Линклар

logo-print
Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Abdurahmon Mamataliyev Katta Namangan kanali boshidagi gidrotexnik inshoot ancha eskirgani va uni ta‘mirlash uchun suv oqimi vaqtincha to‘xtatilishi mumkinligini aytdi. Bosh vazir o‘rinbosarining ma‘lum qilishicha, hukumatning maxsus komissiyasi Qirg‘iziston janubidagi suv xo‘jaligi ahvoli bilan tanishganidan so‘ng hukumatga mana shunday taklif kiritgan.

- Suv mutaxasislari Namangan kanalini vaqtincha yopib turishni taklif qilmoqda. Bu masala yaqin kunda hukumat yig‘ilishida qarab chiqiladi. Mazkur kanal 53 yildan beri ta‘mirlanmagan ekan. Shuning uchun kanalni yopish kerak. Bu texnik masala va O‘zbekiston bilan siyosiy qarama-qarshilik keltirib chiqarishga qaratilgan siyosiy o‘yin yo‘q, - dedi Abdurahmon Mamataliyev.

Qirg‘iz rasmiylarining ta‘kidicha, Katta Namangan kanaliga Jaloloboddagi Uchqo‘rg‘on GESidan sekundiga 35 kub metr suv beriladi. Shundan 30 kub metri O‘zbekistonga oqadi. Bu suv bilan namangan viloyatidagi to‘rtta tumandagi qishloq xo‘jalik yerlari sug‘oriladi.

Bu kanal o‘tgan asrning 70 yillarida qurilgan va umumiy uzunligi 135 kilometrdir. Kanal Qirg‘izistondagi Norin daryosidan boshlanadi va O‘zbekistonda Sirdaryoga ulanadi.

Qirg‘iziston rasmiylari kanalning yopilishi siyosat bilan bog‘liq emasligini aytayotgan bo‘lsalar-da, ayrim siyosatshunoslar buni Toshkentning O‘shga ikki oydan beri gaz bermayotgani bilan bog‘lamoqdalar. O‘zbekiston O‘shga gaz berishni 14 aprelda to‘xtatgan. Shu kungacha O‘zbekiston bilan gaz ta‘minotini tiklash yuzasidan olib borilayotgan muzokaralar natija bermay kelmoqda.

- Katta Namangan kanaliga suv berilishining to‘xtatilishiga ta‘mirlash ishlarini sabab qilib ko‘rsatsak ham, yoki boshqa bahona ishlatilsa ham O‘zbekiston tomoni buni O‘shga gaz berilmayotganiga javob tariqasida qabul qiladi. Bu masala ikki davlat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni yanada murakkablashtiradi, - dedi siyosatshunos Emil Jurayev.

Qirg‘iziston parlamentining yonilg‘i - energetika kompleksi va tabiiy boyliklardan foydalanish bo‘yicha qo‘mitasi 21 may kuni Qirg‘iziston hukumatiga O‘zbekistonga suv berishni to‘xtatishni tavsiya qilgan edi. Qo‘mita raisi Ko‘jo‘bek Rispayev deyarli ikki oydan beri O‘shga gaz berishni qayta tiklash bo‘yicha Toshkent rasmiylari bilan olib borilayotgan muzokaralar samarasiz yakunlanayotgani sababli mana shunday tavsiya berilganini aytgan.

Biroq Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Tayirbek Sarpashev o‘tgan haftada Qirg‘izistonning amaldagi hukumati hech qachon bunday qaltis qarorni qabul qilmasligini bildirgan edi.

Qirg‘iziston Suv masalalari institutining bildirishicha, O‘zbekistonga har yili To‘qto‘g‘ul suv omboridan 10 milliard kubometr suv beriladi. Bundan tashqari yana bir qator kichik suv omborlari va GESlardan ham O‘zbekistonning ayrim kanallariga suv oqiziladi.
XS
SM
MD
LG