatan ana shu konservativ kuchlar bosimi kuchayib bormoqda.

31 may kuni prezident Ruhoniy o‘z muxoliflariga achchiq kinoya bilan javob qaytardi.

Eronliklar hayotiga o‘zgarish kirishidan qo‘rqayotganlar haqida gapirgan prezident¸ din va narigi dunyo haqida keragidan ortiq o‘ylash odamning boshini aylantirib qo‘yishini ta‘kidladi.

Muqaddas Qum shahrida ilk marta dush qurish boshlanganida¸ odamlar buning qandaydir falokat keltirishidan qo‘rqib¸ hammomlarni buzib tashlagan edi¸ deya eslatgan Ruhoniy¸ o‘shanda dinning yarmi barbod bo‘ldi¸ degan vahimalar tarqalganini kulib tilga oldi.

"Ba‘zi odamlarning qilishga umuman ishi yo‘q. Ishi yo‘q dunyodan uzilib¸ faqat din va naigi dunyo tashvishiga tushadi. Faqat shu haqda tashvish qiladiganlarning na din va na narigi dunyodan butunlay xabari yo‘q aslida”¸ dedi o‘z muxoliflariga javoban prezident Ruhoniy gulduros qarsaklar ostida.

Hozircha ashaddiy dindorlar bu kinoyali javobga munosabat bildirmadi. Ammo kuzatuvchilar Ruhoniy muxoliflarining bu javobga javobi qattiq bo‘lajagini taxmin qilmoqda.
XS
SM
MD
LG