Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:20

Andijonda qurollangan qora niqobli bosqinchilar qidirilmoqda


Andijon viloyati Shahrixon tumanida ikki kishidan iborat talonchilar guruhi qidirilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qora niqobli qurollangan ikki kishi o‘ziga to‘q odamlar uyiga bostirib kirib, o‘g‘irlik qilish bilan shug‘ullangan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, may oyida Shahrixon tumanida qora niqobli o‘g‘rilar bilan bog‘liq ikkita bosqinchilik holati sodir etilgan.

Voqea tafsilotlaridan xabardor Shahrixondagi manbamizga ko‘ra, 21 maydan 22 mayga o‘tar kechasi qora niqobli bosqinchilar guruhi yangi Sobalt mashinasi olgan shahrixonlikning uyga kirib, tahdid qilgan:

“21 may kuni soat kechgi soat 11 yarimlarda qora maska taqqanlar Shahrixon tumani O‘zbekiston jamoasi Bayroq mahallasida yashovchi fuqarolar uyiga kirib, uy egalaridan yangi olingan Sobaltning kalitini berishni talab qilgan. Ular bermagach, tahdid qilib, ularni urgan. To‘polonga vovillagan itga esa miltiqdan o‘q otishgan. Miltiqning ovozini chiqmaydigan qilib qo‘yishgan. O‘q otsa ham eshitilmaydigan qilib qo‘ygan ekan. Uy egalarining baqir-chaqiriga qo‘shnilar chiqqan payt ular qochib ketgan”, dedi voqeadan xabardor shahrixonlik manba.

Shahrixondagi boshqa bir manbamizning aytishicha, qora niqobli bosqinchilar 4 may kuni yana bir shahrixonlikning uyiga kirib, uydagilarni qo‘rqitib, ularning katta miqdordagi pulini olib ketgan:

“4 may kuni tungi 2-3 lar o‘rtasi Shahrixon tumani Mustaqillik ko‘chasida yashovchi G‘ayrat ismli kishining uyiga qora maskada qurollangan guruh kirib, uni qo‘rqitgan. Unga tahdid qilib, 27 ming dollar pulini olib ketgan. Tergovchilar uydan o‘g‘rilarning unutib qoldirgan to‘qmog‘ini topgan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manbamiz.

Andijon viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, mazkur ikki voqea yuzasidan jinoiy ish ochilib, hozirda qora niqobli talonchilar guruhining ikki a‘zosi qidirilmoqda.

“Ikkalasi ham qora niqobda bo‘lgani uchun uy egalari ularning yuzini ko‘ra olmagan. Shuning uchun bu ikki bosqinchining fotorobotini tuzish uchun yetarli ma‘lumotlar yo‘q. Lekin ish bo‘yicha tergov-surishtiruv davom etayapti. “Bosqinchilik” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Bosqinchilar ov miltig‘i bilan qurollangan bo‘lgan. Ular ikkala bosqinchilik holatida ham uy egalariga tan jarohati yetkazgan. Lekin bosqinchilik natijasida talafotlar va qurbonlar yo‘q. Bosqinchilar qidirilayapti”, dedi Andijon viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi.

Shahrixondagi yana bir manbamizning aytishicha, qora niqobli bosqinchilarga qarshi ochilgan jinoiy ish bo‘yicha tumanda ishsiz yurgan deyarli barcha yoshlar tergov qilinayapti.

“Shahardagi ko‘zga ko‘ringan yoshlarni militsiya turli bahonalar bilan chaqirib, shu voqea bo‘yicha 7-10 kunlab tergov qilayapti. Hozir tergovda o‘tirgan yoshlar anchagina. Ularni tergov payti urib, qiynayapti, och qo‘yayapti. Bosqinchilar dastidan begunoh yoshlarni qiynashayapti. Hozir Shahrixon ancha notinch. Bu yoqda qurollangan maskalilar, hammaning uyiga kirib tahdid qilayapti. Odamlar xavotir ichida yashayapti", dedi shahrixonlik manba.
XS
SM
MD
LG