Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:22

O‘quvchining xorijga chiqishiga ota-ona emas¸ vazirlik ruxsat berishi kerak


O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligining ruxsatisiz yozgi ta‘til paytida maktab o‘quvchilari ota-onasi bilan xorijga sayohatga chiqa olmaydigan bo‘ldi. Buning uchun ota-ona bir papka hujjat yig‘ishi, tuman xalq ta‘limi ruxsati bilan uni shahar xalq ta‘limi boshqarmasiga topshirishi kerak. Boshqarma yuborgan hujjatlarni esa vazirlik o‘rganib chiqishi va 14 kun ichida javob berishi kerak.

Maktabda o‘qiydigan farzandi bilan yozgi ta‘tilni xorijda o‘tkazmoqchi bo‘lgan ota-ona bolasining pasportiga chiqish vizasi bostirish uchun yana qo‘shimcha ikki hafta yugur-yugur qiladigan bo‘ldi.

O‘zbekistonda chiqish vizasi olish jarayonidagi qog‘ozbozlikdan bezib ketgan shunday otalardan birining Ozodlikka aytishicha, Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni qayd qilish bo‘limi farzandining xorijga chiqishi uchun “GUNO”dan ruxsat olib kelishini talab qilgan:

- O‘zi chiqish vizasi olish uchun uch hafta kutish kerak. Buning ustiga bolalarga goronodan ruxsat olib kelish talab qilinayapti. Bir dunyo hujjatlarni to‘plab topshirsam, ikki haftada javob chiqadi, deb aytishdi. Bolamni o‘zim bilan olib ketayotgan bo‘lsam, buning ustiga u kanikulda bo‘lsa, nima keragi bor bu qog‘ozbozlikni? deydi toshkentlik ota.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Xalq ta‘limi bo‘limi mulozimi haqiqatdan ham xorijga chiqmoqchi bo‘lgan bolalarga shunday talab qo‘yilganini tasdiqladi:

- Bizda ota-onaning ishi oson bitadi. Ota mudirimiz nomiga ariza yozadi, ular darhol ko‘rib chiqib, sizga ma‘lumotnoma beradi. Keyin ota o‘sha ma‘lumotnomani olib goronoga boradi, ular 15 kun ichida ko‘rib chiqadi, dedi mulozim.

Toshkent shahar Xalq ta‘limi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bolaning xorijga chiqishiga ruxsat berish vakolati vazirlikda ekanini aytadi:

- Ota-ona pasportining kopiyasi, bola pasportining kopiyasi, o‘qiydigan maktabidan spravka, agar bola ota-onalardan biri bilan chiqib ketayotgan bo‘lsa ikkinchisining notarius tasdiqlagan roziligi kabi hujjatlar taqdim etilishi kerak. Biz bu hujjatlarni hammasini vazirlikka jo‘natamiz, ular ko‘rib chiqishadi, dedi mulozim.

Aën bo‘lishicha¸ taqdim etilgan bu hujjatlar O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligida ikki hafta davomida ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan vazirlik mulozimi bunday ruxsat olishdan asosiy maqsad o‘quvchilarning majburiy ta‘lim olishini nazorat qilishdir:

- O‘quvchilarimiz qayerda yuribdi, nima qilayapti biz buni bilishimiz va uchyot olib borishimiz kerak, dedi vazirlik mulozimi.

O‘quvchilarni yozgi ta‘til paytida nazorat qilishning nima hojati bor, bu qog‘ozbozliklar ota-onalar uchun ortiqcha tashvish emasmi, degan Ozodlik savoliga mulozim shunday deb javob berdi:

- Bu ruxsat faqat kanikul payti uchun chiqarilmagan. Yil davomida shunday bo‘ladi. Biz buni cheklab qo‘yishga haqqimiz ham yo‘q. Bola pasportiga ikki yilga ruxsat bosiladiku, dedi vazirlik mulozimi.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha, bunday tartib joriy qilinganiga to‘rt yil bo‘lgan, biroq shu paytgacha Xorijga chiqish kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari bu ruxsatni talab qilmagan.
XS
SM
MD
LG