Линклар

Marhamatda savdo majmuasida chiqqan yong‘indan Beeline antennasi qulab tushdi


Andijonning Marhamat tumanidagi atelьeda yong‘in. WhatsAppdan yo‘llangan surat.

Andijonning Marhamat tumanidagi atelьeda yong‘in. WhatsAppdan yo‘llangan surat.

Andijon viloyati Marhamat tumani markazida mahalliy xususiy tadbirkorga qarashli 3 qavatli bino yonib ketdi. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, binoning 2 va 3 qavatidagi tikuvchilik sexlari hamda savdo shoxobchalari bilan birga tomga o‘rnatilgan Beeline antennasi ham qisman yonib, qulab tushgan. Jarohatlanganlar haqida hozircha ma‘lumot yo‘q.

Andijon viloyati Marhamat tumani markazidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konlari joylashgan 3 qavatli bino yonib ketishi oqibatida, uning tomiga o‘rnatilgan Beeline uyali aloqa kompaniyasiga qarashli antenna qulab tushgan.

Hodisa natijasida jarohatlanganlar yoki qurbon bo‘lganlar haqida hozircha Ozodlikda hech qanday ma‘lumot yo‘q.

Ozodlikka xabar yo‘llagan manbaning yozishicha, "yong‘in juda katta bo‘lgan" va "binodagi chevar qizlar yong‘inga sababchi bo‘lishgan".
WhatsApp orqali yo‘llangan bu xabarga surat ham ilova qilindi.

Unda uchinchi qavati lov-lov yonayotgan olov va quyuq qora tutun orasida qolgan bino hamda uning tomiga o‘rnatilgan, taxminan 10 metrdan uzunroq antenna aks etgan.

Muxbirning fotoxabar ortidan aniqlashicha, yong‘in o‘tgan haftda chorshanba kuni sodir bo‘lgan va yongan bino xalq orasida "Latviya univermagi" deb ataladi.

- Shu binoda ishlaydigan chevar qizlar dazmolni tokka ulagan bo‘yicha, esidan chiqarib qoldirib ketishibdi, deb eshitdim. Kechki payt soat 5 larda yong‘in chiqqan. 3-4 soat deganda zo‘rg‘a o‘chirishgan. Marhamatlik o‘t o‘chiruvchilarga Asakadan kelib yordam berishgan. Lekin jarohatlanganlar haqida men eshitmadim, odamlar vaqtida bilib qolishibdi, chamamda, - dedi marhamatlik tinglovchi Mahmudjon aka.

Yong‘inda bino tomiga o‘rnatilgan Beeline uyali aloqa kompaniyasiga qarashli antenna ham qulab tushgan.

- Shu bino tomiga o‘rnatilgan edi, ko‘rinib turar edi atrofdan. Qulab tushibdi o‘sha kuni. Mening o‘g‘illarim hammasi Beelineda edi, 3 kuncha gaplasholmay qiynalib yurdik. Hozir yana aloqa tiklanib qoldi, - deydi suhbatdosh.

Hozircha Beeline uyali aloqa operatorining hududiy va markaziy boshqaruv idoralaridan bu borada biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Marhamat markazidagi yirik binoda yong‘in bo‘lgani va yong‘in bois, bir necha kun telefon aloqasi ham yomonlashganini tasdiqlagan tuman IIB navbatchisi hozircha yong‘inga sababchi bo‘lgan "chevar qizlarga militsiya chora ko‘rilayotgani" haqida Ozodlikka kelgan norasmiy ma‘lumotlarni inkor qildi.

Yong‘in tafsilotlaridan boxabar marhamatlik tinglovchiga ko‘ra, yonib ketgan bino marhamatlik xususiy tadbirkorlardan biriga qarashlidir.

- Bu bino o‘zi bir xususiy tadbirkorga tegishli edi. Sovet zamonida 2 qavatli "Latviya univermagi" bo‘lgan. Keyin xususiylashtirish paytida mahalliy Hamidullo aka, degan tadbirkor sotib olib, savdo markazi qilib qo‘ygan edi. 1-qavatida sotoviy telefon sotadigan, tilla taqinchoqlar sotadigan, boshqa xil do‘konlar bor edi. Ikkinchi, uchinchi qavatlarida tikuvchilik, to‘y ko‘ylaklar, parda sotadigan, shunga o‘xshash ayollar ishlaydigan ishxonalar edi, - deydi Marhamat tumanida istiqomat qiladigan Mahmudjon aka.

Ozodlik o‘z mushtariylari bilan WhatsApp va boshqa ijtimoiy tarmoqlari orqali aloqa o‘rnatganidan buyon respublikaning turli burchida bo‘layotgan katta-kichik yong‘inlar haqida ko‘plab video va fotoxabarlar kela boshladi.

Ana shunday xabarlardan so‘nggi ikkisidan biriga ko‘ra, 5 iyun kuni Ohangarondagi mashhur Temur ota choyxonasida yong‘in sodir bo‘lib, choyxonaning bir qismi yonib kul bo‘lgan.

26 may kuni esa Jizzax viloyatining Paxtakor tuman dehqon bozori yonidagi do‘konlar joylashgan ikki qavatli bino yonib ketgan.
XS
SM
MD
LG