Линклар

Karachi aeroportiga hujum qilganlarning aksari o‘zbeklar bo‘lgani taxmin qilinmoqda


Karachi aeroportiga hujum qilganlar orasida o‘zbeklar ham bor.

Karachi aeroportiga hujum qilganlar orasida o‘zbeklar ham bor.

Pokistondagi Tolibon harakati mamlakatdagi eng gavjum aeroportga uyushtirilgan hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi. 8 iyun kuni ro‘y bergan hujumda 28 kishi halok bo‘ldi. Pokiston harbiylari hujum qilgan 10 jangari orasida o‘zbeklar ham bo‘lganini aytmoqda.

Avtomat, granata va raketalar bilan qurollangan jangarilar Karachi xalqaro aeroportiga yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan kechasi 11.30lar atrofida bostirib kirdi.

Ozodlikning Pokiston xizmati muxbiri Qosimxonning aytishicha, xalqaro aeroport binosiga ikkita eshikdan bostirib kirgan hujumchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi jang besh soatdan ortiq davom etgan va natijada kamida 28 kishi halok bo‘lgan.

- Jangarilar bilan hisoblaganda halok bo‘lganlar jami 28 kishini tashkil qildi. Jangarilar 10 kishi bo‘lgan, ularning hammasi o‘ldirildi. Ulardan tashqari yana 18 kishi, jumladan xavfsizlik kuchlari va xalqaro aeroportning xodimlari o‘ldirildi, deydi hamkasbimiz.

Qosimxon rasmiylar Karachi aeroportiga hujum qilgan 10 jangarining aksari o‘zbeklar bo‘lgani tasdiqlaganini aytadi va asli o‘zbekistonlik jangarilar Pokistondagi yirik aeroportlarga ilk bor hujum qilayotgani yo‘q, deya eslatadi.

- Rasmiylar hujumchilarning aksari o‘zbeklar bo‘lganini aytmoqda. Ba‘zilar xorijliklar, demoqda, ba‘zilar o‘zbeklar demoqda. O‘zbek jangarilar bunday hujumlarda birinchi marta qatnashayotgani yo‘q. Esingizda bo‘lsa, 2012 yil dekabrida Xaybar Pashtungxva poytaxti hisoblangan Peshovar shahridagi Bachaxan aeroportiga jangarilar hujum uyushtirgan edi. O‘sha jangarilarning ham aksari o‘zbeklar edi. Shuning uchun bu hujumni ham o‘zbeklar amalga oshirgani ehtimoli yuqori, deydi pokistonlik jurnalist.



Hodisada yana 26 kishi jarohatlandi.

Xabarlarga ko‘ra, hujum qilganlarning ba‘zilari xavfsizlik xodimlari kiyimida bo‘lgan. Ba‘zilari xudkush kamzullarini kiyib olgan bo‘lgan.

Ozodlik bilan telefon orqali bog‘langan Pokistondagi Tolibon harakati vakili hujum o‘tgan yili AQSh droni yordamida Tahriki Tolibon Pokiston harakati yetakchisi Hikmatullo Mas‘udning o‘ldirilganiga javoban uyushtirilganini bildirdi.

Pokistonlik hamkasbimizning aytishicha, Afg‘oniston va Pokistondagi Tolibon harakatlariga daxldor bo‘lgan jangari guruhlar orasida o‘zbeklarga oid guruhlar bor.

Lekin hozircha, yakshanba kuni Karachi aeroportiga hujum qilganlarning o‘zbek ekanini tasdiqlash uchun o‘tkazilishi aytilgan DNK tekshiruvi natijalari e‘lon qilingani yo‘q.

Bundan tashqari, islomiy jangari guruhlar bo‘yicha mutaxassislarning aytishlaricha, Tolibon guruhining o‘zi bunday murakkab diversiyani amalga oshira olishi ehtimoldan yiroqdir va shu sababdan hujumni tayyorlashda Al-Qoyda terror tarmog‘i ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG