Линклар

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Feruza Jumaniyozova yana litsenziyadan mahrum etildi. To‘rt yil davomida efir yuzini ko‘rmagan xonandaning shu yil aprel oyida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan olgan litsenziyasi yana bekor qilindi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi rasmiylariga ko‘ra, Feruza Jumaniyozova litsenziya bitimi talablarini muntazam buzib kelgan. Shu sababli unga aprel oyida berilgan litsenziya 3 iyundan bekor etilgan.

“Xonanda Feruza Djumaniyazova tomonidan litsenziya bitimida nazarda tutilgan talab va shartlar muntazam ravishda buzib kelinganligi sababli, Birlashmaning 2013 yil 13 avgustdagi MR-15-son buyrug‘i asosida berilgan AJ-3937-raqamli litsenziyaning amal qilishi 2014 yil 3 iyundan tugatildi”, deyiladi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining rasmiy bildirishnomasida.

“O‘zbeknavo” matbuot xizmati rahbari Odiljon Abduqahhorov Ozodlik bilan suhbatda estrada birlashmasi ta‘sis etgan qoida va tartiblarga rioya etmay kelgani uchun Jumaniyozovani litsenziyasi tugatilganini aytdi:

- Maxsus kengash a‘zolarining fikri asosida shunga qaror qilindi. Bu haqda “O‘zbeknavo”ning bir xodimi yoki rahbari qaror bermaydi. Sabablari borki, shu darajaga olib kelindiki, shunga qaror berilgan. Feruzaning o‘zi biladi, nima sababdan bunaqa bo‘lganini, - degan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining matbuot xizmati rahbari Odiljon Abduqahhorov Jumaniyozovaning litsenziyasi bekor qilingani asl sababini ochiqlamadi.

Litsenziyadan mahrum etilishi haqida Feruzaning o‘zi jurnalistlarga gapirmayapti. Xonandaning ma‘muri Shirin G‘ofurova ham bu haqda izoh berolmasligini aytdi.

Internetda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Jumaniyozova "O‘zbeknavo" tadbirlarida qatnashmay kelgani uchun litsenziyasi bekor qilingan. Lekin, "O‘zbeknavo" vakili buni rad etdi.

O‘zbekistonda xonandalarga kontsert - tomosha faoliyati turlarini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.

O‘tir desa o‘tiramiz, tur desa turamiz

Xorazmlik xonandaning litsenziyasi birinchi marta olib qo‘yilayotgan yo‘q. U 2010 yilda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasini rasman ogohlantirmay, Tojikistonda kontsertlar bergani uchun litsenziyadan mahrum etilgandi.

O‘shanda Feruzaning ham onasi¸ ham menejeri bo‘lgan Zuhra opa qizi uchun televideniyeda efir eshiklari ham yopilgani haqda Ozodlikka gapirgandi.

- Mana o‘tiribmiz. Yana mehnat qilib turibmiz¸ yana ishlab turibmiz. Kliplar¸ ashulalarni to‘xtasin, deyishdi¸ to‘xtadik. "Kel", deyishsa¸ boramiz. Shu to‘xtatib qo‘yishibdiku. Televideniyega borsak ham “Qo‘yilishi mumkin emas”, deyishadi. “Bo‘pti”, deymiz. To‘xtatishdi. Mumkin emas Feruza deyishdi. O‘tir desa o‘tiramiz, tur desa turamiz, - degan edi Zuhra xalfa.

Feruza Jumaniyozova o‘zbek teleradiolarida taqiqlangan yagona xonanda emas. O‘zbek "primadonnasi" Yulduz Usmonova prezident Saparmurat Niyozov tirikligida Turkmanistonga borib kontsert berib kelganidan so‘ng O‘zbekistonda taqiqlarga duchor bo‘lgan edi.

Abdulla Qurbonovning odob doirasidan chiqqan holda militsiya xodimlarini "poraxo‘r" deb so‘kkani aks etgan videotasvir Internet va qo‘l telefonlarida tarqatilgach, qo‘shiqchi 22 fevral kuni litsenziyadan mosuvo qilingan edi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining matbuot hizmati rahbari Odiljon Abduqahhorov bugungi kunda O‘zbkistonda litsenziyasi tugatilgan xonanda faqat Feruza Jumaniyozova ekanini aytdi.

- Qaysi qo‘shiqchini litsenziyasi bekor bo‘lsa, rasmiy ravishda e‘lon qilinadi. Feruzadan boshqa hamma san‘atkorlarning litsenziyasi bor. Sherali Jo‘rayev deysizmi, Yulduz Usmonovami, hammasida litsenziya bor. Faoliyat yuritishyaptiku mana, - deydi Odiljon Abduqahhorov.

Feruza qo‘shiqlarini hirgoyi qilib yurishi mumkin

Litsenziyasidan mahrum etilgan qo‘shiqchi uchun faqat sahna va teleefir eshiklari yopiladimi yoki to‘y-hashamlarga ham bora olmaydimi, deb so‘raymiz "O‘zbeknavo" vakilidan.

- Ommaviy tadbirlarda ishtirok etolmaydi. Chunki qo‘shiq aytish vakolati yo‘q. Litsenziya qo‘shiq aytish vakolatini beradi. Uyida, oilasida qo‘shiqlarini xirgoyi qilib yurishi mumkin. Bu o‘zining ishi. Lekin rasmiy ravishda to‘y-hasham, kontsertlar va boshqa ommaviy tadbirlarga chiqish vakolati bo‘lmaydi. Milliy estrada san‘atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzurida komissiya bor. Ular ko‘rib chiqadi, - dedi "O‘zbeknavo" vakili.

O‘tgan yili “O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasi “Mustaqillikning 22 yilligi bayramini o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarorini to‘liq anglab yetmay, bayram tantanalari uchun yangi qo‘shiq tayyorlash borasida jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygan bir qator estrada xonandalari” ni jazolagan edi.

Jumladan¸ O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, "Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jayev, xonanda Dilshod Rahmonov, "Ummon” va "Mango” guruhlari xonandalari litsenziyadan mahrum qilingandi.
XS
SM
MD
LG