Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:14

Rossiyada muhojirlar uchun yangi test tizimi joriy qilinmoqda


Hozircha mehnat muhojirlari rus tilidan olinadigan imtihonlar uchun 3 ming rublьdan haq to‘laydi.
Hozircha mehnat muhojirlari rus tilidan olinadigan imtihonlar uchun 3 ming rublьdan haq to‘laydi.
Moskvadagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN)da mehnat muhojirlari rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha topshirishi ko‘zlanayotgan testlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar 2015 yilning 1 yanvaridan joriy qilinadigan testlar oddiy muhojirlar uchun murakkab tuzilganiga va kelajakda korruptsiyaning yana bir ko‘rinishi – “sertifikat savdosi”ni yuzaga keltirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘tgan hafta davomida Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN)da o‘tkazilgan ilmiy anjumanda mahalliy Test markazi mutaxassislari tomonidan uch yo‘nalish – tarix, rus tili va Rossiya qonunchiligi bo‘yicha mamlakatda ishga ruxsat olish istagida bo‘lgan muhojirlar uchun yangi testlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bu testlar “xorijliklarning Rossiya jamiyatiga ijtimoiy-madaniy adaptatsiyasi va integratsiyasi” masalalarini hal etishga qaratilgan anjumanning asosiy maqsadlaridan deb belgilandi.

Anjumanda ishtirok etgan Rus tili va madaniyati markazi rahbari Mariya Finashina, Ozodlik bilan suhbatda, ilgari ishga ruxsatnoma olish uchun mehnat muhojirlari faqatgina rus tilidan imtihon topshirgani, yangi qoidalarga ko‘ra esa yana ikkita fan qo‘shilganini gapiradi.

- RUDNda uyushtirilgan ilmiy anjumanda imtihon topshirish shakli o‘zgarayotgani, ya‘ni rus tilidan topshirilayotgan imtihonga tarix va qonunchilikdan yangi savollar qo‘shilgani rasman e‘lon qilindi. Demak, imtihonlar va savollar soni ham ko‘paydi. Ammo hozircha yuqoridan biz, imtihon oluvchilarga, mehnat muhojirlari uchun imtihon topshirishning yangi tartiblari yuborilgani yo‘q. Bilishimcha, bu testlarning chalasini to‘ldirib oxirigacha yetkazish uchun vaqt kerak. Har holda, testlar kelgusi yilning 1 yanvaridan joriy qilinadi – vaqt bor,- deydi test markazi rahbari Mariya Finashina.

Hozirda Rossiya test markazlarida rus tilidan olinayotgan imtihonlar 5 qismdan iborat ekani ma‘lum: leksika, grammatika, o‘qish, yozish, audioimtihon va suhbat. Finashina tarix va Rossiya qonunchiligiga doir qo‘shimcha kiritilajak savollar ham shu shaklda olinishini aytadi.

Mutaxassis hozircha test markazi rus tilidan 2 yildan buyon o‘tkazilayotgan imtihonlar uchun muhojirlardan 3 ming rubl olinayotganini bildirdi. “Rus tilini o‘rtacha biladiganlar uchun savollarimiz murakkab emas”, deydi u.

Mariya Finashina bu sohada so‘nggi yillarda kiritilayotgan ko‘plab o‘zgartishlar ish beruvchi va mehnat muhojirlarida sertifikatlarga bo‘lgan talabni ham pasaytirib yubormoqda, deydi.

- Aprel oyida 10 kishicha kelgan edi, may oiyda mutlaqo hech kim kelmadi imtihonga. Chunki fikrimcha, bu migratsiya sohasidagi kiritilayotgan ko‘plab o‘zgartishlar bilan bog‘liq. Odamlar boshqa yo‘llarni qidirmoqda, sertifikatlarni qo‘ldan sotib olmoqda. Ayrim hollarda esa biz imtihon topshirgani kelgan muhojirlarni o‘zimiz ortga qaytarib yuborayapmiz, ularning pulini va o‘z vaqtimizni tejash uchun: harf tanimaydiganlardan imtihon olish na hojat?!- deydi Rus tili va madaniyati markazi rahbari Mariya Finashina.

Finashina testlar Rossiyada ishlayotgan to‘rtta test markazida ishlab chiqilib, imtihon oluvchi markazlarga yuborilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Ekspertlar: "Sertifikatlar savdosi" avj olishi mumkin

RUDN ilmiy anjumanida e‘lon qilingan test namunalari soha ekspertlarining jiddiy tanqidiga ham uchradi.

“Ivan Grozniy davridagi asosiy hodisalarni sanab o‘ting”, “rus, ukrain va belaruslarning ajdod qabilalari qaysi”, “qaysi rossiyalik olim 2000 yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati deb e‘lon qilindi”, “huquqlari buzilgan shaxsning da‘vosi yuzasidan berilgan himoya muddati nima deb ataladi” va boshqa shu kabi savollarga javob bergan muhojirgina Rossiyada mehnat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Kuzatuvchilarni qanday qilib, Rossiya tarixi va qonunchiligini o‘rganmagan muhojir taqdim etilayotgan savollarga javob bera olishi mumkinligi qiziqtirmoqda. “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina migrantlarning Rossiya jamiyatiga integratsiyalashuviga qaratilgan testlar teskari natija – “sertifikatlar savdosi”ga aylanib ketishidan ogohlantirdi. Huquq faoli qonun kuchga kirmasdan allaqachon sertifikatlar savdosi avj olganini aytadi.

Eslatib o‘tamiz, mehnat muhojirlarini imtihon qilish to‘g‘risidagi qonun joriy yilning 21 aprelida prezident Vladimir Putin tomonidan imzolandi. Qonunga muvofiq, Rossiyada ishlash, patent olish, vaqtinchalik yashash ruxsatini beruvchi sertifikatga ega bo‘lish uchun migrant rus tili, tarixi va qonunchiligi asoslari bo‘yicha og‘zaki va yozma shaklda imtihondan o‘tishi lozim.

Olingan sertifikatning amal qilish muddati 5 yil etib belgilandi. Qonunning o‘zi esa 2015 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Ayni paytda, Rossiya Federal migratsiya xizmati kelasi yili Rossiya 2 milliondan 5 milliongacha mehnat muhojirini rasman qabul qilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlilar soni 8 milliongacha odamni tashkil qiladi.
XS
SM
MD
LG