Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:59

Shoir Mug‘anniy olamdan o‘tdi


Mug‘anniy domla.
Mug‘anniy domla.

Bugun O‘sh adabiy muhiti darg‘alaridan biri, ustoz shoir Mug‘anniy (G‘anijon Xolmatov) 66 yoshida vafot etdi. Shoir uzun yillardan beri qand xastaligidan aziyat chekib kelgan.


Mug‘anniyning shogirdlaridan biri shoir Davron Hotam ustozi bilan so‘nggi uchrashuvi O‘shdagi ijodkorlarning “Ilhom” klubida bo‘lib o‘tganini, holsizligiga qaramasdan, G‘anijon aka u yerga kelishni kanda qilmaganini aytadi.

- Shunday insonlar bo‘larkanki, ular jismonan nochorlashgani bilan gapdagi, fikrdagi salobat doim insonni baquvvatday qilib ko‘rsatarkan. Biz oxirgi marta gaplashganimizda ham qanchalik betobligi bilinmasin, nimagadir xayolimizda domla baribir kuchlidek sezilardi menga. Qulog‘i nochor edi domlaning, ko‘zlari xiralashib qolgandi, lekin bugungi kunni juda chiroyli tahlil qila olayotgandi oxirgi kunlari ham. Siyosat yoki adabiyot haqida ham juda tiniq va sarbast fikrlarni bildirayotgan edi domla. Shuning uchun ham xuddi yo‘qotmaydigandek, xuddi domla hali juda baquvvatdek tuyulardi nazarimda, - deydi Davron Hotam.

G‘anijon Xolmatov 1949 yil 5 fevralida O‘shda tavallud topgandi. 1966 yili o‘rta maktabni bitirgach, u A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san‘ati institutiga o‘qishga kirgan.

Oliygoh tahsilidan so‘ng G‘anijon aka 1970 yili Bobur nomidagi O‘sh o‘zbek musiqali drama teatriga ishga kirgan va 2007 yilgacha bu dargohda aktyor, rejissyor va bosh rejissyor bo‘lib ishlagan. Bu orada o‘rta maktablarda o‘qituvchilik bilan ham shug‘ullangan, to‘garaklarga rahbarlik qilgan.

Mug‘anniy qariyb 40 yil mobaynida qirg‘izistonlik o‘zbek qalamkashlarining “Ilhom” klubida doim peshqadam ijodkor, ustoz shoir sifatida shogirdlariga o‘rnak bo‘lib keldi.

Mug‘anniyning “Suyanganim tor bo‘ldi”, 2 kitobdan iborat “Yuz pora dil”, “Sen ketding asta-asta”, “Qazo darslari” kabi kitoblari yorug‘ ko‘rgan. Shoir “Yuz pora dil”ning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi kitoblari, 500 g‘azalni jamlagan “Aruziy armonlar” nomli devon, “Ruhning ko‘z yoshlari”, “Qazo darslari”ning ikkinchi jildini nashrga tayyorlab qo‘ygandi. Shuningdek, uning “Kuydan kuyov kutgan qiz” degan qo‘shiqlar to‘plami ham chop etish uchun tayyor edi.

Mug‘anniyni aksariyat qo‘shiqchi shoir sifatida bilardi. Shoir she‘rlariga bastalangan qo‘shiqlarni Sherali Jo‘rayev, Rasuljon Uraimjonov, Muhriddin Xoliqov, Oxunjon Madaliyev, Muhammadkarim Soipov, Hamidullo Matxoliqov, Dilorom Soipova kabi taniqli xonandalar ijro etganlar. Biroq shoir ijtimoiy lirikada ham zamonaning ilg‘orlaridan biri edi.

Tangriga arz etgali, zolimni qarz etgali,
Dindor do‘stim o‘tirgan zindonini izlaydi.

Zolim shohni kuylagan, muzdiga pul chiylagan –
Shoir og‘am yo‘qolgan iymonini izlaydi...
kabi va boshqa yuzlab misralar bunga misol bo‘lishi mumkin.

So‘nggi yillarda Mug‘anniyning g‘azallarida, to‘rtliklarda so‘fiyona (orifona va oshiqona) ohanglar kuchayib borayotgandi. Shoirning bevosita “Rabbim” xitobi bilan boshlanadigan 500 dan ziyod to‘rtlik yozgani ma‘lum.

RABBIM!
“Mazoring ko‘chdi” deb suyuntir,
Shafoat libosin kiyintir,
Karbalo dashtiga qo‘nibmiz,
Shahidlar qoniga ivintir...


Va yo

RABBIM!
Quvg‘inlik davri bitdi,
Bandang hurlikka yetdi.
Yerosti yo‘llaridan
Vatanga jo‘nab ketdi...
kabi to‘rtliklari shular jumlasidandir.

Shoir Mug‘anniyning janozasi 9 iyun kuni ertalab soat 8 da o‘qilishi, so‘ngra O‘shdagi Jiydalik qabristonida tuproqqa berilishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG