Линклар

Youtube portaliga joylangan "Yalang‘och mehnat muhojirlari" videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Videoda ikki muhojirning qahraton sovuqda yarim yalang‘och o‘rmonga tashlab ketilgani aks etgan. Rossiyada mehnat qilayotgan markaziy osiyolik muhojirlarning mushkul vaziyatlarga tushib qolgani aks etgan video tasvirlar keyingi paytda Internetda tez-tez uchrayapti.

Yalang‘och muhojirlar Podmoskovyeda

Shu yilning 16 aprelida Youtube portaliga Rossiyaning qahraton qishida avtomobil yo‘lida ketayotgan mashina registratoridan olingan video Runetda va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tarqalgan roliklarga aylandi.

“Moskva ostonasidagi o‘rmonda ketayotgan yalang‘och tojiklar” deb atalgan bu videotasvirda avtomobil egasi qor yotgan trassa bo‘ylab ketayotgan ikki nafar odam oldida o‘z mashinasini to‘xtatadi. Shimidan tepasi mutlaqo yalang‘och tarzda ko‘rinishidan osiyolik bo‘lgan ikki yosh yigit sovuqdan qaltirab mashina eshigini ochadi.

Mashina egasining “Nima ro‘y berdi?” savoliga muhojirlar chala rus tilida:

- 3 kishi bizni yechintirib ketdi, formamizni yechib ketdi. Bilmadik, mentlar yechintirdi. Ularning formasi grajdanskiy edi. Bizga yechinishni buyurdi. Ular Istraning melisalari. Biz Safonyevoga, Istraga ketyapmiz, deydi Severniy tumanida yashashi va o‘sha yerga piyoda ketayotganini gapirgan muhojir yigit.

Bazo‘r rus tilida gapirgan yigitlardan biri amallab nima bo‘lganini avtomobil egasiga tushuntiradi. Video davomida rahmi kelgan rus haydovchisi sovuqda qotib qolgan muhojirlarni mashinaga o‘tirgizib olib ketadi.

Atigi bir daqiqadan ziyodroq davom etgan bu video ijtimoiy tarmoqlarda katta mubohasa va tortishuvlarni keltirib chiqarmoqda. Aksar izohlarda bu ishni qilgan politsiya xodimlariga la‘natlar o‘qilgani, ularni “fashistlar” va “hayvonlar”ga tenglashtirgan.

“Bu politsiyaning odatiy pul olish usuli...”

Ozodlik bilan suhbatlashgan 22 yoshli o‘zbekistonlik Mustafo Moskvada politsiya qo‘liga tushmagan muhojir bo‘lmasa kerak, deydi. U politsiyachilar hech kimga arzini bildira olmaydigan, huquqsiz muhojirlardan shu tariqa pul olishlarini gapirib berdi:

- Men 4 yildan beri Rossiyadaman. Melisalar qo‘liga albatta tushganman: har bir migrantning peshonasida yozilgan bu narsa. Moskvada ko‘p marotaba ushlashgan meni. Ular dokumentingiz noto‘g‘ri bo‘lsa nagliy pul so‘rashadi. Shu pulni bersangiz bo‘ldi, bermasangiz – kutib o‘tiraverasiz 2-3 soat, deport qilaman deb qo‘rqitadi. Dokumentingiz bo‘lmasa – uradi, shunday qilib kimligingizni biladi. Ular odatda PPSning UAZik mashinasiga olib chiqadi, pul so‘raydi. Pul ololmasa, 20-30 kilometr yurib ketadi. Moskvani yaxshi bilmaydigan bolalar bo‘lsa, qo‘rqqanidan bor narsasini beradi. Pul ololmasa, o‘sha yerda kiyimlarini yechib qoldirib ketadi. Mening bir sinfdosh o‘rtog‘im bilan ham xuddi shu ahvol bo‘lgan. U esa tanishlariga telefon qilib, “ikki ming rubl olib kelib ber”, deydi. Tanishi pulni olib borib bersa, qo‘yib yuboradi, - deydi Mustafo.

27 yoshli Oybek Ortiqov Ozodlikka politsiyaning bunday usulda pul undirishi nafaqat Moskvada, balki boshqa joylarda ham uchrashini gapiradi:

- Tyumenda, Tsimlyanskoye ko‘lida spetsovkada ketayotuvdim bir militsiya mashinasi kelib yonimda to‘xtadi. Mashinaga o‘tirdim, shaharni yarim soatcha aylanganimizdan keyin “Xvatit katatsya, davay pul”, dedi. “Menda bir so‘m pulim yo‘q”, dedim. U sherigiga imo qildi, cho‘ntagimni kovlab 100 rubl topdi. Meniki emas degan edim, qaytarib berdi. Menda hamma hujjatlarim joyida edi. “Unda yashash joyingga boramiz, sherigingdan olib berasan. Ishlayapsanku, nega puling yo‘q?”, dedi. Men unga ishlagan pulimning hammasi hujjatlarga ketganini aytdim. “Bundan bir tiyin chiqmaydi”, deb meni shahardan uzoqqa olib borib tashlab ketishdi, - dedi Oybek.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiylari politsiya xodimlari orasida mehnat muhojirlariga nisbatan kasb doirasidan chiqib munosabatda bo‘ladiganlari uchrab turishi, biroq bu ommaviy ko‘rishda emasligini ta‘kidlashadi.

Rossiya migrantlar sonini kamaytirmoqda

Ayni paytda, Rossiya hukumati Rossiyada mehnat muhojirlari sonini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llashni davom etmoqda. Huquq himoyachilari aynan shu sababli Rossiya hukumati politsiya va boshqa nazorat idoralarining aynan muhojirlarga nisbatan bedodligiga ko‘z yumib kelayotganiga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Mehnat vaziri o‘rinbosari Lyubov Yelsova so‘nggi o‘n yil davomida mamlakatga kirib kelayotgan muhojirlar soni 4 barobarga oshganini ta‘kidladi.

Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, 2004 yilda Rossiyada rasman mehnat qilayotgan muhojirlar soni 119 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilga kelib bu ko‘rsatkich 482 mingga yetgan. Yelsova xonim Rossiya iqtisodiyoti atigi 1,1 million xorijlik mehnat muhojiri xizmatiga muxtoj ekanini ta‘kidlar ekan, 3 dan 5 milliongacha xorij ishchilari mamlakatda noqonuniy qolayotganini bildirdi.

FMS rasmiy xabariga binoan, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida Rossiyadan 50 ming mehnat muhojiri chiqarib yuborildi, yana o‘ng minglab xorijlikka Rossiyaga kirish ta‘qiqlandi.

Muhojirlik ishlari bo‘yicha vazir Konstantin Romodanovskiy o‘tgan 2013 yil davomida Rossiyada muhojirlar soni 17 foizga qisqargani, bir necha yilga kirish ta‘qig‘ini olganlarning har uchinchisi – O‘zbekiston fuqarosi ekani to‘g‘risida Dumaga hisobot berdi.
XS
SM
MD
LG