Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:51

Dubaydagi “mama Roza”lardan yana biri qo‘lga olindi


Forz ko‘rfazining eng boy davlatlaridan biri bo‘lgan BAAga fohishalikka kelayotgan o‘zbek qizlari sonining yil sayin ortayotgani taxmin qilinadi.
Forz ko‘rfazining eng boy davlatlaridan biri bo‘lgan BAAga fohishalikka kelayotgan o‘zbek qizlari sonining yil sayin ortayotgani taxmin qilinadi.
O‘zbekistondagi rasmiy va norasmiy Internet nashrlarining yozishicha¸ mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari arab davlatlariga o‘zbek qizlarini fohishalikka olib ketish va ularni majburan seksual qullikka solish bilan shug‘ullanib kelgan ayolni qo‘lga olgan. Ayni paytda¸ Ozodlikning Dubaydagi manbalari¸ birgina Arab amirliklarining o‘zida o‘nlab bunday “mama Roza”lar bemalol “biznes” qilib yurganini aytadi.

Rasmiy manbalar tarqatgan xabarga ko‘ra¸ o‘zbek “izquvar”lari qo‘lga olgan Sayyora Hojiyeva viloyatlardagi chiroyli qizlarga Birlashgan arab amirliklarining qimmat restoranlarida ofitsiant bo‘lib ishlab¸ katta pul topishni va‘da qilib¸ ularni Dubayga olib ketgan.

Xabarlarda yozilishicha¸ ko‘pchilik qizlar arab yurtida o‘zlarining asl ishlari nima bo‘lishini faqat bu yerga kelgach bilgan; “mama Roza” ular pasportini olib¸ mizojlarga xizmat ko‘rsatishga majburlab¸ “xizmat haqi”ni o‘zi olgan.

Sayyora Hojiyevaning qo‘lga olinishiga¸ u olib ketgan bir guruh qizlarning tutqunlikdan qochib¸ mahalliy politsiyaga murojaat qilgani va O‘zbekistonga deportatsiya bo‘lgani asos bo‘lgan.

O‘zbek Internet nashrlariga ko‘ra¸ dushanba kuni hibsga olingan navbatdagi “mama Roza” va uning sheriklariga nisbatan jinoiy ochilgan¸ ular odam savdosida ayblanmoqda.

Fohishalik yo‘li

Ozodlikning Dubaydagi manbasi Lola (ismi o‘zgartirilgan) Birlashgan arab amirliklaridagi o‘zbek fohishalari vaziyatidan yaxshi xabardor.

Lolaning o‘zi bundan bir necha yil avval buxorolik “mama Roza”ning kunduzlari o‘qib¸ kechqurun ofitsiantkalik qilib¸ ham diplomlik¸ ham pullik bo‘lasan¸ degan gapiga uchib yana besh qiz hamrohligida Dubayga kelgan.

Kelganidan bir necha kun o‘tib¸ bu qizlar asl vaziyat bilan to‘qnashgan:

- Bizni Dubaydagi mikrorayondagi bitta kvartiraga keltirdi. 4-etaj¸ 401 uy. Bir-ikki kun o‘tirdik. Keyin bu xotindan qachon o‘qishga boramiz¸ qayerga ishga boramiz¸ qachon boshlaymiz¸ deb so‘radik. U samarqandlik Bobur degan bir yigitni olib kelib¸ sizlar uchun shu mas‘ul¸ deb ketvordi. Bu yigit bizga srazu¸ o‘qish ham yo‘q¸ ish ham yo‘q sizlarga¸ bu yerga fohishalikka olib kelganmiz¸ dedi. Ishlab har biring menga 30 ming dollardan berasanlar¸boshqasi bilan bir pullik ishim yo‘q¸ u ayol sizlarni menga sotdi¸ dedi. Lekin biz baribir Dubaydan Sharjaga qochib¸ birga kelgan qiz adresini bergan uyga bordik. Kechqurun 12 da u erkak bizni topib¸ tutib keldi. Shundan so‘ng fohishalik qilishga majbur bo‘ldik. Bizni “ishga” eltsa¸ xuddi kinolardagidek¸ bodigard bo‘lib¸ yonimizda borib¸ yonimizda kelardi¸ qochib ketmasin yana deb¸ deydi Dubayga fohishalikka olib kelingan ayol.

“Mama Roza”larning urug‘i bisyor...

Dushanba kuni O‘zbekiston huquq idoralari tomonidan hibsga olingan Sayyora Hojiyevani ham bilishini ta‘kidlagan Lola¸ Abu Dabi¸ Dubay va Sharja kabi amirlikning kattayu kichik shaharlarida o‘zbek qizlarini “pachkalab” olib kelib¸ ularni fohishalik qildirayotgan o‘zbekistonlik o‘nlab “mama Roza”lar borligini aytadi.

“Bularning amirliklarda ham¸ undan tashqarida ham sheriklari bor. Qizlarni tunu kun ishlatib¸ har biridan o‘rtacha 20-30 ming dollar topayotgan bu qo‘shmachilar itining zanjiriga qadar tilla bo‘p ketgan. Dubayning o‘zi zo‘rayib ketganlardan oltitasini bilaman”¸ deydi Lola.

Unga ko‘ra¸ aksar “mama Roza”larning O‘zbekiston ichkarisida ham qudratli homiylari borligi uchun ular ustidan qilinayotgan shikoyatlar natijasiz qolmoqda.

Qizlar amirlikka nimaga kelayotganini yaxshi biladi, ammo...

Bugun Birlashgan arab amirliklarida o‘zbek ayolining imiji deyarli fohishaga teng bo‘lib qolgan bo‘lsa ham¸ O‘zbekistondagi yo‘qsillikdan ish izlab bu yerga kelib¸ restoran¸ novvoyxonalarda ishlayotgan¸ bola boquvchilik qilayotgan halol-pokiza ayollar ham bor. Ammo kelayotganlarning kamida 70 foizi Amirlikda fohishalik qiladi va ular O‘zbekistondayoq shu ishga rozi bo‘lib¸ bu yerga kelgan¸ deb davom etadi o‘zi ham o‘tmishda qadimiy kasbga “majburlangan”i¸ hozirda esa¸ mijozlaridan biriga erga tegib¸ bolalik ekanini ta‘kidlagan Lola.

- Amirlikda bu qizlar duch kelayotgan asosiy muammo¸ “mama Roza”larning ularga qo‘yayotgan shartlari va qilayotgan zulmlaridir. Fohishalikka rozi bo‘lgan qizlar¸ ishlab topgan pulimning ko‘pini o‘zim olib¸ o‘zib boyib ketaman¸ degan xayol bilan keladi. Lekin “mama Roza”lar va sutenyorlar ularning pasportini olib¸ ertayu kech ishlatib¸ pulining hammasini o‘ziga olib¸ bu qizlarni urib kaltaklaydi¸bunga chiday olmaganlari hatto o‘zini o‘ldirishga borib yetadi¸ eplaganlari politsiyaga borib¸ shikoyat qiladi¸ deydi Dubaydan bog‘langan Lola.

Unga ko‘ra¸ bundan ikki oy avval ayni shu holga solingan xorazmlik opa-singillardan biri o‘zini balkondan tashlab o‘lgan¸ uning o‘ligini O‘zbekistonga olib ketadigan topilmagach¸ amirlikda dafn etilgan.
XS
SM
MD
LG