Линклар

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Odil Ahmedov Rossiya Premyer-Ligasining “Krasnodar” klubiga o‘tdi.

Klubning rasmiy saytida xabar berilishicha, Ahmedov jamoa bilan uch yillik shartnoma imzolagan va 17 iyun kuni “Krasnodar” safiga borib qo‘shiladi.

O‘zbekistonlik futbolchi so‘nggi uch mavsum davomida Mahachqal‘aning "Anji" klubi sharafini himoya qilgan edi.

Odil Ahmedov O‘zbekistonda ikki marotaba (2009, 2011) yilning eng yaxshi futbolchisi deya e‘tirof etilgan.

2011 yili u Toshkentning "Paxtakor" klubidan "Anji" safiga ko‘chib o‘tgan.

Yarim himoyachi 2012 yili Rossiya Premyer-Ligasi bronza medelini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 2012-13 yilgi mavsumda "Anji" safida Yevropa Ligasi bahslarida o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi.

Ahmedov 2007 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. Futbolchi milliy terma jamoa safida 56ta o‘yin o‘tkazib, ularda 9ta gol urgan.

Odil Ahmedov va "Krasnodar" klubi o‘rtasidagi shartnomaning moliyaviy tafsilotlari ochiqlanmagan. Futbolchining "Anji" bilan shartnomasi 2015 yilning yozigacha mo‘ljallangan edi.

Futbolchilar transfer narxini aniqlash bo‘yicha ixtisoslashgan Transfermarkt.de saytiga ko‘ra, Odil Ahmedovning transfer bahosi ayni damda 6 million yevroga teng.
XS
SM
MD
LG