Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:30

Peterburgda mehnat muhojirlarining "anekdot tanlovi" o‘tkazilmoqda


Sankt-Peterburgda Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari uchun “Xo‘ja Nasriddin latifalari” tanlovi bo‘lib o‘tmoqda. Kyoln Jahon san‘ati akademiyasi bilan hamkorlikda peterburglik rassomlar uyushtirgan mazkur tanlov bir yarim oydan keyin yakuniga yetadi.

“Sen Rossiyaga keldingu, bu yerda seni ko‘rgandan shod emaslarmi? Boshliq haqingni bermayaptimi? Qo‘shnilaring qo‘polmi? Militsiya pul so‘rayaptimi? O‘rningda Xo‘ja Nasriddin nima qilgan bo‘lar edi? Jim turma! Nasriddinning Rossiyadagi sarguzashtlari to‘g‘risida eng yaxshi latifa o‘ylab topib, sovriningni ol!”

Bu so‘zlar Sankt-Peterburgda bir necha haftadan buyon davom etayotgan muhojirlar latifalari musobaqasining taklifnomasida yozilgan.

Loyiha tashabbuschisi peterburglik rassom Olga Jitlina Ozodlik bilan suhbatda “Xo‘ja Nasriddin latifalari” shinavandalari allaqachon 6 marotaba yig‘ilgani va iyulь o‘rtalariga musobaqa finali bo‘lib o‘tishini ma‘lum qildi.

- Bu eng avvalo badiiy loyiha, uni ijtimoiy loyihalar bilan adashtirmaslik kerak. Unga grantni men Kyolьn Jahon san‘ati akademiyasidan oldim. Unga kelgan muhojirlar va umuman piterliklar migrantlarning Rossiyaga kelib, turli vaziyatlarga tushayotganini muhokama qiladi. Ular bu chigal vaziyatlarni Osiyoda tanilgan hajv qahramoni Xo‘ja Nasriddin yordamida yechishga urinib ko‘radi. To‘g‘ri, ko‘p holatda bu vaziyatlar kulgili ham emas: politsiyaning irqiy-milliy belgilar asosida hujjat tekshirishi, maosh masalasi va hokazolar. Loyihamizning yana bir ishtirokchisi Anna Tereshina mana shu suhbatlar asosida komikslar tayyorlab boradi, dedi rassom Olьga Jitlina.

Loyiha qatnashchilari “Yig‘lashdan kulish yaxshi!” shiori ostida Sankt-Peterburgning turli kutubxonalari, parklari va boshqa jamoat joylarida yig‘ilmoqda.

Har yakshanbada bo‘lib o‘tayotgan hajvchi muhojirlar tanlovi g‘olibi 2 ming rubl bilan taqdirlanmoqda.

- Hajviy hikoyalardan tashqari biz ayollarimiz uchun Xo‘ja Nasriddinning singlisi - Dilfuza obrazini yaratdik. Bu xonim ayollar muammolarini ham muhokamaga olib chiqadi. Rossiyaga kelib o‘z hayotini o‘zgartirishga urinayotgan ayolning muammolari haqida gapiradi Dilfuza,
dedi Olga Jitlina.

Uning aytishicha, yakuni bo‘yicha kitob chop etiladi, videofilmlar tayyorlanadi.

Tadbirni boshlashdan oldin tashabbuschilar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga sayohat qilib, muhojirlarning o‘z yurtidagi hayoti, turmush-tarzi bilan yaqindan tanishib kelgani ma‘lum.

Muhojir qiziqchilarning har haftadagi yig‘ilishlari joyi “VKontakte” va “Odnoklassniki” tarmoqlaridagi sahifalarda, shuningdek loyihaning maxsus saytida e‘lon qilib boriladi.

Loyihada kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Sankt-Peterburg Yevropa universiteti professori, migratsiya masalalari bo‘yicha yirik mutaxassis Sergey Abashin bunday loyiha so‘zsiz mehnat muhojirlarining faqat rus tilini biluvchi, ziyoli qismida ko‘proq qiziqish uyg‘otishi tabiiyligiga e‘tibor qaratdi.

- Axir migrantlar ham turli toifalarga bo‘linadi. Loyihada ishtirok etayotganlarning asosiy qismini rus tilini biluvchi, hujjatlari joyida bo‘lgan yoki og‘ir jismoniy ish bilan shug‘ullanmaydiganlar tashkil etadi. Ularga, albatta, bu juda qiziqligi sezilib turdi. Shunga qaramasdan, loyihaning eng muhim tomoni shundaki, u tufayli rus jamiyati, ziyolilari migrantlarni tanqid qilishdan o‘zgacha yo‘l tanlamoqda, ularni o‘rganmoqda, Rossiya jamiyatiga integratsiyalashuvi bilan shug‘ullanmoqda, deydi jamiyatshunos olim Sergey Abashin Ozodlik bilan suhbatda.

Tashkilotchilar qiziqchilar yig‘ilishlarida istagan odam qatnashishi mumkinligini ham bildirmoqda.

“Xo‘ja Nasriddin latifalari” tanlovi ishtirokchilari chiqishlaridan:

Muxtor ismli yigit mahalliy millatchi-taqirboshning “Nega bu yerga kelding?” degan savoliga bunday javob berish kerak deydi:

"Buxoro amirining taxti hozir Ermitajda turibdi. Men ana shu bobomning taxtini olib ketgani keldim, xolos!"
XS
SM
MD
LG