Линклар

logo-print
O‘shda 2010 yilning 10 iyunidan 11 iyuniga o‘tar kechasi boshlangan zo‘ravonliklarda turli jinoyatlarni sodir etgani gumon qilinayotgan shaxslarning 95 foizi shu kungacha jazolangani yo‘q. Ayni paytda O‘sh qirg‘inida ayblanib qamalgan 545 kishining 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz, qolganlari esa boshqa millatga mansub shaxslardir.

O‘sh fojeasida jinoyat sodir etganlarning 95 foizi qochib ketgan

Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanovaning bildirishicha, O‘sh voqeasida sodir etilgan zo‘ravonliklar bo‘yicha 5 mingdan ortiq jinoyat ishi ochilgan. Biroq shu kungacha bu jinoyatlarning faqat 5,5 foizga yaqini fosh etilgan. 2014 yilning may oyigacha bo‘lgan holatga ko‘ra, 307 jinoyat bo‘yicha ayblangan odamlarga nisbatan sud hukmi o‘qilgan. 33 jinoyat ishi esa dalillar yetarli bo‘lmagani uchun tergov jarayonida to‘xtatilgan.

Qirg‘iziston Bosh prokurori jinoyat ishlarining asosiy qismi oxiriga yetkazilmaganini gumon qilinuvchilar Rossiya, O‘zbekiston va boshqa xorij davlatlariga qochib ketgani bilan izohlamoqda:

-Bu kabi jinoyat ishlarini izi sovimasdan turib fosh qilish kerak edi. Biroq o‘sha paytda jinoyatni fosh etish oson bo‘lmagan. Qochib ketganlarning ko‘pchiligi boshqa davlat fuqaroligini olishga muvaffaq bo‘lgan, yana bir qismi esa qochqinlik maqomini olgan. Shuning uchun ham ularni Qirg‘izistonga olib kelib, jinoiy javobgarlikka tortish juda qiyin bo‘lmoqda, - dedi Aida Salyanova.

Qamalganlarning ko‘pchiligi qiynoqlar tufayli "aybdor"ga aylangan

Xalqaro tashkilotlar va mahalliy huquq faollari fosh etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha ham jinoyat sodir etgan shaxslar jazoga tortilganiga shubha bilan munosabat bildirmoqda. Xalqaro tashkilotlar e‘lon qilgan bayonotlarida jinoyatda ayblanib hibs qilingan shaxslarga nisbatan tergov jarayonida qiynoqlar qo‘llanilgani, jinoyat ishlari soxtalashtirilgani haqida ma‘lumotlar bor.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, 2010 yildayoq qiynoqlar qo‘llanilib, majburiy iqrornomalar olish natijasida “umrbod qamoq jazosiga hukm qilish bo‘yicha 27 ta hamda uzoq muddatli qamoq jazosi bo‘yicha 6 ta hukm chiqarilgan” bo‘lib, “bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilganlarning hammasi o‘zbeklardir”.

Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahbus Mirzohid Soliyev Ozodlik radiosiga bergan suhbatida bu borada quyidagilarni aytib bergan edi:

- Avvaliga meni ukamni “tartibsizliklarda qatnashgansan”, deb olib ketishdi. Keyin meni tergovga chaqirishdi. Tergovchining xonasiga kirsam, ukamni juda qattiq kaltaklashibdi. Meni oldimda ham kaltaklashib, “Agar sen mana bu qotillikni bo‘yningga olmasang, ukangni bu yerdan o‘ligi chiqadi”, deyishdi. Shundan so‘ng men qilmagan jinoyatni bo‘ynimga olishga majbur bo‘ldim. O‘shda o‘sha kunlari huquq-tartibot tuzilmalari mana shunday printsipda ishlashgan. Bitta uydan 2-3 ta odamni olib chiqib ketadi-da, ulardan 1-2 tasini qattiq kaltaklaydi, qiynoqqa soladi va qo‘lga olinganlardan biri o‘z yaqinini qutqarib qolish uchun qilmagan jinoyatni bo‘yniga oladi, - dedi Mirzohid Soliyev.

Dilmurod Haydarov: To‘la oqlanmagunimcha kurashni to‘xtatmayman

O‘sh viloyat sudi tomonidan 10 yilga kesilgan Dilmurod Haydarov, 8 yilga qamalgan G‘ani Sodiqjonov va Hayrullo Soipov, 6 yilga qamalgan Shukrullo Qo‘chqorov, Doniyor Qodirov, Bahodir Sobirov aprel oyida qamoqdan ozod qilindi. Bu shaxslarga nisbatan tergov va sud jarayoni qariyib to‘rt yil davom etdi. Lekin bir necha marotaba o‘tkazilgan qayta tergovlar va sud jarayonlarida ularga nisbatan bildirilgan qotillik ayblovi isbotini topmagan. Shuning uchun ham sud ularga tartibsizlik ishtirkochilari sifatida turli muddatlarga jazo belgilagan va bu jazo muddati hibsda o‘tirgan kunlar hisobidan o‘tab bo‘lingan deb topilib, ozodlikka chiqarilgan.

Biroq mazkur ish bo‘yicha ayblangan Dilmurod Haydarov sud uni to‘la oqlamaguniga qadar kurashdan charchamasligini bildirdi:

-Xudo xohlasa, to‘la oqlanish uchun kurashimizni davom ettiramiz. Chunki men shaxsan O‘sh voqelari paytida birorta noqonuniy harakat qilganim yo‘q. Men O‘shdagi topbazada ishlaydigan 25 ta qirg‘iz ayol va qizlarni, zapravkada ishlaydigan Aytmamat akani oilasi va akasi bilan bilan xavfsiz joylarga olib chiqib qo‘ydim. Bundan tashqari “Doston” kafesida ishlaydigan ofitsiant qizlarni, Xitoy fuqarolarini, eronliklarni xavfsiz joylarga ko‘chirdim. O‘sh voqeasi kunlari men xalqimizning tinchligi uchun qo‘limdan kelganicha xizmat qildim, -dedi Dilmurod Haydarov.

Xalqaro tashkilotlar va mahalliy huquq faollari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarovni ozod qilish yo‘nalishida to‘rt yildan beri harakat qilib kelmoqda. Xalqaro tashkilotlar huquq faoli Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganini aytib keladi. Biroq Qirg‘iziston rasmiylari Azimjon Asqarovning Bozorqo‘rg‘on tumanida bir militsiya xodimi halok bo‘lgan tartibsizliklarni uyushtirganligi isbotlangan fakt ekanni iddao qilib kelmoqda.

"Amnistiya millatlararo inoqlikni mustahkamlaydi"

Ayni paytda Qirg‘iziston Xalqlari Kongressi siyosiy partiyasi O‘sh voqeasida ayblanib qamalganlarga hamda xorijga qochib ketgan ayblanuvchilarga amnistiya e‘lon qilish tashabbusi bilan chiqmoqda.

- Inoqlik va birdamlikni mustahkamlash maqsadida mana shunday tashabbusni ko‘tardik. Biroq og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan amnistiya qo‘llanilmaydi. Biz ilojsiz vaziyatga tushib qolgani uchun tartibsizliklarda ishtirok etishga majbur bo‘lgan shaxslarga nisbatan amnistiya e‘lon qilinishini taklif etayapmiz. Qamalganlarning ayrimlari gunohsiz bo‘lsa-da, huquq-tartibot tuzilmalari ularga ayblov bildirgan. Gunohsiz odamning puli bo‘lsa, pulini olib qo‘yib yuborishgan, puli bo‘lmasa jinoyat ishi ochib, qamab yuborgan holatlar ham bor, - dedi Shamshibek Medetbekov.

Qirg‘iziston Xalqlari Kongressi siyosiy partiyasi amnistiya tashabbusini bir oy oldin ko‘targan bo‘lsa ham shu kungacha Bishkek rasmiylari bu borada o‘z munosabatini bildirgani yo‘q.

Qirg‘iziston prezidentining rasmiy saytidagi ma‘lumotlarga qaraganda, 2010 yilning 10 iyunida boshlanib bir necha kun davom etgan O‘sh qirg‘ini chog‘ida 442 odam halok bo‘lgan. Ularning 70 foizi etnik o‘zbeklardir.

Ayni paytda O‘sh qirg‘inida ayblanib qamalgan 545 kishining 400 nafari o‘zbek, 133 nafari esa qirg‘iz millatiga mansubdir.
XS
SM
MD
LG