Линклар

900 yil cherkov, 500 yil masjid, 100 yil muzey bo‘lgan Ayasofya mojarosi


31 may kuni tongda Ayasofya muzeyi hovlisida bomdod namozini o‘qiyotgan musulmonlar.

31 may kuni tongda Ayasofya muzeyi hovlisida bomdod namozini o‘qiyotgan musulmonlar.

Turkiyada 6 asrda qurilgan Ayasofya muzeyini masjidga aylantirish tashabbusi yana munozaralar markaziga ko‘tarildi. Ayni talabni quvvatlagan 10 million ortiq odam imzosi o‘tgan haftada hukumatga taqdim qilindi. 31 may kuni tongda esa minglab musulmon muzey hovlisida namoyishkorona bomdod namozini o‘qidi.

Ayasofya masjid bo‘lishini istagan 10 million kishi imzosi yig‘ildi

Zamonaviy turk davlatchiligining dunyoviy boshqaruv tizimi va Turkiyadagi musulmon hamda nasroniy jamoalari uchun birdek muqaddas manzil sifatida qadrlangan Ayasofya muzeyini yana masjidga aylantirish tashabbusini quvvatlagan 10 milliondan ortiq odam imzosi hukumatga taqdim etildi.

Imzolarni to‘plagan “Anadoli yoshlari uyushmasi” nodavlat tashkiloti matbuot xizmati vakili Muammar Bilgich imzo chekkanlar Turkiya ichkarisi va tashqarisidan ekanini aytmoqda.

- Bu talabni quvvatlagan 10 millionga yaqin odamning imzosini to‘pladik va xalqning ixtiyorini hukumatga yetkazdik. Gap shundaki, Ayasofya - bu nafaqat Turkiya, balki dunyo musulmonlari uchun fotih Sulton Mehmet tortiq qilgan vaqfdir. U bu binoni 500 yil avval sotib olgan va uni masjidga aylantirgan. Bu bino, albatta, masjid uchun berilishi kerak. Hukumat aniq javob berar, degan umiddamiz. Ammo, shu kunga qadar hukumat bu masalada oldinga bir odim bo‘lsa-da, otmadi va biz bundan afsusdamiz, - deydi Muammer Bilgich.

Ayni fikrda bo‘lgan jamoat faollari bir necha yillardan buyon bu talabni takror va takror hukumatga yetkazib kelmoqda.


Muzey hovlisida o‘qilgan bomdod namozi

31 may kuni minglab musulmon Istanbul markazidagi yana bir yirik masjid - Sulton Ahmet masjidining yaqinida joylashgan Ayasofya muzeyi hovlisida bomdod namozini o‘qidi.

Namozda duoga qo‘l ko‘targanlar 5 asr davomida masjid vazifasini o‘tagan bu muhtasham binoning muzeyga aylantirilishi tarixiy xato bo‘lgani, uning yana masjid o‘laroq ochilishi esa adolatning tiklanishi bo‘lishi haqida so‘zladilar.

Bu namoyishkorona o‘qilgan namoz ayni talab ilgari surilgan birinchi ommaviy tadbir emas. 2012, 2013 yillarda ham bu muzey hovlisida bir necha bor namoyishkorona jamoat namozlari o‘qilgan.


"Ayasofya - fotih Sulton Mehmetdan qolgan vaqf"

“Anadoli yoshlari uyushmasi” nodavlat tashkiloti matbuot xizmati vakili Muammar Bilgich Ayasofya nafaqat Turkiya, balki dunyo musulmonlari uchun qoldirilgan vaqfdir, deb ta‘kidlaydi.

- 1453 yilda Istanbul fotih Sulton Mehmet tomonidan egallangach, Ayasofya ibodatxonasi sotib olingan va nafaqat Turkiya musulmonlari, balki dunyo musulmonlariga masjid sifatida tortiq qilingan. Shundan to 1934 yilgacha bu binodan masjid sifatida foydalanib keldilar. 1934 yilda Turkiyada bir partiyalik tizim hukmron edi va xalqqa ma‘lum qilinmagan bir shaklda bu masjid muzeyga aylantirildi. Oradan bir yil o‘tib, bu harakat qonuniylashtirildi. Ya‘ni, 1935 yilda bu qarorni quvvatlaydigan qonun qabul qilingan. Bu harakatlarning hammasi xalqning irodasiga qarshi amalga oshirilgan, - deb hisoblaydi turkiyalik faol.

