Линклар

logo-print
Bundan roppa-rosa to‘rt yil avval, 2010 yilning 11 iyulida o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar jamoasi Janubiy Afrikada o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ochilish o‘yinini boshqargan edi.

Esingizda bo'lsa, o'zbekistonlik hakamga topshirilgan Janubiy Afrika va Meksika terma jamoalari o'rtasidagi ushbu mas'uliyatli o'yin 1-1 hisobida yakunlangan.

Ermatov 2010 yilgi Jahon chempionatida yana to'rt uchrashuvda xizmat qilib, bitta chempionat davomida jami beshta o‘yinni boshqargan futbol tarixidagi uchinchi hakam bo'lgan edi.

Janubiy Afrikadan O'zbekistonga qaytgach, jurnalistlar bilan uchrashgan referi 2014 yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionatida ham xizmat qilish orzusi borligini aytgandi.

Bugun o'zbekistonlik hakamning orzusi ro'yobga oshib, u boshqargan hakamlar jamoasi Braziliyada 12 iyun kuni boshlanadigan Jahon chempionatiga hozirlik ko'rmoqda.

Ravshan Ermatov 2008 yildan 2011 yilgacha ketma-ket to‘rt marotaba Osiyoning eng yaxshi hakami deb topilgan.

Dunyodagi futbol hakamlari faoliyatini tahlil qilib, baholab boradigan Worldreferee.com sayti esa o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatovni 2011 yilgi futbol mavsumining “Eng yaxshi hakami” deb topgan.

Ermatov ayni damda 36 yoshda. FIFA qoidalariga ko'ra, referi 45ga to'lmagan bo'lishi kerak. Ravshan Ermatovga Braziliyadagi Jahon chempionatida o'zini dunyoga ko'rsatib, kelajakda yana ikkita Jahon chempionatida xizmat qilishiga tilakdosh bo'lib qolamiz!

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG