Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:06

Kalugada o‘zbekistonlik novvoy o‘ldirildi


Kaluga viloyatida mahalliy millatchilar tomonidan kaltaklangan novvoy Akmal hozirda kasalxonada qolmoqda.
Kaluga viloyatida mahalliy millatchilar tomonidan kaltaklangan novvoy Akmal hozirda kasalxonada qolmoqda.
Rossiyaning Kaluga viloyatida mast o‘spirinlar o‘zbek muhojirini urib o‘ldirdi, yana ikkitasiga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Mahalliy masjid jamoasi nonvoyxonada o‘ldirilgan muhojir oilasiga yordam puli yig‘moqda.

31 may kuni Kaluga viloyatining Balabanovo shahrida 17-20 yoshda bo‘lgan bir guruh mahalliy yigit-qizlar tomonidan kaltaklangan 43 yashar o‘zbekistonlik muhojir nobud bo‘ldi, yana ikki kishi og‘ir jarohatlandi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Kaluga viloyati bo‘yicha boshqarmasi rasmiy vakilasi Liliya Moshkova Ozodlik bilan suhbatda 10 nafar mahalliy o‘spirin ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotganini ma‘lum qildi:

- Ularning shaxsi aniqlandi. Yetti nafar yigit va uchta qiz birining dachasida 18 yoshga to‘lganini nishonlagan. Rosa ichishgan, keyin dachadan chiqib sayrga borishgan. Shu atrofdagi dam olish uyi yonida ular aroq ichishni davom ettirgan. Shu yerda nonvoyxonada ishlayotgan ikkita o‘zbekistonlikka ular tegajog‘lik qilgan, sigaret so‘ragan, arzimagan narsaga janjal ko‘targan. Jabrlanganlar nonvoyxona egasini chaqirtirgan, u esa xotini, ikkita bolasi bilan kelgan va ular nega janjal boshlayotgani sabablarini aniqlashga uringan. Natijada, nonvoyxonaning uch nafar xodimi bu yoshlar tomonidan kaltaklangan. Ommaviy axborot vositalarida «ikki taraflama mushtlashuv» bo‘ldi degan gap tarqatilayotgani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, chunki rus bolalar soni 10 dan oshib ketgan, dedi hodisa tafsilotlarini Ozodlikka gapirib bergan Liliya Moshkova.
Novvoy Abdullo o‘ldirilgan joy
Novvoy Abdullo o‘ldirilgan joy
Yoshlar guruhidan mast holda bo‘lgan 17 yoshli rus yigit o‘zbekistonlik novvoy yigitning boshiga tayoq bilan urgan. Tergov qo‘mitasi rasmiysi¸ tergovchilar mushtlashuvda ishtirok etganganlar shaxsini aniqlashni davom etayotgani, qotillik moddasi asosida jinoiy ish ochilganini ma‘lum qildi:

- Jabrlanganlardan bittasi hodisa joyida o‘ldi, yana ikkitasi shifoxonaga olib ketildi. 17 yoshli ayblanuvchining qoshi yorilgan ekan. Hozircha janjalni boshlaganlardan bittasigina hibsga olindi, qolganlar tilxat asosida qo‘yib yuborildi. Tergov davom etayapti, dedi Kaluga viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi xodimi Liliya Moshkova.

Ayni paytda, qotillikdan xabar topgan Rossiya Musulmonlar diniy boshqarmasi hodisaga o‘z munosabatini bildirib, marhum yigit oila- a‘zolariga o‘z hamdardligini izhor qildi.

Maloyaroslavets shahri musulmonlar jamoasi imomi Rinat Batkayev Ozodlik bilan suhbatda o‘ldirilgan va jarohat olgan o‘zbeklar muhojirlarining mahalliy masjidga qatnovchi dindorlardan ekanini bildirdi:

- Men bu xabarni eshitib qoldim, keyin menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Janjalda mehnat muhojirlari jabrlangani aniqlanganidan keyin ular bizning jamoamiz a‘zolari ekanini bildik. Jarohat olganlardan biring rafiqasiga qo‘ng‘iroq qildim va birodarlarimiz oldiga yo‘lga chiqdim. Shifoxonaga tushgan Akmal ismli nonvoyimiz va uning jiyani, nobud bo‘lgan esa o‘zbekistonlik Abdulloh ismli ukamiz ekan. 16-18 yoshli ruslar nonvoyxonaga bostirib kirganda, ishchilar janjaldan qochib, tsex ichkarisiga yashiringan va pekarni egasini chaqirtirgan. Yetib kelgan Akmalbek ularni tinchlantirishga urinib ko‘rgan, ammo yuziga zarba yegan va yetti kishi tomonidan kaltaklangan. Uni himoyasiga nonvoyxona ishchilari va uning xotini chiqqan. Yana bir ishchi – O‘zbekistondan ikki haftagina oldin ishlashga kelgan 1971 yilda tug‘ilgan Abdulloh birodarimiz boshiga to‘rt marotaba tayoq bilan urib o‘ldirishibdi. Qochib ketayotgan mahalliylar biri-biriga «Bu churkalarni urganimizni ko‘rdingmi?! Ularni hammasini yo‘qotish kerak!», deb chiqib ketgan, dedi jabrlanganlar bilan suhbatlashgan imom Rinat Batkayev.
​Shundan keyin jarohatlanganlar mashinada shifoxonaga olib borilgan. 42 yoshli Abdulloh mashinada jon taslim qilgan. Imom Batkayev hozirda kaltaklangan Akmalbek reanimatsiyada yotgani, ismi aytilmayotgan yana bir ishchi muhojirning ahvoli birmuncha yaxshilanganini bildirdi.

Aytilishicha¸ politsiya o‘sha kuniyoq janjal ishtirokchilarini hibsga olgan. Imom Batkayevga ko‘ra¸ o‘ldirilgan Abdullohning O‘zbekistonda onasi, ayoli va ikki nafar farzandi qolgan.

Hozirda Maloyaroslavets musulmonlar jamoasi o‘spirinlar tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan o‘zbekistonlik Abdulloh oilasiga yordam mablag‘ini yig‘ishni davom etmoqda.

Ko‘mak berish istagida bo‘lganlar imom Rinat Batkayevning shaxsan o‘ziga murojaat qilishlari mumkin:

+7 (926) 372-31-21, batkaev@mail.ru.
XS
SM
MD
LG