Линклар

Nazarboyev turkiy tilli davlatlarning dunyo telekanalini ochmoqchi


Qozog‘iston prezidenti Bodrum sammiti doirasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham uchrashdi.

Qozog‘iston prezidenti Bodrum sammiti doirasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham uchrashdi.

5 iyun kuni Turkiyaning Bodrum shahrida turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining to‘rtinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda nutq so‘zlagan Qozog‘iston prezidenti turkiy dunyo e‘tiborini xalqaro maydonda oshirish uchun ingliz¸ rus va turk tilidagi ko‘rsatuvlarni sun‘iy yo‘ldosh orqali namoyish etuvchi qo‘shma telekanal ochish ehtiyojini tilga oldi.

“Agar biz Al-Jazeera yoki BBC kabi dunyo telekanali yarata olsak¸ bu turkiylar merosini tashviq qilishda juda katta ijobiy rol o‘ynagan bo‘lardi”¸ dedi jumladan Qozog‘iston rahbari.

5 iyun kuni rasmiy majlisini o‘tkazgan turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining navbatdagi yig‘ini¸ asosan¸ sayyohlik biznesini qo‘llab-quvvatlash istiqboliga bag‘ishlandi.

Ozarbayjon¸ Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸Turkiya va Turkmaniston prezidentlari turkiy tilli davlatlar madaniyati va merosini xalqaro maydonda yoyishning asosiy yo‘llaridan biri aynan sayyohlar uchun qulay imkon yaratish orqali¸ ularni o‘z yurtlariga ko‘proq jalb etish ekanini ta‘kidladilar.

“Turkiy dunyoga ko‘proq sayyoh jalb etishimiz lozim. Birgina joriy yilda birgina Xitoy sayyohlari soni 100 milliondan oshdi. Xitoy sayyohlari dam olishga 102 milliard dollar sarfladi. Prognozlarga ko‘ra¸ bu raqam kelasi 10 yil ichida ikki baravarga oshadi. Shundan kelib chiqqan holda¸ biz iqtisodning bu sektorini birgalikda rivojlantirishimiz kerak”¸ dedi Ostona rahbari Bodrumdagi chiqishida.

Turk davlatlaridagi go‘zal tabiat va qadim obidalar sayyohlikni rivojlantirish uchun muhim omil ekanini ta‘kidlagan Nazarboyevga ko‘ra¸ “Turkiylar kengashi – zamonaviy Ipak yo‘li” nomli mushtarak turpaket ustida ish boshlangani va turkiy tilli davlatlar o‘rtasida sayyohlik sohasini birgalikda rivojlantirishni maqsad qilgan ma‘rifiy dastur va bu sektor xodimlari malakasini oshirish loyihalari borasida kelishuvga erishilgan.

Aytilishicha¸ Bodrum sammiti ishtirokchilari o‘z mamlakati yoshlariga Kengashga a‘zo davlat universitetlarida bemalol o‘qish imkonini yaratish va shu orqali bu davlatlardagi vaziyat va ular rasmiy tilini yaxshi biluvchi kadrlar tayyorlash borasida ham fikr almashgan.

Bodrum sammitida¸ turkiy tilli davlatlardan faqat biri – O‘zbekiston rahbari ishtirok etmadi.

Prezident Karimov 1995 yildan beri turkiy tilli davlat rahbarlari uchrashuvlarida qatnashmay kelmoqda.

1992 yilda Turkiyaning o‘shandagi prezidenti Turg‘ut O‘zal tashabbusi bilan boshlangan turkiy tilli davlat rahbarlarining xos sammitlari barobarida O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasiga ham qo‘shilmay kelayotir.

O‘zbekiston hukumatining turkiy tilli davlatlar davrasidan yakkalanib qolayotgani¸ mustaqil sharhlovchilar nazarida¸ Islom Karimovning Turkiyadan uzoqlashuvi bilan bog‘liq va bunday boykot mamlakat milliy manfaatlariga xizmat qilmaydi.

Turkiy tilli davlatlar Kengashining Bodrumda nihoyasiga yetgan 4- sammitida kengashga prezidentlik qilish navbati Qozog‘istonga o‘tdi.

Bu esa¸ yaqin oylar ichida kengash prezidenti sifatida Nursulton Nazarboyevning o‘zi Bodrumda o‘rtaga tashlagan taklif va loyihalarni amalga oshirishga kirishish¸ xususan¸ dunyoga turkiylar hayot va madaniyatidan hikoya qiluvchi yangi telekanal ta‘sis etishi uchun berilgan qulay imkon bo‘lishi mumkin.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG