Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:48

Xorijlik qizga uylansam, O‘zbekistonda nikohdan o‘tish tartibi qanday?


OzodJavobning navbatdagi sonida O‘zbekiston fuqarolarining chet ellik bilan turmush qurgan taqdirida nikohni rasmiylashtirish tartib-qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Abxaziyada yashayotgan o‘zbek yigiti OzodJavobga murojaat qilib, abxaz qiziga uylanmoqchi ekani haqida yozdi:

“Men chet ellik qizga uylansam, O‘zbekistonda ZAGSdan o‘tsa bo‘ladimi? Qanday hujjatlar kerak? Men Abxaziyadaman. O‘sha yerlik qizga uylanmoqchiman va uni O‘zbekistonga olib ketmoqchiman. O‘zbekistonga borgach, nikohni rasmiylashtirish uchun qanday bosh og‘riqlar bor? Iltimos shu borada ma‘lumot bersangiz”, deya so‘radi WhatsApp orqali murojaat qilgan yigit.

Ayni mazmundagi murojaatlar avval ham bir necha bora bo‘lgani uchun ushbu mavzuni o‘rganishga qaror qildik.

Dastlab O‘zbekiston fuqarosi bilan nikoh qurmoqchi bo‘lgan chet ellikning O‘zbekistonga kirish tartibiga to‘xtalsak:

Bunday holatda xorijlik O‘zbekistonga 2 xil turdagi VIZA orqali kirish huquqiga ega:

1: Sayyohlik vizasi (T)
2: Xususiy viza (PV-1)


Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonga sayyohlik vizasi bilan kelgan xorijlik bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining uyida yashash huquqiga ega emas.

Toshkent shahridagi IIB Pasport bo‘limlaridan biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, sayyohlik vizasi bilan kelgan xorijlik o‘zbek qallig‘ining uyiga propiska yoki qaydga qo‘yilishi ham mumkin emas.

Unga ko‘ra, xorijlik nikohdan o‘tgunga qadar qallig‘i yashaydigan hudud yaqinidagi biror mehmonxonada qayddan o‘tishi shart.

“Agar turistik viza bilan kelgan bo‘lsa, faqat mehmonxonada yashashi kerak. Zagsdan o‘tish uchun hujjat topshirib, Zagsdan o‘tgunicha, xonadonga propiska qilish mumkin emas. Lekin chet eldan kelgan mehmon haqida albatta militsiya bo‘limiga kelib ogohlantirib qo‘yishi lozim. Zagsxonaga borgach, qaysi rayonning gostinitsasida turgan bo‘lsa, Zags bo‘limi o‘sha rayon pasport stoliga zapros beradi. “Tekshirib ber” deb . Pasport stol tekshirib bergandan keyin “tekshirildi” degan hujjat beradi. Shu hujjat Zagsga taqdim qilinadi”, dedi Pasport bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Agar xorijlik fuqaro xususiy viza orqali kelsa, qallig‘ining uyida yashashi va propiskaga qo‘yilishi mumkin.

“Mehmon uch kun ichida pasport stolga murojaat qilishi kerak va u unga taklifnoma jo‘natgan fuqaroning xonadoniga vremenniy registratsiya qilinadi”, dedi militsiya xodimi.

Xususiy viza xorijlikka O‘zbekiston fuqarosi tomonidan TAKLIFNOMA jo‘natilgan taqdirda beriladi.

Shu o‘rinda chet ellikka taklifnoma jo‘natish tartibiga ham biroz to‘xtalsak:

Xorijdagi qallig‘iga taklifnoma jo‘natmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘zi yashayotgan hududdagi IIB Pasport bo‘limiga murojaat qiladi.

“Pasport stolga keladi. Ariza blankasi bor. Anketa, shularni to‘ldiradi. Ishlasa ish joyidan, ishlamasa mahalladan spravka taqdim qiladi. O‘zi va o‘sha chet el fuqarosining pasport kopiyasi 2 ta nusxada bo‘lishi kerak. Xorijlikning pasportidagi ma‘lumotlar o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilinadi. U ham 2 ta nusxada bo‘ladi. Tarjima orqasida pechatlari bo‘ladi. Gosposhlina to‘laydi. 9-10 ming so‘m atrofida. Yana xorijlikning 5 ta rasmi bo‘lishi kerak”, dedi Toshkentdagi IIB Pasport bo‘limlaridan birining xodimi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, hujjatlar pasport bo‘limiga topshirilgach, taklifnoma 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan muddat ichida beriladi.

Endi O‘zbekiston fuqarosining xorijlik bilan nikohini rasmiylashtirish masalasi:

Toshkentdagi FHDYo - Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (ZAGS) bo‘limlaridan birining xodimiga ko‘ra, xorijlik fuqaro O‘zbekistonga kelishidan avval o‘zi yashayotgan davlatdan bir qancha hujjatlarni olib kelishi lozim:

“Birinchisi nikohda bo‘lmagan degan spravka kerak. Spravkaning legalizatsiyasi bo‘lishi kerak. Buni o‘z vatanida qildiradi. Keyin spravkani tarjima qildiradi. Rus yoki o‘zbek tilga tarjima qilib, apostilь va pechatlarining hammasini ruschaga perevod qilib, perevod qilgan organizatsiya o‘zining pechati bilan tasdiqlab beradi. Keyin pasport tarjimasi ham apostilь bo‘lishi kerak. Ishlasa ish joyidan spravka. Sog‘ligi to‘g‘risida spravka. Hammasi tarjima qilinib, apostilь qildiradi”, dedi FHDYo xodimi.

Uning aytishicha, xorijlik fuqaro nikohda turmagani to‘g‘risida ham hujjatni taqdim qilishi lozim:

“Agar birinchi nikohi bo‘lib, ajrashgan bo‘lsa yoki o‘lgan bo‘lsa, shuni tasdiqlovchi hujjati bo‘lishi kerak. Asosiy hujjat shu nikohda turmagani to‘g‘risida. Agar chet el fuqarosi nikoh yoshiga yetmagan bo‘lsa, O‘zbekiston fuqarosi bilan nikoh qurishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, chet el fuqarosining o‘z Vatanida ko‘p nikohlilik taqiqlanmagan va u boshqa nikohda bo‘lsa, amaldagi qonunchiligimizga muvofiq bunday nikohga ruxsat etilmaydi”, dedi FHDYo bo‘limi xodimi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi bilan nikoh qo‘rmoqchi bo‘lgan xorijlik vaqtincha yashash joyida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.

“ZAGSga kelishidan avval biror joyda vremenniy registratsiya qilinadi. O‘sha asosida bizga ariza berishadi. Hamma hujjatlaridan kopiya olamiz. Yigit va qiznikidan ham. Qayerda registratsiya bo‘lsa, o‘sha tuman oviriga zapros beramiz. Agar gostinitsada turgan bo‘lsa, o‘sha tumanning rayzdraviga tibbiy ko‘rikka jo‘natamiz”, dedi FHDYo xodimi.

FHDYo bo‘limiga barcha hujjatlar topshirilgach, ariza bergan kundan boshlab bir oy o‘tgandan keyin nikoh tuzilishi mumkin.

Yana bir jihati:

Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijlik fuqaroning O‘zbekistonda bo‘lish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy bo‘lsagina nikoh amalga oshiriladi. (Vizasining muddati o‘tib ketmagan bo‘lishi lozim)

******************************************************************


Aziz mushtariy agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz, OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni skayp orqali Ozodskype yoki ErkinMikrofon ga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG