Линклар

O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi - MTRK Braziliyada 12 iyun kuni boshlanadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etish xuquqini sotib olganidan so‘ng, mamlakat bo‘ylab kafe, restoran va barlar bu o‘yinlarni ko‘rsatish haqqini 1000 dollarlik shartnoma asosida sotib olishga majburlanmoqda.

MTRK monopoliyasi?

Shu kunlarda O‘zbekiston telekanallarida futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari namoyishi uchun MTRK bilan shartnoma tuzish kerakligiga oid reklamalar tinimsiz aylantirilmoqda.

Televideniye bilan shartnoma tuzmay¸ futbol musoboqasini namoyish etgan restoran, bar hamda xususiy telekanal egalari katta miqdorda jarimaga tortilishidan ogohlantirilmoqda.

O‘zbekistondagi kabel telekanallariga ham Braziliyadagi futbol o‘yinlarini Rossiya kanallari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etish taqiqlangan.

O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi reklama bo‘limi mutasaddilaridan birining Ozodlik muxbiriga aytishicha, Braziliyada futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini o‘z mijozlariga namoyish etmoqchi bo‘lgan har bir kafe, restoran va bar MTRK bilan shartnoma tuzib, 1000 AQSh dollari miqdorida haq to‘lashi kerak bo‘ladi:

- Restoranning katta- kichikligidan qat‘iy nazar, MTRK bilan shartnoma tuzilishi, davlat kursi bo‘yicha 1000 AQSh dollari miqdorida haq to‘lanishi shart. Chunki Braziliyadagi futbol musoboqasini O‘zbekiston hududida namoyish etish huquqi faqatgina O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasiga berilgan. Vazirlar Mahkamasining shu yil 3 iyunda qabul qilgan qarori bor. Shu qarorga muvofiq aholi gavjum joylarda, restoran bo‘ladimi yoki bar, kinoteatr, istirohat bog‘larida jahon chempionati o‘yinlarini MTRK va uning hududiy bo‘limlari bilan shartnoma tuzib namoyish etishlari shart. Aks holda katta shtrafi bor, dedi O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasining reklama bo‘limi mutasaddilaridan biri.

Futbol musoboqalarini namoyish etish huquqining restoran va barlarga pulga sotilishi O‘zbekistonda birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

2010 yilgi Janubiy Afrikadagi jahon chempionati va 2012 yilgi Polsha va Ukrainadagi Yevropa birinchiligi o‘yinlari paytida ham O‘zbekistondagi kafe, restoran va barlar futbol namoishi uchun O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasiga haq to‘lashgan edi.

Toshkentdagi pivoxonalardan biri xizmatchisi Ozodlik bilan suhbatda Jahon chempionati o‘yinlari namoyishi restoran egalariga ancha qimmatga tushayotganidan nolidi:

- Ikki yil oldin Yevropa chempionati o‘yinlari payti ham 1000 dollar to‘lagan edik. 2 million so‘mdan ko‘proq bo‘lgan edi, o‘sha paytda. O‘shanda bu pulni chiqarib ololmagan edik. O‘zini qoplamagan edi. Bizda kuniga oltmish odam yo kiradi¸ yo kirmaydi. Bizga ham ming, yonimizdagi 400 odam kiradigan diskoklubga ham ming dollar qilib belgilagan. Endi O‘zbekistonda hamma futbolni ko‘rishni xohlaydi. Agar biz namoyish etmasak, futbol payti bizga hech kim kirmaydi. Shuning uchun olishga majbur bo‘layapmiz, deydi Toshkentdagi pivaxona xodimi.

Chempionat uchun tungi cheklov ham bekor qilindi

Braziliyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari Toshkent vaqti bilan yarim tundan so‘ng boshlanishiga qaramay¸ O‘zbekistondagi ko‘pgina bar va restoranlarda katta ekranli televizorlar futbol namoyishiga shay qilib qo‘yilgan.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, restoran va tungi klublar kechqurun 11 da yopilishi kerak.

Toshkentdagi “Brauhaus” bari xodimi futbol namoyishlari payti restoranlar tong saharda ham ochiq bo‘lishini aytadi:

- Masalan, ertaga Braziliya va Xorvatiya o‘yini soat tungi birda boshlanadi. Biz shu o‘yinni namoyish qilamiz. Oldindan stollar zakaz qilib qo‘yilgan. Translyatsiya uchun ruxsat olganmiz, bu esa bizga yarim tunda ham ochiq turish huquqini beradi. Tong saharda boshlanadigan o‘yinlar payti ham ochiqmiz. Masalan 14 iyun kuni Fil Suyagi Qirg‘og‘i va Yaponiya o‘rtasidagi o‘yin tonggi oltida boshlanadi. O‘sha paytda ham barimiz ochiq bo‘ladi. Futbol namoyishini pulga sotib olganimizga qaramay, buni uchun mijozlardan haq olinmaydi, dedi “Brauhaus” xodimi.

Bir oylik pul mashinasi?

O‘zbekistonlik futbol sharhlovchilaridan biri Jahon chempionati va Yevropa kubogi o‘yinlarini jamoa bo‘lib restoranlarda, barlarda tomosha qilish o‘zbeklar orasida an‘anaga aylanganini ayta turib¸ muayyan guruh va shaxslar bu odat ortidan mo‘may daromad qilayotganini ta‘kidladi:

- Boshqa davlatlarda bo‘lganidek, bizda ham futbol chemipionatlari payti restoranlar gavjum bo‘ladi. Ko‘pchilik bar egalari aynan mana shunaqa chempionatlar payti katta pul ishlab oladi, deydi u.

MTRK futbol musoboqalarini shartnomasiz namoyish qilayotganlarni aniqlash uchun kafe va restoranlarda muntazam tekshiruv reydlari uyushtirilishi haqida ogohlantirmoqda.

Shunga qaramay¸ futbol sharxlovchisining aytishicha, restoranlarning hammasi ham MTRK bilan shartnoma tuzishga oshiqayotgani yo‘q:

- Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan 2010 yilgi jahon chempionati payti ham O‘zbekiston futbol o‘yinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatgan. O‘shanda ham restoranlardan pul so‘ralgandi. Ko‘pchilik restoran egalari MTRK bilan shartnoma tuzmagan. Tekshiruvchilar borganida "mana buni olib qo‘ying aka", deb jo‘nativorishgan edi. Jahon chempionati o‘yinlari amaldorlar cho‘ntak qappaytirib olishlari uchun ham bir fursat, deydi sharhlovchi.

Dunyoning 32 milliy terma jamoasi o‘rtasida jahon kubogi uchun futbol musoboqasi 12 iyun kuni boshlanib, bir oy davom etadi.

Jahon chempionatining 64 ta o‘yini translyatsiyasi uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidan 1 million AQSh dollari atrofida haq so‘ralgani haqida xabar qilingan edi.

MTRK rahbariyatining Osiyo va Tinch okean teleradioeshittiruvchilar uyushmasi bilan bu borada qanchaga kelishgani noma‘lum.
XS
SM
MD
LG