Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:49

O‘zbekistonning yangi fuqarolari ruscha familiya olishga majburlanmoqda


O‘zbekistondagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari yangi tug‘ilgan farzandiga o‘zbekcha familiya olmoqchi bo‘lgan ota-onalarga tug‘ilganlik guvohnomalarini bermayapti. FHDYo bo‘limlari xodimlarining aytishicha, familiyalarida –iy, –zoda kabi qo‘shimchalar yoki umuman qo‘shimchasi bo‘lmagan yoshlar biometrik pasport olishda muammolarga duch kelayotgani bunga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Davlat tili to‘g‘risidagi qonunda belgilanganiga qaramasadan, ichki ishlar vazirligidan sababi noma‘lum qolayotgan bu muammoning oldini olishning eng oson yo‘li sifatida chaqaloqlar guvohnomasiga ruscha –ov qo‘shimchali familiya yozish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.


O‘zbekistonning yangi fuqarolariga o‘zbekcha familiya olish muammo bo‘layotgani to‘g‘risida Ozodlikka Namanganning To‘raqo‘rg‘onidan qo‘ng‘iroq qilgan yosh ota gapirib berdi.

Yaqinda farzandlik bo‘lgan suhbatdoshimizning aytishicha, To‘raqo‘rg‘on tumani ichki ishlar va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlari yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ruscha familiya olasan, deb turib olgan.

- Yaqinda biz ko‘payishgan edik. Shunga borgandim pasport stolga Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumaniga. O‘sha –ov¸ -evsiz olmoqchi edim ruscha qo‘shimchalarsiz. “Bizda –ov¸ -ev qo‘shimchalarini davlat tasdiqlagan. Shuning uchun biz –ov¸ -evsiz familiya bera olmaymiz” deyishdida. Men shunga hayron qoldim. Biz mustaqil bo‘lganmiz. Biz o‘zimizning ota-bobolarimizdan qolgan familiyalar bo‘yicha ish tutsak bo‘ladiku. O‘rislar¸ kommunistlar qo‘yib ketgan familiyalardan hali ham chiqishning iloji bo‘lmayaptida,- deydi yosh ota.

To‘raqo‘rg‘on tumani FHDYo bo‘limi mudiri tinglovchimizning gaplarini tasdiqladi va Ozodlik avval ham yoritgan muammo bugunga kelib, jiddiy tus olayotganini bildirdi.

Ismini keltirmayotganimiz rasmiyning aytishicha, chaqaloqlarga o‘zbekcha familiya berilmayotgani sababi O‘zbekistonda joriy qilingan yangi biometrik pasport olishda familiyalari –iy, –zoda va shu kabi o‘zbekcha qo‘shimchalari bo‘lgan yoshlar qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan izohladi. FHDYo mudiri, negadir bu holatni yana O‘zbekistonning Davlat tili to‘g‘risidagi qonuni bilan ham asoslashga urindi.

- Sizning o‘zingizniki Yusupovmi, bolangizni ham Yusupov qilasiz. Yusufiy degan narsa yo‘q aka. Yusufiy bo‘lmaydi. 1989 yilda qabul qilingan Davlat tili to‘g‘risidagi qonunda belgilangan bu, dedi FHDYo mudiri.

Lekin, davlat to‘g‘risidagi qonunining 25-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolar millatidan qat‘i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini tarixiy-milliy an‘analarga muvofiq shaklda yozdirish huquqiga egadirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.

Toshkent, Farg‘ona, Jizzaxdagi FHDYo bo‘limlari vakillari ham farzandlariga o‘zbekcha familiya olmoqchi bo‘lganlarga tug‘ilganlik guvohnomasi berilmayotganini tasdiqlashdi va buning asosiy sababi biometrik pasport berilishida tug‘ilayotgan qiyinchiliklar ekanini bildirishdi.

O‘zbekiston Adliya vazirligining FHDYolar bilan ishlash boshqarmasi mulozimi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, nafaqat familiya, balki otasining ismi ham o‘zbekchasiga “falonchi o‘g‘li” yoki “falonchi qizi” deb yozilgan bo‘lsa ham biometrik pasport olishda qiyinchiliklar tug‘ilmoqda, deydi. Shu sababdan, bu mulozimning aytishicha, bunday muammo kelajakda tug‘ilmasligi uchun ism-sharifning ruscha ko‘rinishga o‘tishga qaror qilingan.

“Hozir mumkinmas, aka. Chunki vaqt o‘tgandan keyin ota-onalar yana familiyasini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelyapti. Hozir juda ko‘pchilik familiyalarini o‘zgartiryapti. Bir paytlar endi mustaqillikka erishilgan paytda ko‘pchilik bolalariga o‘zbekcha “o‘g‘li”, “ibn” degan qo‘shimchalarni qo‘ygan. Hozir chetga chiqish yoki shunga o‘xshash masalalarda “familiyangizni o‘zgartiri”, keling degan gaplar bo‘lyapti. Masalan, Rossiyaga chiqayotgan paytda, qani boning familiyasi degan savol chiqyapti. Shunda yana familiyasiga –ov, otasining ismiga –ovich qo‘shimchalarini qo‘shishga majbur bo‘liyapti”, degan adliya vazirligi mulozimi o‘zbekcha familiya pasport olishda nimas sababdan muammo tug‘dirayotganini aniq aytib bera olmadi.

Bu suhbatdoshimiz, ayni paytda, ota-onalar kelgusida pasport olishda muammolar tug‘ilishiga rozi bo‘lgan taqdirda, FHDYo organlari tug‘ilganlik guvohnomasiga o‘zbekcha familiyani yozib berishlari shart, deya qo‘shimcha qildi.

Ozodlik biometrik pasport uchun o‘zbekcha familiya yoki ota ismi nima uchun muammo bo‘layotganini so‘rab, ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi, lekin aniq javob ololmadi.

Toshkent tumanlaridan birining pasport bo‘limi xodimi esa, umuman bunday muammo borligini birinchi marta eshitayotganini aytdi.

- Otasi, onasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, berishi kerak. Bunaqa muammoga duch kelganimiz yo‘q hali biz. Yusufiy bo‘lsa Yusupov qivoring¸ nimasi qiyin? Yusufiy o‘zbekcha emasku¸ Yusupova o‘zbekcha bo‘ladi,- dedi pasport bo‘limi xodimi.

Bolalarga familiya va ota ismini o‘zbekcha qilib qo‘yish O‘zbekiston mustaqillikka erishgan paytda urf bo‘la boshladi. O‘zbekistonning Rossiyadan musatiqilligini qo‘llab-quvvatlash niyati sifatida ismi-shariflaridagi –ov va –ovna qo‘shimchalaridan voz kechgan o‘zbekistonliklar, oradan 20 yil o‘tar o‘tmas, davlat tarafidan yana ruscha familiya va otchestvoga qaytishga majburlanayotgan ko‘rinadi.
XS
SM
MD
LG