Bu ibodatxonadagi ilk namoz 1453 yilning 1 iyulida o‘qilgan.


"Niyat nasroniy haqqini cheklashmas, musulmon haqqini tiklash"

500 yil masjid bo‘lgan majmuani yana masjidga aylantirish talabi – Turkiya yoki dunyodagi nasroniy jamoalari haqlarining cheklanishi yoxud ularga tegishli mulkninng egallanishi, mazmunidagi tanqidlarni ham turkiyalik faollar inkor qilib keladi.

- Usmonlilar davrida biror cherkov yoki yahudiy ibodatxonasi yopilmagan edi. Ammo, so‘nggi asrda bular yopildi va mana hozir shu ibodatxonalar bir-bir ochilmoqda. Agar bunga ehtiyoji bo‘lgan diniy jamoalar bo‘lsa, albatta ibodatxonalari ochilishi kerak! Takror aytamanki, insonlar o‘z e‘tiqodida erkin ibodat qilish haqqiga ega, qaysi dinda bo‘lishidan qat‘iy nazar. Ammo, bu yerda Ayasofyaning o‘rni boshqa. Chunki, u Sulton Mehmetdan qolgan meros va vaqfdir. Bunga tarixda hujjatlar bisyor. Shu ma‘noda, aynan shu majmuaning masjidga aylantirilishi, aniqrog‘i masjid holiga qaytarilishi musulmonlar uchun muhimdir, - deb hisoblaydi Muammer Bilgich.


"Masjidni muzeyga aylantirish haqidagi hujjat soxta"

2013 yilda bir necha tadqiqotchi Ayasofya masjidini muzeyga aylantirish qaroriga Turkiyada dunyoviy davlatchilik asosichisi hisoblangan Mustafo Kamol Otaturk imzolaganiga oid iddaolar yolg‘on, degan da‘vo bilan chiqdilar.

Bu da‘volarni quvvatlagan nodavlat tashkilotlar vakillari va xususan, Turkiyadagi Milliyatchilar partiyasi yetakchilaridan biri Yusuf Halacho‘g‘li Turkiya parlamentiga Ayasofya masjidini masjidga aylantirish to‘g‘risidagi hujjatni taqdim qildi.

Ammo, bu da‘volarga Erdo‘g‘on hukumati tomonidan jiddiy munosabat bildirilmadi.


"Ayasofya mojarosi saylovoldi kampaniyasi bir qismi"

Turkiyadagi jarayonlar, xususan, bu muhtasham ibodatxona atrofidagi bahsdan boxabar o‘zbekistonlik faol, shu kunlarda Istanbulda yashayotgan jurnalist Kamoliddin Yo‘ldosh bu masalani o‘ta munozarali va nozik masala, deb hisoblaydi.

Uning fikricha, qariyb 77 million aholisi bo‘lgan Turkiyada aynan Ayasofyaning masjidga aylanishini istovchilar aholining 50 foizini ham tashkil qilmaydi.

- Mana bugun ham men bir turk bilan gaplashdim. "Istanbuldagi har bitta ko‘chada masjid bor, oldin ularni to‘ldiraylik, agar shunda ham joy yetmasa, keyin Ayasofyani ochsak bo‘ladi", deyapti. Men shu yil avgustda mamlakatda bo‘ladigan prezidentlik saylovi oldidan yana ko‘tarilgan bu talab ostida aslida dindorlarning manfaati yoki millat manfaatidan ko‘ra ko‘proq Erdo‘g‘onning siyosiy manfaatlari yotibdi, deb bilaman, - deydi o‘zbekistonlik jurnalist.

