Линклар

7-8 iyun kunlari Chorvoq dam olish maskanida militsiya xodimlari maxsus reyd o‘tkazdi. Bo‘stonliq tuman ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ reyd davomida Chorvoq ko‘li va uning atrofida xavfsizlik qoidalariga zid holda¸ soliq to‘lamasdan ishlayotgan shaxs va guruhlar aniqlangan.

Ozodlikning ushbu amaliyotga aloqador manbasi ta‘kidicha¸ Chorvoqdagi reydlar xususiy tadbirkorlar faoliyatidagi qonunbuzarliklarni aniqlash uchun o‘tkazilgan:

- Suvdagi xavfsizlik bilan bog‘liq talablarimiz bor. U yerda odamlarga xizmat ko‘rsatayotgan shirkatlar texnika xavfsizligiga rioya qilgan holda ishlashi kerak. Reydlar shuni aniqlash maqsadida o‘tkazildi, dedi Bo‘stonliq tumani Ichki ishlar bo‘limining ismini aytmagan rasmiylaridan biri.

Bu rasmiyga ko‘ra, reydlar davomida Chorvoqda dam oluvchilarga katamaran va motorli qayiqlarni noqonuniy kiraga berish bilan shug‘ullanib kelgan bir qancha xususiy shirkat faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Bu shirkatlarga xavfsizlik qoidalariga rioya etmaganlik, daromadni yashirganlik hamda xorij valyutasida xizmat ko‘rsatganlik kabi ayblovlar qo‘yilmoqda.

Shuningdek, Chorvoqdagi reydlar payti dam oluvchilarga litsenziyasiz katamaran va skuterlarni kiraga berish bilan shug‘ullanib kelgan jismoniy shaxslar ham qo‘lga olingan.

Bo‘stonliq tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi ta‘kidicha¸ reydlar dam oluvchilardan tushgan shikoyatlar ortidan o‘tkazilgan:

- Skuterlarni kiraga beruvchilar orasida xavfsizlik qoidalarini buzayotganlar bo‘ladi, ichib olgan odamlarga berib qo‘yishadi, mast holda boshqarib, odamlarni ustiga haydashadi, bu bilan ular dam oluvchilar hayotini xavf ostiga qo‘yishadi, deydi Bo‘stonliq IIB xodimi.


Mastlar kayfi qurbonlari

Ikki yil avval Chorvoq dam olish maskanidagi suv havzasida 12 yoshli sportchi Naddel Gaziyeva halok bo‘lgan edi.

Katamaranda sayr qilayotgan qizlarni suv to‘lqini bilan "siylamoqchi bo‘lgan" shirakayf yigit motorli qayiq boshqaruvini yo‘qotib, ularni urib yuborgan. Oqibatda katamarandagi ikki bola boshidan jarohatlangan, hushsiz Naddel shu zahoti suvga cho‘kib halok bo‘lgan edi.

O‘shanda Nadelning otasi qizlarni urib yuborgan yigit bilan birga skuterni kiraga berganlarni ham jazolashni talab qilgan edi:

- Bolalarni skuterda urib yuborgan Mirzohid To‘ychiyev ham, unga skuterni kiraga berganlar ham, plyajda xavfsizlik choralari uchun mas‘ullar ham jazoga tortilgani yo‘q. Plyajda xavfsizlik qoidalariga mutlaqo rioya etilmaydi, deb shikoyat qilgan edi Naddelning otasi Nail Gaziyev.

Ozodlikka yetib kelgan norasmiy xabarlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida shunga o‘xshash vaziyatlarda kamida to‘rt dam oluvchi suvga cho‘kib o‘lgan. Chorvoqdagi qurbonlarga oid asl raqamlarning bundan ancha katta ekanini taxmin qilish mumkin.


Dam oluvchilarning kayfi uchdi...

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Bo‘stonliq tumanidagi reydlar payti Chorvoqqa dam oluvchilarni tashish bilan shug‘ullanadigan xususiy kirakashlar, xususiy dachalarni kiraga berish bilan shug‘ullanib kelgan bir qancha tadbirkorlar ham qo‘lga olingan.

Reyd paytida dam olayotgan o‘zbekistonliklardan biri Ozodlikka aynan dam olish kunlari o‘tkazilgan bu maxsus amaliyot o‘zi kabilarni ham qo‘rqitib¸ kapalagini uchirib yuborgani haqida yozdi:

- Yuziga maska kiyganlar Chorvoqdagi "Piramida" mehmonxonasini, uni yonidagi dachalarni bosdi. Dam olishga kelgan odamlarni ham so‘roq qildi. Hullas, hammaning kayfi buzildi, deydi WhatsApp ijtimoiy tarmog‘i orqali Ozodlikka murojaat qilgan dam oluvchilardan biri.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan Bo‘stonliq militsiyasi xodimi ham¸ reyd o‘tkazilgan hududda joylashgan "Piramida" mehmonxonasi xizmatchisi ham amaliyotni maskasiz militsionerlar o‘tkazganini bildirdi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG