Линклар

Biz tuyamo‘yinliklar tikanli sim ortidagi qarindoshlarimiznikiga o‘tolmay qiynalib ketdik, chegara masalasi qachon hal bo‘ladi?!

Javobini bilish istagidan ko‘ra norozilik izhori kuchliroq bo‘lgan bu savol Ozodlikka O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasiga tutash, O‘sh viloyati Aravon tumaniga qarashli Tuyamo‘yin qishlog‘idan keldi.

Umumiy uzunligi 1378 kilometrni tashkil etuvchi o‘zbek-qirg‘iz chegarasining bahsli bo‘lib qolayotgan 320 kilometrini aniqlash masalasi o‘z yechimini kutmoqda. Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni yechimni topishga oshiqmayapti.


Bundan 5 yil muqaddam o‘zbek – qirg‘iz chegarasi chizig‘ida - Jalolobod viloyati Novken tumani bilan Andijon viloyati Paxtaobod tumani chegarasi- da joylashgan Chek qishlog‘i ahli Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi Prezidenti Qurmanbek Bakiyevga murojaat qilib, o‘zlarini Qirg‘iziston hududiga ko‘chirishini talab qilgan edi.

Oradan 5 yil o‘tdi va endi chegaraning boshqa qismi, O‘sh viloyati Aravon tumani bilan Andijon viloyati Marhamat tumani chegarasida joylashgan Tuyamo‘yin qishlog‘idan Ozodlikka xat keldi. Xatda aytilishicha, shu kunda tuyamo‘yinliklar orasida “Qishloq O‘zbekistonga o‘tarmish”, degan mish-mish tarqagan. Xat muallifi Ozodlikdan “Agar qishlog‘imizni olishsa, o‘zimizni ham olishadimi?”, deb so‘ragan.

Ismini aytmasligini so‘ragan tinglovchimizga qishloqda tarqagan “mish-mish”larda hech qanday asos bo‘lmasligi ehtimoli katta ekanligini tushuntirgan bo‘ldik va undan tuyamo‘yinliklarning chegara bilan bog‘liq tashvishlarini aytib berishni so‘radik.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u yashaydigan qishloqda 30 xo‘jalik oila yashaydi, ulardan 25i o‘zbek, 5i qirg‘iz oilalaridir. Qishloqning cheti Qirg‘izistonning ham chetidir.

- Ba‘zi uylar chegaraning tagida – chegaragacha 5 – 6 metr, xolos. Ba‘zilaridan chegaragacha 400 – 500 metr chiqadi, dedi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, Sovet davrida Tuyamo‘yin qishlog‘ining u yashaydigan mahallasi Marhamatning Shukur mergan, Rovot mahallalari bilan "bitta organizm" bo‘lgan. Suhbatdoshimiz Qirg‘iziston fuqarosi bo‘laturib, O‘zbekistonga qarashli maktabda o‘qigan.

Endilikda esa, tuyamuyinliklar chegara ortida qolgan sobiq qishloqdoshlari – qo‘shnilari, yoru birodarlari, qarindosh-urug‘larinikiga borish uchun chegarani O‘shdagi yoki Qizilqiya shahridagi chegara nazorat-o‘tkazish maskanidan kesib o‘tishi kerak. Har ikkalasi ham Tuyamo‘yindan bir necha o‘n kilometr narida bo‘lgani uchun bir necha soat sarflash kerak bo‘ladi. Lekin mana 4 yildirki, hatto shu imkoniyatdan ham ular mahrum: qirg‘izistonlikning O‘zbekistonga o‘tishi uchun undan maxsus chaqiruv telegrammasi talab qilinadi.

Demak, tuyamo‘yinlik qo‘lida chaqiruv telegrammasi bo‘lmasa, shundoqqina tikanli sim ortidagi, masalan, ukasining to‘yiga bir kun sarflab O‘sh orqali ham qonuniy borolmaydi.

Bas, shunday ekan, “Bor-e”, deb tikanli sim orasidan o‘tsa nima bo‘ladi?

Hazil aralash bu savolimizga suhbatdoshimiz bunday dedi:

- Unday o‘taman, desangiz, askar ushlaydi. Askarlarga ko‘rinmay o‘tib ketadigan bo‘lsangiz, mahallaning posbonlari bor. O‘shalar sotadi. Keyin baribir ushlab ketadi.

- Askar ko‘rib qolsa nima qiladi?

- Olib ketadi. To‘xtamasangiz, otadi deyishadi. Ushlab olsa, olib ketib jarima soladi. O‘zbekistonga qaytib kirishingizni taqiqlab qo‘yadi,
deydi qirg‘izistonlik o‘zbek.

Suhbatdoshimiz yashaydigan Tuyamo‘yin qishlog‘i Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasining shu paytgacha aniqlangan 1058 kilometriga kiradimi yoki aniqlanmagan 320 kilometri ichidami – buni suhbatdoshimiz bilmaydi.

Qirg‘iziston hukumati qoshidagi Chegaralarni aniqlash hukumatlararo komissiyasi raisi Qurbanbay Iskanderovning o‘tgan haftadagi bayonotiga ko‘ra, may oyining so‘nggi kunlarida Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining aniqlangan hududlari yuzasidan hukumatlararo protokol imzolanishi rejalashtirilgan edi.

Iskandarovning aytishicha, O‘zbekiston tomoni noma‘lum sabablarga ko‘ra Bishkekka kelib, mazkur hujjatni imzolashdan bosh tortgan. Bu borada yangi uchrashuv qachon va qayerda o‘tishi hozircha noma‘lum bo‘lib qolmoqda.

Chegaraga oid masalalar yuzasidan O‘zbekiston rasmiylaridan informatsiya olish mutlaqo imkonsizdir.

Ayni paytda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi to‘rt yildan beri deyarli yopiq qolmoqda. Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayeva chegaradagi vaziyatni sharhlar ekan, o‘tgan haftada Ozodlikka bunday degan edi:

- Hozircha “Chegara qachon ochiladi?” degan savolga biz javob bera olmaymiz. Chunki O‘zbekiston tomoni chegaradan o‘tishni cheklab qo‘ygan. Bu masala qachon hukumatlar kelishib olgandagina hal bo‘ladi. Hozircha esa bu masala hal etilay deb qoldi, degan ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG