Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:15

Davlat xodimlari umail.uz xizmatiga o‘tishga majburlanmoqda


O‘zbekistonda davlat muassasalari xodimlariga ishga taalluqli hujjat va ma‘lumot almashinuvini faqat milliy elektron pochta orqali amalga oshirish haqida ko‘rsatma berilmoqda. Ozodlik ega bo‘lgan hujjatda oliy o‘quv yurtlari rektor va o‘qituvchilaridan tortib talabalarning ham umail.uz tizimidan ro‘yxatdan o‘tishlari shartligi aytilgan.

O‘zbekistondagi oliy ta‘lim muassasalari rektorlari va ilmiy markaz rahbarlariga Oliy ta‘lim vazirligi tarafidan yuborilgan yo‘riqnomada barcha xodimlar, professor-o‘qituvchi va talabalarning umail.uz milliy elektron pochta tizimidan ro‘yxatdan o‘tishini tashkillashtirish talab etiladi. Bunday o‘tish¸ aytilishicha¸ davlat muassasalarida milliy elektron pochta xizmatidan tizimli foydalanishni tashkil etish maqsadini ko‘zlamoqda.

Bu borada qilingan ishlar bo‘yicha ilmiy muassasa rahbarlari 15 iyunga qadar O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligining Axborot texnologiyalarini o‘quv jarayoniga joriy etish boshqarmasiga hisob berishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi rasmiylaridan birining Ozodlikka aytishicha, bunday talab faqat Oliy ta‘lim tasarrufidagi muassasa xodimlariga qo‘yilayotgani yo‘q.

Uning aytishicha, 4 iyun kuni bosh vazir muovini ishtirokida o‘tgan majlisda O‘zbekistondagi barcha hukumat idoralari, davlat muassasalari rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlariga rasmiy yozishmalarni faqat umail.uz elektron pochta hizmati orqali amalga oshirishni tashkillashtirish qattiq topshirilgan:

- Shu paytgacha bu tavsiyaviy xarakterda edi. Kechagi yig‘ilishdan keyin hamma umail.uz akkauntini ochishi shart, deyildi. Ya‘ni, ish doirasida hamma faqat UZ domenidagi pochta tizimidan foylanashishi shart. Gmail, mail.ru kabi pochtalardan umuman foydalanish mumkin emas, dedi Vazirlar Mahkamasining o‘zini tanishtirmagan raysmiysi.

Hukumatning qattiq tavsiyalariga qaramay¸ milliy elektron tizimida pochta qutisi ochgan o‘zbekistonliklar soni ko‘p emas.

O‘tgan yil yozidan ish boshlagan milliy umail.uz deb nomlangan bepul elektron pochta xizmatidan foydalanuvchilar 50 mingdan oshmaydi.

Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining 4 kurs talabasi Abdumalik fikricha, majburlash yo‘li bilan umail.uz foydalanuvchilari sonini oshirishga erishib bo‘lmaydi:

- Shaxsan, men oddiy foydalanuvchi sifatida bu tizimda ro‘yxatdan o‘tmaganman. Shaxsiy pochta qutilarim boshqa tizimlarda. Hamma bir joyga o‘rganganidan keyin, boshqa joyga o‘tgisi kelmaydi. Oldin buni ommalashtirish kerak. Odamlar shunaqa umail.uz borligini bilishi kerak. U yerda foydalanuvchilarni ko‘paytirishni byurokratik yo‘l bilan qilib bo‘lmaydi. Hozir tepadan buyruq berilayapti, hamma umail.uz tizimiga o‘tsin, deb. O‘tadi, lekin ishlatmaydi. Buni shunaqa qilish kerakki, foydalanuvchilarning o‘zlari xohlab ro‘yxatdan o‘tsin. Buning uchun foydalanuvchilar anonimligi himoyalanishi kerak. Yaxshi qilish kerak, zo‘r qilish kerak, shunda hamma shu tizimga o‘tadi, deydi Abdumalik.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda yangi elektron pochta xizmati mamlakat ichkarisidagi internet foydalanuvchilari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida yo‘lga qo‘yilganini aytishadi.

O‘zbekiston davlat idoralaridagi ma‘lumotning tashqariga sizib chiqishi oldini olish maqsadida davlat muassasalari xodimlari milliy tarmoqqa o‘tishga majburlanayotgani haqida ham taxminlar bor.

Yangi xizmatni davlat nazoratidagi UzInfoCom markazi yo‘lga qo‘ygan.

Ushbu markazning “UzinfoCom” jurnali bosh muharriri Aleksandr Suchkov Ozodlik bilan suhbatda davlat xizmatchilari umail tizimiga o‘tishga majburlanayotganini rad etdi:

- Shaxsan men davlat ishchi-xizmatchilari umail tizimiga o‘tishga majburlanayotgani haqida eshitganim yo‘q. Davlat ishchilariga xalqaro trafikni chetlab o‘tuvchi, tashqi kanalni to‘ldirmaydigan mana shu bepul ichki tarmoqdan foydalanishni tavsiya etishayotgan bo‘lishlari mumkin. Endi bu internet foydalanuvchilari yozishmalarini kuzatish uchun qilinayapti, degan gaplarda jon bor, dep o‘ylamayman. Bunday xavotirlar gmail tarmog‘i foydalanuvchilari¸ mail.ru foydalanuvchilari orasida ham bor, deydi Aleksandr Suchkov.

“UzinfoCom” jurnali bosh muharriri Suchkov umail.uz tizimidagi kamchiliklarni ham tilga oladi:

- Hozir umail.uz berayotgan hajm 1 Gbaytni tashkil etmoqda. Gmail va Mail.ru tarmoqlarining imkoniyatlari bundan 10-15 baravar ko‘pdir. Shuning uchun umail.uz tarmog‘idan foydalanish qulay deyishga hali erta. Lekin bu tarmoq O‘zbekistonning ichki tarmog‘i, ma‘lumot almashinuvi ancha tez. Bundan tashqari bepul. Xavfsizligiga kelsak, umail ham mail.ru ham bir xil, deydi Suchkov.

O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari sonining 10 milliondan oshgani aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqda ham o‘zbekistonlik foydalanuvchilari soni shiddat bilan ortmoqda.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini Internetga cheklovlar joriy etib, so‘z erkinligini bo‘g‘ishda tanqid qilib keladi.
XS
SM
MD
LG