Quyida u bilan qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.


Muqaddas Sofiya ibodatxonasini nasroniylarga qaytarish talabi

Bu ulkan ibodatxona 1453 yilda masjidga aylantirilganida ham xristian olami noroziliklariga sabab bo‘lgan va hozirga kelib uning yana masjid holiga keltirish haqidagi talablar ham noroziliklar uyg‘otmay qolmadi.

2007 yilda AQShdagi bir guruh taniqli biznesmen va siyosatchilar Free Hagia Sophia Council – Muqaddas Sofiya ibodatxonasini ozod qilish kengashini tuzganlar. AQSh Kongressining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida o‘sha yili 20 iyunda eshituvlar bo‘lib o‘tgan va Ayasofini yana ibodatxona sifatida ochish talabi yangragan edi.

Muqaddas Sofiya ibodatxonasini ozod qilish kengashi ortidan paydo bo‘lgan xalqaro harakat prezidenti Kris Spiru yillardan buyon bu muhtasham ibodatxonaning nasroniy diniy jamoasi vakillariga qaytarilishini talab qilib keladi.

Shuningdek, nasroniy diniy jamolari bu ibodatxonaning sotib olingani haqida turklar ilgari surgan da‘volarni ham inkor qilib keladi.

G‘arbdagi ba‘zi tarixiy manbalarda bu qadim ibodatxona binosi Usmonlilar tomonidan ayovsizlarcha tortib olingani, undan jonini saqlash uchun qo‘rg‘on o‘laroq foydalangan nasroniy erkaklar o‘ldirilgani, ayol-qizlar joriya va kanizak qilib sotilganini hikoya qiladi.

2013 yilda Muqaddas Sofiya ibodatxonasiga aynan o‘xshash va ayni nomda, ammo kichikroq hajmda qurilgan Trabzondagi muzey ibodatxona sud qarori bilan msjidga aylantirilganida ham xristaian olamida norozilik ko‘tarilgan edi.

31 may kuni Istanbulda o‘qilgan bomdod namozi Turkiyaning taqvodor musulmonlariga suyangan Bosh vazir Rajab Toyyib Erdo‘g‘on prezident saylovi arafasida saylovchilariga tortiq o‘laroq Muqaddas Sofiya ibodatxonasini masjidga aylantirib yuborishi mumkin, degan xavotirlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.

Turkiyada prezidentlik saylovi shu yilning 10 avgustida bo‘lib o‘tadi.


Ayasofya - 1 ming 500 yillik nodir san‘at asari

Bir necha turdagi marmar toshlardan qurilgan va turli rangdor, qimmatbaho toshlar bilan ishlov berilgan, dunyoda takrori bo‘lmagan Ayasofya majmuasi o‘z o‘rnida 3 bora qayta qurilgan eng qadimiy ibodatxonalardan biri hisoblanadi.

Binoning balandligi 55 yarim metr va markazdagi qubba diametri 31 metrdir.
Ilk kez 324-327 yillarda – Vizantiya imperiyasining eng yirik namoyondalaridan biri, buyuk Rim imperatori Konstantin I tomonidan qurilgan va Vizantiya imperiyasi poytaxti Konstantinopoldagi eng muqaddas ibodatxonalardan biri hisoblangan. Ammo, oradan 100 yilga yaqin vaqt o‘tgach, xalq qo‘zg‘alonida ibodatxonani yoqib yuborishgan.

Yana bir karra poydevordan ko‘tarilgan ibodatxonani 532 yildagi g‘alayonda yana yoqib yuborishgan.

532- 537 yillar oralig‘ida esa Vizantiya imperiyasi olin davri davomchisi o‘laroq bu ibodatxona qurilishiga kirishgan Yustinian I ibodatxonani marmar toshlardan qurishga ko‘rsatma bergan va uni bugungi holida qurdirgan. Shundan so‘ng qariyb 1000 yil davomida bu muhtasham bino nasroniylarning dunyodagi eng katta ibodatxonasi o‘laroq foydalanilgan.
XS
SM
MD
LG